MAVZU: BOBORAHIM MASHRAB HAYOTI VA IJODI.
R E J A:
Shoirning hayot yo'li.
Mashrabning ijodiy merosi.
Shoirning hayot yo'li. Boborahim Valibobo o'g'li Mashrab Namanganda kosib oilasida tug'ildi. Manbalarda uning tavallud sanasi turlicha ko'rsatilgan. Aksariyat kitoblarda 1640, ba'zilarida 1657 yoki 1653-yil deb qayd etiladi. Keyingi tadqiqotlar shoirning 1653-yilda tug'ilgani haqiqatga yaqinligini ko'rsatmoqda. Shoirning hayot yo'li ma'lum darajada xalq kitobi bo'lmish "Qissai Mashrab"da, Bog’istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarida va bir qator tarixiy asarlarda bayon etilgan.
Boborahim otasidan erta etim qoladi. U maktab ta’limini namanganlik taqvodor muallim qo’lida oldi. Mashrab yoshligidanoq majnuntabiat, qalandarvash,so’fisurat qiyofa kasb etib boradi. Uning g’ayritabiiy odatlari, so’zlari yurgan yo’lida aytadigan bayt-y g’azallari ota-onasi va haloyiqni hayron qoldiradi. “Qissayi Mashrab”da quyidagicha hikoya qilinadi: “ Ustozlari aytdilar: “Ey o’g’lim, Bismillohir rahmoni rahim, “Alif” deng!” Shoh Mashrab “Alif ” dedilar. Ustozlari “Be” deng, dedilar…Mashrab aytdilar: “… “Be ” demasmen. “Alif”ni ma’nosi birdir. Mundan o’tmak xatodur ”. U “Alif”ning birligida Ollohning yagonaligini ko’radi. “Be” harfi ikki raqamini bildiradi. Yosh Mashrabga Ollohni ikkilantirish,shirk keltirish, uni sherikdor qilishdek tuyuladi.
Onasi ne orzu- havaslar bilan unga yangi liboslar kiygizsa, Mashrab duch kelgan ojiza bechoralarga kiyimlarini yechib berar, o’zi yalang’och yurar edi. Ota- onasi buning sababini so’raganlarida u “men onadan libos bilan tug’ilmaganman, yalang’och yuraveraman” qabilida javob berardi. 15 yoshga yetganida qayerda go’riston bo’lsa, ziyorat qilib, odamlarning suyaklarini ko’rib: “Ey odamzot, oxir o’lib boshingga tushadurgon ish budir”, deya yig’lab yurar edi. Inson oxiratini idrok etish, dunyo moliga va vafosiga e’tiqod qo’ymaslik kabi bu amallar yosh Mashrab vujudidagi mavjud avliyolik xislatlaridan dalolat berardi.
Mashrabni ota-onasi o’sha davrdagi taqvodor pir-u murshidlardan biri – mullo Bozor oxundga uchrashtiradilar. Mashrab Tangri taoloning muhabbati yo’lida o’rtangan chinakam oshiq ekanligini birinchi bo’lib mullo Bozor oxund payqaydi va darveshtabiat shoirning qismat tilsimi Qashqardagi Ofoq xoja qo’lida yechilishini ham bashorat qiladi. “… Mashrabning ruxsat kunandasi Qashqardadur. Ishi anda tamom bo’lur.”
Mashrabda ham Ofoq xojaga g’oyibona ixlos va muhabbat paydo bo’ladi . Uni izlab Qoshqarga boradi, ostonasida xokipo bo’lib, unga qo’l berib, murid tutinadi. “Qissai Mashrab”da yozilishicha Hazrati Ofoq Xo’ja Mashrabdan Hofiz Sheroziyning g’azalalaridan bir bayt o’qib berishni so’raydi.
Ofoq xoja dargohida Mashrab yetti yil xizmat qildi. Bu yeti yilni u bitta po’stin kiyib o’tkazdi. Yozda uning charmini kiysa, qishda yungini kiyar edi. Muridlik burchi va Tangri muhabbatiga erishih shunday riyozat chekishni taqozo etardi. U yerda ham yetti yil tasavvuf sirlarini o'rganib, qalbi musaffo buloqdek tozarib, o'z davrining mashhur karomatgo'y avliyo darajasiga yetadi. U bizning yurtlarda keng tarqalgan naqshbandlik tariqatining tarmog'i bo'lmish qalandarlik suluki (yo'li)ni tutadi.
Qalandarlar uzlatnishin hayot kechirib, oila qurmaganlar hamda bir joyda muqim yashamay, shahar, qishloq, dasht-u sahrolarni kezib, umrining aksariyat qismmi safarda о'tkazganlar. Shuning uchun shoir bir g'azalida "Riyozatsiz bo'lay desang, tanim ozod yuray desang, Jahonni sayr etay desang, qalandar bo'l, qalandar bo'l" deb yozgan edi. Xalq orasida shoirni “qalandarlar shohi” deb atash rasm bo'lgan. Uning "Shoh Mashrab" deyilishi ham shundan. Qalandarlik maslagini mahkam tutgan Mashrab 1691-yili do'sti Pirmat Setoriy bilan safarga jo'naydi va bu qalandarona kezish yigirma yil — shoir hayotining so'nggi damlarigacha davom etadi.
1711-yilda Qunduzda Balx hokimi Mahmud Qatag'on buyrug'i bilan qatl etiladi. Boshiga tushajak Yaratganning bu taqdirini Mashrab avliyolik karomati ila oldindan bilgan edi. Shuning uchun ham bu voqeadan ancha yillar ilgari bir g'azalida shunday yozgan ekan:
Qonimni to'kar emish Balx shahrida Mahmudxon,
Taqdiri azal bo'lsa, naylay, anga bermay jon.
Shoir o'limidan so'ng uning boshqa bir qilgan bashorati ham yuz beradi: qatldan bir necha kun o'tgach, Mashrabni dorga buyurgan hukmdorning o'zi ham fojeali o'lim topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |