II. NAQD PULLARNI QABUL QILISH VA TOPSHIRISH
HAMDA KASSA HUJJATLARINI
RASMIYLASHTIRISH TARTIBI
11. To’lov uchun pul biletlari va tangalarni qabul qilayotganda korxona kassirlari O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1994 yil namunasidagi SO’Mning to’lov alomatlarini belgilash qoidalariga amal qilishlari shart (1-ilova)
Tashkilotlar kassalari tomonidan naqd pullarni qabul qilish bosh buxgalter yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan kirim kassa orderlari bo’yicha amalga oshiriladi.
Pul qabul qilinayotganda bosh buxgalter yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan, kassir muhri (shtampi) yoki kassa apparatining izi bilan tasdiqlangan kvitansiya beriladi.
12. Tashkilotlar kassasidan boshqa tashkilotlar ehtiyojlari uchun naqd pul berilishi man etiladi.
13. Tashkilotlar kassasidan naqd pul berilishi chiqim kassa orderlari yoki tegishlicha rasmiylashtirilgan boshqa hujjatlar (to’lov qaydnomalari, pul berish bo’yicha arizalar, hisobvaraqlar va hokazolar) bo’yicha, ushbu hujjatlarga chiqim kassa orderining rekvizitlari bo’lgan shtamp qo’yilgan holda, amalga oshiriladi. Pul berishga doir hujjatlar tashkilot rahbari va bosh buxgalteri yoki ular vakolat bergan shaxslar tomonidan imzolangan bo’lishi kerak.
Chiqim kassa orderlariga ilova qilinadigan hujjatlar, arizalar, hisobvaraqlar va hokazolarda tashkilot rahbarining ijozat beruvchi yozuvi bo’lgan taqdirda, chiqim kassa orderlarida rahbarning imzosi bo’lishi shart emas.
Byudjet muassasalariga xizmat ko’rsatadigan markaz lashtirilgan buxgalteriyalarda berilgan ish haqining umumiy summasiga bitta chiqim kassa orderi tuziladi, uning sanasi va raqami har bir to’lov (hisob-kitob-to’lov) qaydnomasiga qo’yiladi.
Tayyorlov tashkilotlari qishloq xo’jaligi mahsulotlarini topshiruvchilarga naqd pul berilishini ish kunining tugaganidan keyin, kun davomida tayyorlov kvitansiyalari bo’yicha berilgan barcha pullar summalariga umumiy chiqim kassa orderini tuzish orqali amalga oshirishlari mumkin. (AV 31.07.2000 y. 565-3-son bilan ro’yxatga olingan 3-son O’zgartish va qo’shimchalar tahriridagi xatboshi)
14. Chiqim kassa orderi yoki uning o’rnini bosadigan hujjat bo’yicha alohida shaxsga pul berish paytida kassir oluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjat* ko’rsatishni talab etadi, hujjatning nomi va raqamini, kim tomonidan va qachon berilganini yozib oladi va oluvchidan tilxat oladi. Agar chiqim kassa orderi yoki uning o’rnini bosadigan hujjat pul olish uchun bir necha shaxs nomiga tuzilgan bo’lsa, oluvchilar ham ular shaxsini tasdiqlaydigan ko’rsatilgan hujjatlarni ko’rsatadilar va to’lov hujjatlarining tegishli ustuniga imzo chekadilar.
Tashkilotda pul berilishi mazkur tashkilot tomonidan berilgan guvohnoma bo’yicha, unda egasining surati va shaxsiy imzosi bo’lgan holda, amalga oshirilishi mumkin.
Pul olishga doir tilxat faqat siyoh yoki sharikli ruchka pastasida o’z qo’li bilan yozgan holda, olingan summani: ______ so’mni _______ yozuv bilan,______ tiyinni ________ raqam bilan ko’rsatib amalga oshirilishi mumkin. Qaydnoma bo’yicha pul olinayotganida summa yozuv bilan ko’rsatilmaydi.
15. Tashkilotning ro’yxat tarkibida bo’lmagan shaxslarga pul berilishi har bir shaxsga alohida yoziladigan chiqim kassa orderlari bo’yicha yoki tuzilgan shartnomalar asosida alohida qaydnoma bo’yicha amalga oshiriladi.
Qishloq xo’jalik va yuk ortish-tushirish ishlariga, shuningdek, tabiiy ofatlarni tugatish uchun jalb etiladigan shaxslarga pul berilishi qaydnoma bo’yicha amalga oshirilishi mumkin. Qaydnomalar xodimlari ko’rsatilgan ishlarga yuborilgan har bir tashkilot bo’yicha alohida tuziladi va ishlar tashkilotchisi bo’lgan tashkilotning rahbari va bosh buxgalteri imzosidan tashqari tegishli tashkilotning vakolat berilgan shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.
Kassir pulni faqat chiqim kassa orderida yoki ishonchnomada ko’rsatilgan shaxsga beradi. Agar pul berilishi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo’yicha amalga oshirilsa, order matnida pul oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismidan keyin buxgalteriya tomonidan pul olish ishonilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi ko’rsatiladi. Agar pul qaydnoma bo’yicha berilsa, pul olishda tilxat oldiga kassir "Ishonchnoma bo’yicha" deb yozib qo’yadi. Pulni ishonchnoma bo’yicha berish 14-bandda nazarda tutilgan talablarga muvofiq amalga oshiriladi. Ishonchnoma kassirda qoladi va chiqim orderi yoki qaydnomaga tirkab qo’yiladi.
16. Ish haqi vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari, stipendiya, pensiya va mukofotlarni kassir to’lov (hisob-kitob-to’lov) qaydnomalari bo’yicha amalga oshiradi, bunda har bir pul oluvchiga chiqim kassa orderi tuzilmaydi.
To’lov (hisob-kitob-to’lov) qaydnomasining titul varag’ida (sarvarag’ida) korxona rahbari va bosh buxgalterining yoki ular vakolat bergan shaxslarning imzolari bilan pul berishga ruxsat berish to’g’risida yozib qo’yiladi, bunda pul berish muddatlari va summa yozuv bilan ko’rsatiladi.
Mehnat haqini to’lash uchun pulni bir galgi berishlarda (ta’tilga chiqish, kasal bo’lish va hokazo holatlarda), shuningdek, deponentdagi summalarni va bir necha shaxsga xizmat safarlari bilan bog’liq xarajatlarga hisobot berish sharti bilan pul berilganda ham ularni shunday tartibda rasmiylashtirish mumkin.
Alohida shaxslarga mehnat haqini to’lash uchun pul bir galgi berilganda, odatda, chiqim kassa orderlaridan foydalaniladi.
17. Ish haqi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari, stipendiya, pensiya va mukofotlarni to’lashning 8-bandida belgilangan muddatlari tugashi bilan kassir:
a) to’lov qaydnomasida ish haqi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari, stipendiya, pensiya yoki mukofotlar to’lanmagan shaxslar familiyasi to’g’risiga shtamp qo’yishi yoki qo’lda "Deponentlangan" deb belgi qo’yishi;
b) deponentlangan summalar reyestrini tuzishi;
v) qaydnoma oxirida haqiqatda to’langan summa va ish haqi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari, stipendiya, pensiya yoki mukofotlarni to’lashning olinmagan, deponentlanishi kerak bo’lgan summasi to’g’risida yozib qo’yishi, ushbu summalarni to’lov qaydnomasi bo’yicha umumiy yakun bilan solishtirishi va yozuvni o’z imzosi bilan tasdiqlashi kerak. Agar pulni kassir emas, balki boshqa shaxs bergan bo’lsa, qaydnomaga qo’shimcha ravishda "Pulni qaydnoma bo’yicha berdi (imzo)" deb yozib qo’yiladi. Pulni kassir va tarqatuvchi bitta qaydnoma bo’yicha berishi man etiladi;
g) kassir kassa daftariga haqiqatda to’langan summani yozishi va qaydnomaga " -son chiqim kassa orderi" shtampini qo’yishi shart.
Buxgalteriya kassirlar tomonidan to’lov qaydnomalariga qilingan belgilarni tekshiradi va ular bo’yicha berilgan hamda deponentlangan summalarni hisoblaydi.
Deponentlangan summalar bank muassasasiga topshiriladi va topshirilgan summalarga bitta umumiy chiqim kassa orderi tuziladi.
18. Kirim kassa orderlari va ularga doir kvitansiyalar, shuningdek, chiqim kassa orderlari va ular o’rnini bosuvchi hujjatlar buxgalteriya tomonidan siyoh yoki sharikli ruchka pastasida aniq va ravshan yozilishi yoxud yozuv hisoblash mashinkasida bajarilishi kerak. Ushbu hujjatlarda, hatto eslatib o’tish bilan ham, hech qanday o’chirib yozish, o’chirish yoki tuzatishlarga yo’l qo’yilmaydi.
Kirim va chiqim kassa orderlarida ularni tuzish uchun asos ko’rsatiladi va ularga ilova qilinadigan hujjatlar sanaladi.
Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ularning o’rnini bosuvchi hujjatlarni pul topshiradigan yoki oladigan shaxslar qo’liga berish man etiladi.
Kassa orderlari bo’yicha pul qabul qilish va topshirish faqat ular tuzilgan kunda amalga oshirilishi mumkin.
19. Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ularning o’rnini bosuvchi hujjatlarni olganda kassir:
a) hujjatlarda korxona bosh buxgalteri imzosining, chiqim kassa orderida yoki uning o’rnini bosuvchi hujjatda korxona rahbari yoxud u vakolat bergan shaxslar ijozat beruvchi imzosining mavjudligi va haqiqiyligini;
b) hujjatlar to’g’ri rasmiylashtirilganini;
v) hujjatlarda sanalgan ilovalarning mavjudligini tekshirishi shart.
Ana shu talablarning aqalli birortasiga rioya etilmagan taqdirda kassir tegishlicha rasmiylashtirish uchun hujjatlarni buxgalteriyaga qaytaradi.
Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ularning o’rnini bosuvchi hujjatlar ular bo’yicha pul olinganidan yoki berilganidan so’ng darhol kassir tomonidan imzolanadi, ularga ilova qilingan hujjatlarga esa sana (kun, oy, yil) ko’rsatilgan holda "To’langan" shtampi qo’yiladi yoki so’z bilan yozib qo’yiladi.
20. Kirim va chiqim kassa orderlari yoki ular o’rnini bosuvchi hujjatlar kassaga topshirilganiga qadar buxgalteriya tomonidan kirim va chiqim kassa orderlarini ro’yxatga olish jurnalida qayd etiladi. Ish haqini berish to’lov (hisob-kitob-to’lov) qaydnomalarida rasmiylashtirilgan chiqim kassa orderlari ish haqi berilgandan keyin ro’yxatga olinadi.
Kirim va chiqim kassa hujjatlarini hisoblash texnikasi vositalarini qo’llagan holda ro’yxatga olish mumkin. Bunda tegishli kun uchun tuziladigan "Kirim va chiqim kassa orderlarini ro’yxatga olish jurnalining suqma varag’i" mashinogrammasida maqsadli vazifa bo’yicha pul mablag’larining harakatini hisobga olish uchun ma’lumotlarni shakllantirish ham ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |