Ma’ruza №23
Elektr-kimyoviy gaz analizatorlari
Elektr-kimyoviy usullardan gazlarni va bug‘larni uzluksiz tarzda avtomatik tahlil qilishda foydalaniladi. Ayniqsa bu usullar havodagi mavjud zaharli gazlarning mikrokonsentratsiyasini, toza gazlar ishlab chiqarishda ifloslantiruvchi gazlar konsentratsiyasini, shuningdek, suyuqliklarda erigan gazlar konsentratsiyasini aniqlash uchun keng qo‘llaniladi.
Elektr-kimyoviy gaz analizatorlarida biror komponentning konsentratsiyasi aniqlanayotgan komponent bilan reaksiyaga kirishgan gaz aralashmasining elektr-kimyoviy xossalarining o‘zarishiga qarab aniqlanadi. Quyida eng ko‘p tarqalgan asboblar ko‘rib chiqiladi.
Konduktometrik gaz analizatorlari gaz aralashmasining o‘lchanadigan komponentini absorbsiyalovchi yutuvchi eritmalarning elektr o‘tkazuvchanligini o‘lchashga asoslangan.
Kontaktli konduktometrik usullar shu bilan xarakterlanadiki, yutuvchi eritma o‘lchash yacheykasining elektrodlari bilan bevosita kontaktlashadi. Bu asboblar murakkab qurilmalar bo‘lishni talab qilmaydi, ko‘rsatishlarni bevosita hisoblab borishga imkon beradi, tayyorlanishi va ishlatilishi sodda.
Yutuvchi eritma sifatida, odatda, shunday eritma tanlanadiki, u tahlil qilinayotgan komponent bilan qaytmas reaksiyaga kirishadi.
Dissotsiatsiyalangan molekulalar soni kamayishi natijasida eritmaning elektr o‘tkazuvchanligi yutilgan komponent miqdoriga mutanosib ravishda kamayadi. Yutuvchi eritmalar tahlil qilinayotgan komponent bilan qaytmas reaksiyaga kirishi natijasida asbob kanalchalarining devorlarida hamda o‘lchash elektrodlarida cho‘kmalar hosil bo‘ladi, bu esa o‘lchash natijalarini xato ko‘rsatadi va komponentlarning mikrokonsentratsiyalarini aniqlashda gaz analizatorlaridan foydalanishni cheklab qo‘yadi.
Konduktometrik o‘lchashlar uchun o‘lchanayotgan komponent absorbsiyasining qaytar reaksiyalaridan ham foydalanish mumkin; ularning afzalliklari: reaksiyalarda cho‘kmalar absorbsiyalanmaydi va yutuvchi eritmalarning regeneratsiyalanish imkoni bor. Biroq, ko‘pgina hollarda bunday yutuvchi eritmalarning tanlash darajasi kam bo‘ladi.
33.7- rasmda konduktometriya prinsipida ishlaydigan gaz analizatorning sxemasi keltirilgan. Tahlil qilinadigan gaz kapillyar naycha 1 orqali o‘tadi va reaksiya boradigan idish 2 hamda chulg‘amli naycha 3 ga beriladi, u yerda aniqlanadigan komponent o‘zgarmas tezlikda berib turiladigan elektrolit eritmasi bilan absorbsiyalanadi. Shundan keyin elektrolit eritmasi bir juft elektrodlari 5 turgan o‘lchash yacheykasidan o‘tadi, gaz fazasi esa gaz analizatoridan naycha 6 orqali chiqariladi. Taqqoslash elektrodlari 7 naychada turadi, bu naycha orqali elektrolitning yangi eritmasi beriladi
Shunday qilib, gaz analizatorlarida elektrolit eritmasining elektr o‘tkazuvchanligi o‘lchanayotgan komponent absorbsiyalanguncha va absorbsiyalangandan keyin o‘lchanadi. O‘tkazuvchanlik qiymatlaridagi farqlar aniqlanadigan komponentning ikkilamchi asbob 8 yordamida o‘lchanadigan konsentratsiyasiga mutanosib bo‘ladi. Elektroliz vaqtida cho‘kmalar hosil bo‘lishining oldini olish uchun yacheyka elektrodlariga o‘zgaruvchan kuchlanish beriladi, keyin bu kuchlanish to‘g‘rilanadi.
Elektr o‘tkazuvchanlikni o‘lchashga asoslangan gaz analizatoridan O2, CO2, H2S, SO2, NH3, suv bug‘i va boshqa komponentlarni tahlil qilishda foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |