Bitiruvchi kurs talabasi Rahimova Shalola
Ilmiy rahbar Shoira Ahmedova
REJA:
KIRISH. Ishning umumiy tavsifi
I BOB. BOBORAHIM MASHRAB IJODI VA LIRIKASI HAQIDA
I.1 Mashrab hayot va ijod yo`li
I.2. Mashrab mustazodlarida axloqiy-ta’limiy, falsafiy, ilohiy-irfoniy mavzular talqini
II BOB. MUSTAZOD JANRI TARAQQIYOTIDA MASHRABNING TUTGAN O`RNI
II.1. Mustazodlarning badiiy xususiyatlari
II.1. Mustazodlaning til xususiyatlari va shoirning mahorati
Xulosa
Adabiyotlar ro`yxati
KIRISH
Malakaviy bitiruv ishining dolzarbligi va ilmiy ahamiyati. Buyuk shoirlardan biri Boborahim Mashrab o`zbek adabiyotini yuqori mavqega ko`tarishga katta hissa qo`shgan ijodkor hisoblanadi. Shoir o`zining asarlarida muhim axloqiy-ta’limiy, falsafiy, ilohiy-irfoniy masalalarni badiiy ifoda etgan. Mashrab asarlarining yana bir muhim xususiyati shundaki, ularda hayot va inson kamoloti haqidagi ulug’ shoirning muhim qarashlari o`ziga xos yo`sinda o`z ifodasini topgan. Komil insonni tarbiyalash davrimizning ustuvor vazifasi ekan, Bobоrahim Mashrabning barcha asarlari bu borada bizga Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “qudratli ma’rifiy qurol” vazifasini o`taydi. Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarlarida ulug’ ajdodlarimizning ta’lim-tarbiyaga alohida ahamiyat bilan qaraganlarini ta’kidlagan quyidagi mulohazalari ham shunchalik qimmatlidir: “Bu haqda fikr yuritganda, ulug’ ajdodlarimiz o`z davrida komil inson haqidagi butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy til bilan aytganda, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanliklarini eslash o`rinli, deb bilaman, - deya e’tirof etadilar. – Ota-bobolarimiz ong-u tafakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharm-u hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg’u va tushunchalar bu kodeksning asosiy mazmunini tashkil etadi, desak, o`ylaymanki, xato qilmagan bo`lamiz”1. Bu purma’no fikrlarning Mashrab ijodi bilan bog’liq jihati shundaki, so`fiy shoir o`z asarlarida ajdodlarimizning komil inson haqidagi butun bir axloqiy mezonlar majmuasidan san’atkorlik bilan foydalandi. Ayni holat mutasavvuf ijodkorning lirik asarlarida ham yaqqol ko`zga tashlanadi. Negaki unda shoirning inson ma’naviy kamolotining shakllanishi, eng muhimi, inson o`zining eng katta dushmani bo`lgan nafs shumliklariga qarshi ayovsiz kurashni go`zal tashbihlar-u tamsillar, o`rnida qo`llangan lirik janrlar, jumladan mustazodlarda badiiy aks ettirilgan. Milliy qadriyatlarimiz va umumbashariy g’oyalarning badiiy ifodasi barkamol avlod tarbiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois biz ayni masalalarni Mashrab mustazodlarining g’oyaviy-badiiy talqini misolida ilmiy o`rganishga harakat qildik. Shoirning mustazodlari, ularning g’oyaviy-badiiy talqini masalasini shu jihatdan, o`rganish dolzarb vazifalardan biri sanaladi deb o`ylaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |