Bog'liq 1 ma\'ruza Kirish Matnshunoslik fanining predmeti va vazifalar
Adabiy tanqid, matn tanqidi, arxeografiya, germenevtika, ekzegetika so‘zlari tarix, qadimgi adabiyot, manbashunoslik kabi fanning turli tarmoqlarida qo‘llansa ham aslida bitta tushunchani anglatadi”2.
Bu haqda mashhur rus tekstologi B. V. Tomashevskiyning yozganlari quyidagicha edi: “...zamonaviy filologiyada matn tanqidi bo‘yicha ba’zi usullar sistemasi ishlab chiqildi. Ulardan bir qismi qadimiy yodgorliklarni o‘rganish tajribasidan ko‘chirildi, bir qismi yangi materialning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi. Bu filologik usullar sistemasini “matnshunoslik” so‘zi bilan belgilash qabul qilindi”3.
Rus filologiyasida “matnshunoslik” so‘zi bilan birdek “matn tanqidi” so‘z birikmasi ham qo‘llangan. Evropada hozir ham matnshunoslik “Textkritik”, ya’ni matn tanqidi deb yuritiladi. Bu o‘rinda “tanqid” so‘zining qo‘llanishiga e’tibor qaratish lozim. “Matn tanqidi” jumlasi orqali matnni manbashunoslik va matnshunoslik yo‘nalishida qiyosiy-tarixiy o‘rganish nazarda tutiladi.
A. S. Reyser ta’kidlaganidek, bir qancha yordamchi sohalar – editsiya, arxeografiya, germenevtika, ekzegetika kabilar bilan bog‘liq holda matn tadqiq etiladi. Xususan, editsiya – hujjatli va mumtoz matnlarning ilmiy nashrini amalga oshirishdir.
Matnshunoslik nashr ishlarining olib borilishi bilan rivoj topdi. O‘zbek matnshunosligining shakllanishi, rivojlanish usullari va metodlari mumtoz adabiyot namunalari nashr etilishi bilan bog‘liq.
Arxeografiya yozma manbalarni qidirib topish, ilk tavsifga olish, ilmiy muomalaga kiritishni nazarda tutadi. Kutubxona, turli fondlardagi qo‘lyozmalarning turkumlashtirilgan tavsifi, arxeografik qiyosiy tahlili manba matnini tuzishda muhim hisoblanadi. Bunday ishlar natijalari matn ustida ishlashning ravon borishini ta’minlaydi.
Germenevtika qadimgi yozma matnlar mazmunini izohlash bilan shug‘ullanadi, matnshunoslik uchun germenevtika asarning qadimda tutgan o‘rni, asar umumiy mazmuni kabi ma’lumotlarni beradi.
Ekzegetika esa diniy matnlarni filologik jihatdan tahlil etishda matnshunoslik ishlari bilan bevosita bog‘lanadi.
Matnshunoslik, eng avvalo, ikki asosiy qismga bo‘linadi: amaliy va nazariy matnshunoslik. Nazariy matnshunoslik – sohaning umumiy masalalari, matnshunoslik tarixi, matn tuzish tadqiqot usullari hamda asosiy tamoyillari kabi masalalarning jamlanmasidir. Hozirgi kunda matnshunoslik nazariy yo‘nalishini ham rivojlantirish asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Amaliy matnshunoslik – muayyan asarning muallif qalamiga yaqin eng asl matnini tuzish, sharhlar bilan nashrga tayyorlashni bajaradi. Umuman, matnshunoslikning nazariy va amaliy ishlaridan maqsad, asarning muallif nusxasiga eng yaqin matnini yaratishdan iborat.
Matnshunoslik fan yoki soha ekanligini aniqlashda turli xil qarashlar mavjudligi kuzatiladi. Ba’zi olimlar matnshunoslik filologiyaning yordamchi tarmog‘i deb hisoblasalar, boshqalari matnshunoslikni mustaqil fan sifatida e’tirof etishadi. Matnshunoslik fan yoki soha ekanligini aniqlash matnshunoslikning tarixi, amaliy va nazariy yo‘nalishlari rivojlanishi, shu kungacha erishgan natijalari va kelajagiga bo‘lgan ilmiy doiraning mulohaza yoki fikrlarini ham ko‘rsatadi.
B. V. Tomashevskiyning e’tiroficha, matnshunoslik maxsus fan emas; aniqrog‘i, fanga zarur ma’lumotlarni qo‘lga kiritadigan qandaydir ilmiy vositadir. Lekin matnshunoslik material bilan bevosita bog‘liq boshqa ilmiy metodlardek, faqat nazariy emas, balki amaliy maqsadni ham ko‘zlaydi. Bu – amaliy fan, ko‘proq amaliy filologiyada namoyon bo‘ladigan alohida tur.4 Matnshunoslikning nazariy asoslari va metodikasini umumlashtirgan D. S. Lixachev ushbu masalada quyidagicha fikr bildiradi: “Matnshunoslik – bu fandir, uning mustaqil o‘rganish predmeti asarning matni tarixidir. Agar “yordamchi fan” istilohiga eski deb qaralmasa, u holda bu sohani yordamchi filologik fan deb yuritish mumkin bo‘ladi”5.
S. A. Reyserning bu xususda xulosasi shunday: “Astronomiya dengizda sayohat qiluvchilarning amaliy qo‘llanmasidan, geometriya er o‘lchash amaliyotidan fanga aylandi. Xuddi shunday – matnshunoslik ham ko‘z o‘ngimizda nashriyot xodimlari amaliy ishlaridan o‘z tadqiqot predmetiga ega bo‘lgan filologiyaning maxsus fani sifatida shakllanib bormoqda”6.
Umuman olganda, matnshunoslikning fan yoki sohaga oid bo‘lishi haqida aniq xulosaga kelishning o‘zi munozaralidir. Ravshanki, matnshunoslik XIX asr o‘rtalarigacha to‘liq soha yoki fan sifatida shakllanmagan, u XX asr boshlariga qadar adabiy, tarixiy asarlar nashrida zaruriy bo‘lib, vazifasi ham asosan amaliyot talablari bilan cheklangan. Matnshunoslik keyingi davrlarda nazariy ishlanmasi, metodikasi va vazifalarining aniq belgilanishiga erishdi. Bu kabi ilmiy-tadqiq natijalari uning inson bilim tizimida fan sifatida tavsiflanishiga olib keldi. Lekin matnshunoslikni filologiyaning tarixiy-adabiy dissiplinasi yoki maxsus sohasi deb ta’riflash ko‘proq uning imkoniyatlarini aniq va to‘la namoyon etadi. Matnshunoslikka fan deb yondashilganda esa, boshqa sohalar bilan bog‘liq aralashuvi yuzaga keladi va matnshunoslikning o‘ziga xos xususiyatlari yaqqol ko‘rinmaydi. D. S. Lixachev ta’kidlaganidek, matnshunoslik filologiyaning sohasi bo‘lib qoladi, hatto tarixiy manbalar matnini o‘rgangan holda ham tarix fanining bir tarmog‘i sifatida talqin etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.7 YAna bir jihati, mustaqil bo‘lgan holda matnshunoslik adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi bilan uzviy bog‘lanadi va ular aslida matnshunoslik bazasini tashkil etadi.
Darhaqiqat, matnshunoslik sohasining fanlar tizimida tutgan o‘rnini aniq chegaralash biroz mushkil. Ammo mutaxassis olimlarning mazkur masalaga yondashuvlari umumlashtirilsa, yaxlit xulosaga kelishga asos etarli ekani ko‘rinadi:
matnshunoslik maxsus fan emas, ilmiy vosita (B. V. Tomashevskiy);
matnshunoslik – yordamchi filologik fan (S. Lixachev);
matnshunoslik filologiyaning maxsus fani sifatida shakllanib bormoqda (S. A. Reyser);
matnshunoslik - adabiyotshunoslikning uzviy qismi (A. Hayitmetov);
matnshunoslik - filologiya fanining adabiy, tarixiy, ilmiy asarlar hamda tarixiy hujjatlar matnini ilmiy-tanqidiy o‘rganish va nashr qilish bilan shug‘ullanuvchi sohasi (A.Habibullaev).
Demak, mutaxassis olimlarning yuqorida keltirilgan fikrlariga suyanib aytish mumkinki, matnshunoslik maxsus fan darajasiga etmagan, ammo shu yo‘nalishda shakllanayotgan soha. Bu sohaning nazariy-amaliy maqsadi - muayyan asar biografiyasini ilmiy asosda izchil o‘rganib, matn tarixini to‘la tiklash, jarayondagi umumiy va xos qonuniyatlarni aniqlash va ularni keng tadbiq uchun joriy qilish tizimini ishlab chiqishdan iborat.