O`rganuv o`qish. O`qishning bu turi yuqori sinflarda qo`llangani ma’qul. O`quvchi matn mazmunidagi barcha tafsilotlarni o`rganadi. Tushunish darajasi 100
ga yetkaziladi. Sekin va ayrim joylarni takror o`qish mumkin. Avval sinfda, so`ngra uyda o`qish taklif qilinadi.
Tushunganlikni tekshirish usullaridan biri tarjimadan foydalanishdir. Odatda matnning murakkab qismi yoki to`lig‘icha ona tiliga yozma shaklda o`giriladi. Matn hajmi nisbatan katta bo`lmaydi. Matn qamrovidagi axborot sinchiklab o`rganiladi. Shuning uchun ham ushbu matnni tanishuv o`qishdan boshlab, ya’ni umumiy mazmunni tushunib, keyin diqqat bilan uni ichda o`qish ma’qul ko`riladi.
Xullas, o`rganuv o`qish turini bajargan o`quvchi to`liq va aniq axborotga ega bo`lishi va o`rgangan mazmunga o`z munosabatini bildirishi, taqidiy fikrlashi, izohlay olishi, bilgan narsalari bilan qiyoslay olishi lozim. Matn tafsilotlarini aniqlash maqsadida unga yana bir karra ko`z yugurtirib chiqish mumkin. Demak, matn uch marta o`qilganday tuyuladi: tanishuv, o`rganuv va qayta izlanish tarzida o`qilyapti, biroq yetakchi vazifa o`rganuv o`qish turidir, qolgan ikki turga ham qo`shimcha o`quv vazifasi yuklanadi.
Kuzatuv o`qish. Matnni o`qishga kirishgan talaba oladigan axborotdan qay yo`sinda hayotda foydalanishni xayoliga ham keltirmaydi. Biroq ayni chog‘da mazmunni payqar ekan, o`zicha unga «kerak—nokerak», «qiziq—noqiziq» qabilida baho berib boradi. Keraksiz va qiziqarli emasligiga ishonch hosil qilsa, o`qishni to`xtatadi qo`yadi.
O`qish jarayonida kuzatuv har xil kechadi: o`qilayotgan material qaysi sohaga daxldorligini aniqlash uchun sarlavha va kichik sarlavhalarni ko`zdan kechirishdan boshlab, to`liq, lekin tezlikda o`qib chiqishgacha bo`lgan ish turi bajariladi. Ilmiy-metodik ma’lumotlarga ko`ra bunday to`liq o`qilganda, axborotning yarmigacha tushunish hollari uchraydi. Kuzatuv vaqti bir sahifa uchun 1—1,5 daqiqa qilib belgilanadi.
Kuzatuv o`qishda til materiali tanish bo`lishi, o`quvchi faqat matndan muayyan mavzuni qidirishi talab etiladi. Bayon etilganlarga qisqacha yakun yasab aytish mumkinki: tanishuv o`qishda tez va yuzaki axborot olinadi, unga, shartli qilib, yuzaki o`qish degan qarash mavjud; o`rganuv o`qishda chuqur, mufassal axborot to`planadi, uni «mutolaa» deyish ma’qul; kuzatuv o`qishda esa matnning asosiy g‘oyasi o`rganiladi, uni mushohadali o`qish desa bo`ladi.
Amaliyotda qo`llanayotgan uchala o`qish turi ta’lim bosqichlari uchun mana bunday tartibda tavsiya etiladi: boshlang‘ich davrda—tanishuv o`qish, bir maromda diqqat bilan o`qish; o`rta bosqichda — o`rganuv o`qish va tanishuv o`qish; yuqori sinflarda esa kuzatuv o`qish, tanishuv va o`rganuv o`qish.
O`qishning texnikaviy tomonini o`rgatish o`qilgan materialning mazmun
tarafini egallash uchun zamin tayyorlaydi. O`qish texnikasi6 tushunchasi qamroviga quyidagi aqliy operatsiyalar kiradi: 1) harflar va harf birikmalarini ko`ruv analizatori yordamida tanib olish; 2) harflar va ularning birikmalarini tanib olish orqali ularni ifodalovchi tovushlar bilan aloqasini o`rnatish; 3) grammatik belgilarni tanib olish, so`zning grammatik shakllarini fikran belgilash va ularni grammatik struktura
maqomida birlashtirish; 4) gapdagi yordamchi so`zlarni tanib olish, ma’lum mustaqil so`zlarga ularning daxldorligini payqash va ularni muayyan strukturalarga fikran birlashtirish; 5) o`rganilgan mustaqil so`zlar ma’nolarini fahmlash; 6) notanish yasama va qo`shma so`zlarning morfemalarini tanib olish va ularni yaxlit so`zlar tarzida payqash; 7) grammatik belgilariga ko`ra so`zlarni sintagmatik guruhlarga fikran biriktirish; 8) grammatik belgilarga tayanib, reseptiv ravishda gapning tuzilishini yaxlit tasavvur qilish; 9) grafik ifodalangan jumlaning ohangi (intonatsiyasi) va urg‘ulari (aksentuatsiya)ni nutqiy jarayonda idrok qilish.
Mazkur operatsiyalar amaliyoti chog‘ida o`qilayotgan material mazmuni ham, albatta, e’tiborda bo`ladi, chunki o`qish texnikasini egallash o`qilmish matndan axborot olishga yo`naltiriladi.
O`qish texnikasi tushunchasi odatda ovoz chiqarib o`qish bilan fikran bog‘lanadi.
Aslida esa ichda o`qiganda ham o`qish texnikasi o`rganiladi.
O`qish texnikasini o`rgatishga kirishayotgan paytda muallim jahon metodikasida jamlangan ilmiy-amaliy mulohazalarni o`zlashtirgan bo`lishi va o`z faoliyatida ulardan o`rinli va unumli foydalanishi foydadan holi emas.
Ilmiy manbalarda tavsiya etiladigan va maktab tajribasida qo`llanadigan mashqlar turli jihatdan tasnif etilishi mumkin: (1) matn bilan ishlash bosqichlari; (2)
o`qish turlari; (3) o`qish texnikasi va mazmuni bilan bog‘liq mashqlar.
6Айрим психолог ва методистлар таъбирида «ўқиш механизми» атамаси қўлланади.
Birinchi tasnifga ko`ra leksik-grammatik birliklarni o`zlashtirish mashqlarini bajarish tayyorlov bosqichiga kiradi.
Matnni o`qish bosqichida esa quyidagi mashqlar bajariladi: 1. Matn mazmuni bilan tanishish. 2. Matn abzasini gapma-gap o`qish. 3. Keyingi abzasdagi hikoya qiluvchining grammatik shaxsini o`zgartirib o`qish. 4. Navbatdagi abzasning fe’l zamonini o`zgartirib o`qish. 5. Muallim matnga mos tushmaydigan jumla aytadi, o`quvchi matndan to`g‘risini topib o`qiydi. 6. Matn mazmunini navbatma-navbat aytish. 7. Matn mazmuni yuzasidan o`quvchilar bir-birlari bilan savol-javob qiladilar. 8. Matn mazmunini reja asosida gapirib beradilar va hkz.
Matn ustida ishlashning uchinchi bosqichida o`ziga xos mashqlar bajariladi: 1. Yakkanutq yoki juftnutqda ushbu matn va oldin o`tilgan materiallardan foydalanib gapirish mashq qilinadi. 2. Yangi O`NV bo`yicha matndan foydalanib gapirish. 3. Juftnutq mashqlarini bajarish. Matn xususiyatiga ko`ra tushunganlikni tekshirish mashqlari (og‘zaki va yozma) bajariladi.
Ikkinchi tasnifga binoan o`quvchilar tanishuv, o`rganuv va kuzatuv o`qishga oid mashqlar bajarishadi.
Tanishuv o`qish mashqlariga quyidagilar kiradi: 1. Matnning umumiy mazmunini tushunib savollarga javob berish. 2. Muallim matndagi ayrim axborotni ataylab o`zgartirib aytadi, o`quvchilar matndan to`g‘ri ma’lumotni aytib beradi. 3. Matndan oldingi savollarga javob topish. 4. Muallim fikrini isbotlovchi dalillarni matndan topib aytish va hkz.
Mutolaa (o`rganuv o`qish) davrida matn mazmunini batafsil tushunishga qaratilgan mashqlar bajariladi: 1. Tekstni ko`z yugurtirib o`qib chiqish. 2. Diqqat bilan mutolaa qilish. 3. Tushunganlikni tekshirish uchun matnning ayrim joylarini yoki to`liq yozma tarjima qilish. 4. Savol-javob mashqini bajarish va hkz.
Kuzatuv o`qish chog‘ida boshqa turlardagi o`qishga qo`shimcha quyidagi mashqlar tavsiya qilinadi: 1) uch-to`rt daqiqa mobaynida matnda nima haqida gap borishini aniqlash; 2) matndan falon narsa haqidagi joylarni topib o`qish; 3) gazetadan falon maqolani topib o`qish va hkz.
Uchinchi tasnif bo`yicha o`qish mashqlari ikki toifada bajariladi: (1) til materialini, boshqacha aytganda, nutqiy faoliyat ko`rsatish vositalarini o`zlashtirishga va (2) matndagi axborotni fahmlash usullarini egallashga mo`ljallangan mashqlar.
Til hodisalarini o`qish jarayonida o`rganish mashqlar: 1) so`zni yozish (ko`ruv timsolini hosil qilish) va o`qish; 2) orfografik belgiga binoan so`zlarni guruhlab o`qish; 3) harfi tushirib qoldirilgan so`zlarni to`ldirib yozish va o`qish; 4) diktantlar yozish va o`qish; 5) muayyan harfni o`z ichiga olgan qator so`zlarni o`qish; 6) falon tovushli so`zlarni o`qish; 7) qisqa va cho`ziq unli ishtirokidagi so`zlarni o`qish; 8) qiyoslangan so`zlar ustunini o`qish; 9) bir qoidaga rioya qiladigan tanish va notanish so`zlarni o`qish; 10) so`z birikmalarnni o`qish; 10) so`z birikmalarini o`qish; 11) gaplarni o`qish; 12) mikrotekstni o`qish va hkz.
Grafemalar (harf va harf birikmalari)ni, so`z, so`z birikmalari, gap, mikrotekstni sinf doskasidan, daftar yoki kitobdan va tarqatma materialdan o`qish mumkin.
O`qishdan axborot olish mashqlari: 1) matnning falon tarafini ajratish (asosiy g‘oyasini, biron tafsilotini, muayyan faktni topib o`qish); 2) falon masalalarni yoritadigan o`rinlarni topish; 3) voqealar (qahramonlar) orasidagi bog‘lanishni ochish maqsadida o`qish; 4) mavzuning ibtidosi va intihosini aniqlash uchun o`qish; 5) o`qilgan joyini sharhlash; 6) yashirin mazmun podtekstni fahmlash va boshqalar.
Tegishli so`zlarni topish, fe’l zamonini aniqlash, tayanch jumlalarni belgilash, so`z va jumlalarni almashtirish, bir necha jumlani biriktirish singari til materialiga doir mashqlar xam bajariladi.
Nutqiy mashqlarda ashyoviy ko`rgazmalilik, syujetli rasmlar flanelegraf kabilardan keng foydalanish mumkin.
Xullas, o`qishni o`rgatishda lisoniy (leksik, grammatik, talaffuzga oid) ko`nikmalarni hosil qilish mashqlari va nutq malakalari (o`qish, tinglash, gapirish, yozuv)ni o`stirish mashqlari bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |