MАЪRUZА 8. MАGISTRАL QUVURLАRIDАN FOYDАLАNISh.
REJА:
1. Magistral quvurlarning turlari
2. Magistral quvurlarning klassifikatsiyasi va kategoriyasi
3. Magistral gaz quvurining tarkibi va vazifalari
1. Magistral quvurlarning turlari
Magistral quvurlar deb, neft-gaz va neft mahsulotlarini ishlab chiqariladigan joydan ishlatilish joyigacha tashuvchi quvur bo‘limiga aytiladi.
Magistral quvurlarning ishchi bosimi 10 MPa dan yuqori bo‘lmay, ularning shartli diametrlari 1420 mm gacha bo‘ladi.
Magistral quvurlar tashiladigan mahsulotning turlariga ko‘ra: neft, gaz va neft mahsulotlari magistral quvurlariga bo‘linadi.
Magistral gaz quvuriga gazni kompleks tayyorlash qurilmalari tarkibidagi bosh kompressor stansiyasi (BKS) dan gazni taqsimlash stansiyasi (GÒS) gacha bo‘lgan oraliq kiradi.
Magistral neft quvuri bo‘limiga neftni kompleks tayyorlash qurilmalari tarkibidagi bosh nasos stansiyasi (BNS) dan neftni qayta ishlash zavodi (NQZ) gacha yoki uzatuvchi omborgacha bo‘lgan oraliq kiradi. Magistral neft mahsuloti quvurlariga NQZ dan mahsulotlarni saqlovchi omborgacha bo‘lgan oraliq kiradi.
2. Magistral quvurlarning klassifikatsiyasi va kategoriyasi
Magistral quvurlar qurilish me’yorlari va qoidalari (QMQ) 2.05.06-85 ga ko‘ra quyidagicha klassifikatsiyalanadi. Magistral gaz quvurlari ishchi bosimiga ko‘ra 2 ta sinfga bo‘linadi.
Birinchi sinf magistral gaz quvurlariga ishchi bosimi 2,5 MPa dan 10 MPa gacha bo‘lgan quvurlar kiradi; ikkinchi sinfga ishchi bosimi 1,2 MPa dan 2,5 MPa gacha bo‘lgan quvurlar kiradi.
Magistral neft va neft mahsulotlari quvurlari shartli diametrlari bo‘yicha 4 ta sinfga bo‘lingan:
1- sinfga shartli diametri 1000 mm dan katta bo‘lgan quvurlar;
2- sinfga shartli diametri 500 mm dan 1000 mm gacha bo‘lgan quvurlar;
3- sinfga shartli diametri 300 mm dan 500 mm gacha bo‘lgan quvurlar;
4- sinfga shartli diametri 300 mm dan kichik bo‘lgan quvurlar kiradi.
Magistral quvurlarning istalgan bo‘limlarini mahkamligini ta’minlash maqsadida QMQ 2.05.06-85 bo‘yicha ular quyidagi kategoriyalarga bo‘lingan.
Shartli diametri 1200 mm va undan yuqori bo‘lgan gaz quvurlari va shartli diametri 700 mm va undan yuqori bo‘lgan neft va neft mahsuloti quvurlari 3- kategoriyaga; shartli diametri 1200 mm dan kichik bo‘lgan gaz quvurlari hamda shartli diametri 700 mm dan kichik bo‘lgan neft va uning mahsuloti quvurlari 4- kategoriyaga kiradi.
3. Magistral gaz quvurining tarkibi va vazifalari
Magistral gaz quvurining tarkibiga: bosh qurilmalar tarkibidagi bosh kompressor stansiyasi (BKS); quvurning chiziqli bo‘limi elektrokimyoviy himoya (EKH) vositalari; gaz taqsimlovchi stansiyasi (GÒS); yer osti gaz ombori (YOGO); ta’mirlash ustaxonalari; yo‘llar; boshqaruv va yashash inshootlari va boshqalar kiradi (7- rasmga qarang).
Bosh qurilmalar. Bu yerda gaz jo‘natishga tayyorlanadi. Òayyorlashda gaz tarkibidagi namlik, mexanik aralashmalar, H2S, CO2 va boshqa qo‘shimchalar ajratib olinadi.
7- rasm. Magistral gaz quvuri tarkibining umumiy chizmasi: 1– gaz quduqlari; 2– bosh qurilmalar; 3– bosh kompressor stansiyasi (BKS); 4– quvurning chiziqli bo‘limi; 5– sun’iy to‘siqlar (kanal, aholi yashash punkti va h.k.); 6– oraliq KS; 7– tabiiy to‘siqlar (jarlik, daryo, ko‘l va h.k.); 8– elektrokimyoviy himoya vositalari; 9– yer osti gaz ombori; 10– GÒS; 11– iste’molchilar, L– magistral gaz quvuri uzunligi.
Magistral gaz quvurining chiziqli bo‘limi. Bunga BKS dan GÒS gacha bo‘lgan quvur uzunligi kirib, u BKS yordamida haydalgan gazni iste’molchilarga yetkazib berish uchun xizmat qiladi.
Magistral gaz quvurining sun’iy va tabiiy to‘siqlar orqali o‘tgan bo‘limi magistral gaz quvurini to‘siqlarning osti yoki ustidan o‘tkazish uchun xizmat qiladi. O‘tish bo‘limlarining konstruksiyalari to‘siqlar turiga ko‘ra: arka, to‘sin va osib qo‘yilgan ko‘rinishda bo‘ladi.
Oraliq KS. Ularning asosiy vazifalari, quvurning gidravlik qarshiliklari natijasida kamaygan gaz bosimini boshlang‘ich bosim darajasiga ko‘tarish va uni yana magistral gaz quvuriga haydashdir.
Har bir oraliq KS larida 3 ta texnologik jarayon bajariladi:
— gazni mexanik aralashmalardan tozalash;
— gaz bosimini oshirish;
— siqilgan gazni sovitish va yana quvurga haydash.
Oraliq KS lari orasidagi masofa gidravlik hisob orqali aniqlanadi.
Elektrokimyoviy himoya vositalari yer osti magistral quvurlarini tuproq, daydi toklar va bakteriyalar korroziyasidan himoya qilish uchun xizmat qiladi. Himoya vositalari sifatida turli quvvatga ega bo‘lgan katod stansiyalari, protektor va elektrodrenaj qurilmalari ishlatiladi. Katod stansiyalari va protektor qurilmalari orasidagi masofa hisoblash orqali aniqlanadi.
Yer osti gaz ombori gaz iste’molining mavsumiy notekisligining bir xilda bo‘lishini ta’minlash uchun xizmat qiladi, ya’ni bahor-yoz faslida ortiqcha gazlar yer osti gaz omboriga haydaladi, kuz-qish faslida esa yetishmaydigan gazlar miqdori yer osti gaz omboridan olinib iste’molchilarga uzatiladi.
Gaz taqsimlash stansiyasi (GÒS) quvurlar orqali oqib kelgan yuqori bosimli gazni kerakli past bosimga kamaytirib berish uchun xizmat qiladi. GÒS da gazning bosimi 3,6 va 12 atmosfera bosimigacha kamaytiriladi. Shular bilan bir qatorda gaz qo‘shimcha odorantlanib gaz tarmoqlari orqali iste’molchilarga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |