Tijorat banki Markaziy bankdan olgan summasiga noinsoflik qilib juda katta foiz qo‘yishi mumkinmi?
Ha, mumkin. Deylik, Markaziy bankdan 14 foizlik ctavka bilan olib, aholiga 30 foizdan sotishi mumkin. Lekin, bu holatda bank o‘z mijozlarini yo‘qatadi. Banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lgan taqdirda mijoz foizi kamroq bankka borishni ma’qul ko‘radi.
Qayta moliyalash stavkasi nima asosida belgilanadi?
Qayta moliyalash stavkasi foizlari mamlakat iqtisodiyotining umumiy ahvoli va mamlakatdagi inflatsiya darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Markaziy bank bir necha yil davomida sun’iy tarzda stavkani 9 foiz atrofida ushlab turdi. Aslida, iqtisodiyot ancha achinarli ahvolda ekanligi, inflatsiya rasmiy foizlardan ancha ko‘pligi ko‘pchilikka ma’lum edi. Mamlakatda agar inflatsiya darajasi oshib borsa, Markaziy bank ham qayta moliyalash stavkasini oshirib boradi. Agar inflatsiya darajasi pasayib borsa, unda qayta moliyalash foizi ham pasayib boradi. Dunyoda hatto manfiy qayta moliyalash stavkasiga ega mamlakatlar ham bor. Masalan, Daniyada hozirgi kunda qayta moliyalash stavkasi – 0,5 foizdan iborat.
Agar faqat raqamlar bilan oladigan bo‘lsak, bu holat bizda inflatsiyaning oshib borayotganligini ko‘rsatadi va bu iqtisodiy vaziyat unchalik ham yaxshi emasligini anglatadi. Lekin, bizda amalda inflatsiya bir necha yildan beri baland edi va rasmiy raqamlar sun’iy tarzda ushlab turilgandi. Hozirgi holarda Maraziy Bank muammoni tan olib, vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qila boshlagani juda ham quvonarli holat. Muammoni borligini tan olmasdan turib uni yechib bo‘lmasligi hammamizga ma’lum.
Xo‘sh, bu real hayotda nimani o‘zgartiradi?
- Bu birinchi navbatda kredit foizlarini oshishiga sabab bo‘ladi. Endi siz ipoteka, biror buyum xarid qilish uchun yoki boshqa maqsadda kredit oladigan bo‘lsangiz, ushbu kredit foizlari hozirgiga nisbatan oshib boradi. Stavkaning oshishi hozirgacha olingan kreditlarga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, bu haqida hali ma’lumot berilmadi va manimcha yaqin kunlarda tijorat banklari orqali buni bilib olsak kerak. - Boshqa tomondan bu omonat foizlarining oshishiga xizmat qiladi. Siz o‘z omonatingizni bankka qo‘ygan taqdirda, bank sizga ma’lum bir foiz va qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib foiz qo‘shib beradi. - Keyin, bu davlat oldida turli xil qarzi bor shaxslarga ta’sir qiladi. Masalan, siz jarima yoki bir necha yildan qolib kelayotgan bank yoki davlat oldidagi qarzingizni to‘lamoqchisiz, kechiktirilgan muddatga qayta moliyalashtirish stavkasi foizlari umumiy summaning ustiga qo‘shiladi. - Bizda qonunchilikni bilmadimu, ko‘plab davlatlarda, masalan Qozog‘istonda agar ish beruvchi xodimning maoshini kechiktirsa, unga qayta moliyalashtirish foizlarini ham qo‘shib to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu borada biror huquqshunoslikni yaxshi biladigan hamyurtimiz ma’lumot bersa tashakkur izhor etardim. - Bu omonat foizlari oshgandan so‘ng aholini o‘z pulini banklarda saqlashga chorlashi mumkin. Endilikda, siz bankda omonat saqlab, hech bo‘lmaganda yillik 14 foiz daromad olish kafolatiga ega bo‘lasiz. Hozirda fuqarolarimiz asosan o‘z pullarini AQSh dollarida saqlab turadilar va katta miqdordagi pul qora bozor orqali yoki ikkilamchi iqtisodiyotda ayblanadi. Agar banklar kafolat bersa va erkin konvertatsiya evaziga AQSh dollarining kursi stabillashsa bu aholining o‘z pulini banklarga qo‘yishga chorlashi mumkin. Mamlakatdagi banklar orqali mablag‘larning aylanishi bank tizimining rivojlanishiga, bank xizmatlari yaxshilanishiga olib keladi va bundan umumiy tarzda mamlakat iqtisodiyoti yutadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu biz uchun qilinishi kerak bo‘lgan qadam edi va endilikda Markaziy Bank muammoni tan olib, harakatlarni boshlab yubordi. Umid qilamizki, bu mamlakat iqtisodiyoti, inflatsiyaning pasayishi, so‘mning qurbini oshishi uchun ijobiy rol o‘ynaydi.
Agar bu borada qo‘shimcha ma’lumot bera oladiganlar bo‘lsa, kommentariyalarda ma’lumotlaringizni kutib qolaman.
Biroz wikipediadagi ma’lumotlar asosida qayta moliyalashtirish stavkalirini solishtirib chiqdim:
- AQSh: 0.75 % - Yevropa Ittifoqi: 0.00 % - Rossiya: 10 % - Daniya: -0.5 % - Yaponiya: -0.1 % - Ukraina: 12.5 % - Belorussiya: 13 % - Uzbekiston: 14 %
Do'stlaringiz bilan baham: |