Bilib oling. Inkor bog’lovchisi bog’langan qo’shma gap qismlarini bog’lash bilan birga ularda ifodalangan harakat-holat yoki belgining inkorini ham bildiradi. Shuning uchun bunday bog’langan qo’shma gaplarda kesimlar bo’lishli shakldagi fe’llar yoki bor, mavjud kabi so’zlar orqali ifodalansa-da, mazmun inkor tarzida anglashiladi. Yozuvda takror qo’llanayotgan bog’lovchidan oldin vergul qo’yiladi.
Inkor bog’lovchisi yordamida bog’langan qo’shma gaplarga misollar:
1. Na baqirganingni birov eshitadi, na yordam ber deb chaqirganingni o’zing eshitasan.(Ulug’bek Hamdam) 2. Bu hovlida yolg’iz turish noqulay bo’lmasmikan degan andishani na kanizak xayoliga keltirar edi, na Sidiqjon. (Abdulla Qahhor) 3. Na so’zlarida ma’no bor, na ishlarida hayo bor. (Oybek) 4. Na bironta odamning sharpasi ko’rindi, na bir shitirlagan tovush eshitildi. (O’.Umarbekov)
BO'LSA, ESA SO'ZLARI YORDAMIDA
BOG'LANGAN QO'SHMA GAPLAR
1-topshiriq. Ko'chiring. Qo'shma gaplarni qismlarga ajrating. Bo'lsa, esa so'zlarining vazifasini aniqlang.
1. Rejadagi zarur ishlarni amalga oshirishga vaqt yetkaza olmayapman, sen bo'lsa faqat dam olaylik deysan. ("Gulxan") 2. U kim bo'lsa bo'lsin, men esa arxitektor bo'laman. ("G'uncha")
2-topshiriq. Bo'lsa, esa so'zlari qanday ma'no munosabatini bildirayotganini ayting.
Bilib oling. Bo'lsa, esa so'zlari boglangan qo'shma gap qismlarini bog'lash bilan birga, ular o'rtasida qiyoslash va zidlash munosabati mavjudligini ifodalaydi. Bo'lsa, esa so'zlari qiyoslanuvchi bo'lakdan so'ng keladi.
1. Tovus o'zining chiroyli patlarini ehtiyot qiladi, vijdonli odam esa o'zining sharaf-u shonini saqlaydi. 2. Egrilik insonni qabohatga yetaklaydi, to'g'rilik bo'lsa uni saodatga boshlaydi. 3. Yaxshilik qilmoqlik ulug' fazilatdir, Buning qadriga yetmaslik esa illatdir. 4. Oy tunda kerak, aql esa kunda kerak. 5. To'g'ri til tosh yoradi, egri til esa bosh yoradi. 6. Yaxshidan bog' qoladi, yomondan esa dog' qoladi. 6. Jahl - dushman, aql esa do'stdir. 7. Dono aybni o'zidan axtaradi, ahmoq bo'lsa do'stini ayblaydi. 8. Aql ko'pga yetkazadi, hunar bo'lsa insonni ko'kka ko'taradi. 9. Rostgo'ylik odamni kamolotga yetaklaydi, yolg'onchilik esa uni halokatga olib boradi. 10. So'zning yumshog'i g'azabni so'ndiradi, so'zning qattig'i esa odamni o'ldiradi.
Nuqtalar o'rniga qavs ichida berilgan so'zlardan mosini qo'yib ko'chiring. Bu so'zlarning gapdagi vazifasini ayting.
1. Siz uni tartibga chaqirib qo'ying, (bo'lsa, bo'lmasa, esa) ustidan arz qilaman. (A.Qahhor) 2. Ulug' Navoiy o'zigacha yashagan va o'ziga zamondosh bo'lgan shoirlarning baytlarini yig'ib "Majolis un-nafois" asarini tuzgan holda, avlodlar mulkiga aylantirdi, buyuk Sa'diy Sheroziy (bo'lmasa, bo'lsa, esa) xalq donishmandligining nodir namunalariga o'z iste'dodi shu'lasi bilan sayqal berib, "Guliston" va "Bo'ston"larni yaratdi. (E.Vohidov) 3. Aql - eskirmas kiyim, bilim (bo'lmasa, esa, bo'lsa) tuganmas buloqdir. 4. Yaxshi yaxshiga yondashtiradi, yomon (bo'lsa, -esa, bo'lmasa) yo'ldan adashtiradi. (Maqol) 5. Yaxshilik obro' keltiradi, yomonlik (bo'lmasa, esa, bo'lsa) zulmatga olib boradi. (Maqol)
Do'stlaringiz bilan baham: |