Bog'liq Ma’ruza matni mavzu. Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asosla
Uchinchi davr – XX asr boshlaridan to O’zbekiston Respublikasining mustaqilligigacha (1917 yildan to 1991 yilga qadar) bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.
XX asr boshlarida Turkistonda eski usuldagi maktab o’z faoliyatini davom ettirgan. 1917 yil inqilobidan keyin tashkil etilgan maktablarda ikki bosqichli – 9 yillik va 7 yillik ishchi-yoshlar maktabi, o’rta hunar bilim yurtidan iborat ta’lim tizimi bo’lib, unda ayrim qonunlarning o’rganilishi bilan cheklanilgan.
Turkiston maorif komissarligi tuzgan dasturda huquqiy ta’limning asosiy maqsadi o’quvchilarni kommunizm ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
XX asr boshlarida jiddiy tus olgan jadidchilik harakatining namoyandalari milliy mustaqillik, ozodlik uchun kurashlarini ma’rifat uchun kurash bilan bog’liq holda olib borganlar.
Ilmiy tadqiqot davomida respublika davlat arxivi materiallari12 bilan tanishib chiqilganda quyidagilar aniqlandi:
Xalq maorifi vazirligining Bosh inspektori A.Kupning 1876 yil 13 yanvarida qilingan dokladiga binoan rus-tuzem maktablarida musulmon huquqining o’qitilishi man etilgan.
A.Kupning 1881 yil 27 avgust dokladiga binoan va 1881 yil 31 oktyabrdan Xalq maorifi vazirligi departamentining qaroriga binoan haftada bir yoki ikki marta Samarqand shahar bilim yurtida yevrey o’quvchilar uchun yevrey dini haqidagi qonunlar o’qitilishi joriy etilgan.
1902-1903 o’quv yilidan boshlab, haftada 2 soat “Zakona Bojiya” (Xudo qonunlari) fani kiritilib, dastur ishlab chiqilgan. Bu fanni o’qitadigan muallim “Zakonouchitelь” (Qonunshunos o’qituvchi) deb atalgan.
SHo’rolar davrida esa ishchi fakulьtetlarda “Jamiyatshunoslik” kursida yoshlar mehnati, mehnatga haq to’lash, mehnat muhofazasiga oid masalalar o’rgatila boshlangan. SHuningdek, ba’zi ishchi fakulьtetlarda davlat to’g’risida ham bilim berilgan. Samarqanddagi oliy pedagogika institutida (1927-1929 y.) III kurs o’quv rejasiga “Osnovы Sovetskogo prava” fani kiritilgan. Toshkent industrial texnikumida (1928-1929 yy.) IV kurs o’quv rejasiga “Rabochee i promыshlennoe zakonodatelьstvo” fani kiritilgan. O’zbek davlat paxtachilik-irrigatsiya institutida (1930-1931 yy.) o’quv rejasiga mehnat, suv huquqi, mehnat muhofazasi fanlari kiritilgan.
O’zbekistonda 1937 yildan boshlab maktablarda VII sinfda “SSSR Konstitutsiyasi” o’qitila boshlangan. Bu kurs bo’yicha o’qitish metodikasi ishlab chiqilgan. Oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ham “SSSR Konstitutsiyasi” o’qitilgan va imtihon bilan talabalar bilimi aniqlangan. O’rta ta’lim maktablari uchun (1937-1938 yy.) Konstitutsiyani o’qitish metodikasi yaratilgan.
O’zbekistonda yetti yillik o’rta maktablarning o’quv rejasida (1951-1952 yy.) SSSR Konstitutsiyasini o’rganish 66 soat hajmda belgilangan. O’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida ham Konstitutsiya o’rgatilgan.
1975 yil 7 yanvarda SSSR Maorif vazirining VIII sinflarda “Sovet davlati va huquqi asoslari” kursining o’qitilishi to’g’risidagi buyrug’i e’lon qilingan. Yuqori sinflarda esa “Sovet qonunchiligi asoslari” kursining o’qitilishi joriy etilgan.
Oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ham “Sovet davlati va huquqi asoslari” fani o’quv rejasiga kiritilgan 13.
Bu fanlarni o’qitishda asosan yosh avlodni huquqiy tartib va intizomga, majburiyat va burchga o’rgatishga ko’proq e’tibor berilgan. Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularning davlat tomonidan kafolatlari to’g’risidagi masalalarga kam e’tibor berilgan. O’quvchi va talabalarning mustaqil va erkin fikrlashiga yo’l qo’yilmagan.