I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslar o’z pul mablag’larini bank muassasalarida saqlashlari shart.
AV 14.12.1999 y. 565-2-son bilan ro’yxatga olingan 2-son Qo’shimchalarga muvofiq ikkinchi xatboshi o’z kuchini yo’qotgan
Mazkur Qoidalarning amal qilishi bank muassasalariga tatbiq etilmaydi.
2. Yuridik shaxslar o’rtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek, fuqarolar ishtirokidagi, ularning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari bilan bog’liq hisob-kitoblar naqdsiz tartibda bank muassasalari orqali amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. (AV 31.07.2000 y. 565-3-son bilan ro’yxatga olingan 3-son O’zgartish va qo’shimchalar tahriridagi band)
3. Bank muassasalaridan tashkilotlar olgan naqd pullar ular qanday maqsad bilan olingan bo’lsa, o’sha maqsad uchungina sarflanadi.
4. Tashkilotlar o’z kassasida kassadagi naqd pullar qoldig’i limitlari doirasida naqd pullarga ega bo’lishlari va me’yorlar doirasida tushumdan ularni ishlatishlari mumkin. Kassalardagi naqd pullar qoldig’i limitlari va tushumni ishlatish me’yorlarini bank muassasalari ushbu tashkilotlar rahbarlari bilan kelishgan holda belgilaydi, Markaziy bank tomonidan belgilangan me’yoriy hujjatlarga rioya qilgan holda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Davlat bojxona qo’mitasi organlari bundan mustasno.
Zaruriyat tug’ilganda ko’rsatilgan limitlar qayta ko’rib chiqilishi mumkin. (AV 14.12.1999 y. 565-2-son bilan ro’yxatga olingan 2-son Qo’shimchalar tahriridagi band)
5. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar savdo va maishiy xizmatlar sohasi tashkilotlarining tushumdan ish haqi, pensiya va nafaqalar to’lashga foydalanishlari man etiladi.
6. Kelib tushgan tushum pullarini sarflash huquqi bu narsa Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan nazarda tutilgan tashkilotlarga beriladi.
7. Kassada naqd pullar qoldig’ining belgilangan limitlaridan ortiqcha bo’lgan barcha naqd pulni tashkilotlar bank muassasasi bilan kelishilgan tartib va muddatlarda hisobvaraqlarga yozish uchun topshirishlari shart.
Naqd pullar:
a) bank muassasalarining kunduzgi va kechki kassalariga;
b) keyin bank muassasalariga topshirish uchun inkassatorlarga;
v) keyin bank muassasalariga topshirish uchun tashkilotlar qoshidagi birlashgan kassalarga;
g) bank muassasalaridagi hisobvaraqlarga o’tkazish uchun aloqa korxonalariga topshirilishi mumkin.
8. Tashkilotlar o’z kassalarida ular tomonidan belgilangan limitlardan ortiqcha naqd pulni ish haqi, mukofotlar, ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqalar, stipendiyalar, pensiyalarni to’lash uchun va bank muassasasida pul olingan kunni hisoblaganda, faqat 3 ish kunidan oshmagan muddatga (bank muassasalaridan ancha olisda joylashgan tashkilotlar uchun - 5 ish kunigacha) saqlash huquqiga egalar.
Tayyorlov tashkilotlari uchun kassa limitiga bankdan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini topshiruvchilar bilan naqd pulda hisob-kitob qilishlar uchun olingan summalar kiritilmaydi. (AV 31.07.2000 y. 565-3-son bilan ro’yxatga olingan 3- son O’zgartish va qo’shimchalar tahriridagi xatboshi)
9. Xizmat safarlari bilan bog’liq xarajatlar uchun hisobot beriladigan naqd pullarni berish mazkur hududda amal qiladigan tartibga muvofiq ana shu maqsadlar uchun xizmat safarlariga yuborilgan shaxslarga beriladigan summalar doirasida amalga oshiriladi.
Hisobot beriladigan sarflanmagan naqd pullar ular berilgan muddat tugaganidan keyin 3 kundan kechiktirmay tashkilot kassasiga qaytarilishi kerak.
Hisobot beriladigan naqd pullarni olgan shaxslar tashkilot buxgalteriyasiga yoki markazlashtirilgan buxgalteriyaga sarflangan summalar to’g’risidagi hisobotni taqdim etishlari shart. Hisobot beriladigan naqd pullarni berish ilgari hisobot berish sharti bilan berilgan summalar bo’yicha to’liq hisobot berilgach amalga oshiriladi.
10. Naqd pullarni qabul qilish va topshirish va topshirish bo’yicha kassa operatsiyalari O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tasdiqlangan birlamchi hisob hujjatlari shakllari bilan rasmiylashtiriladi. (AV 03.04.2003 y. 565-4-son bilan ro’yxatga olingan MB Boshqaruvi Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
Do'stlaringiz bilan baham: |