Formal mantiqning predmeti
Har bir fan kabi mantiq ham o‘zining o‘rganadigan ob’ekti va predmetiga ega. Tafakkur
mantiq fanining o‘rganish ob’ektidir. Tafakkurni mantiq fanidan tashqari falsafa, fiziologiya,
psixologiya, dialektika, kibernetika kabi fanlar ham o‘rganadi. Grammatika mantiq faniga yaqin
bo‘lib, fikrni aniq va bexato ifodalashga yordam beradi. Tushuncha va hukmlarning ifodalanish
strukturasini aniqlashda ham grammatikaning roli katta. Falsafa tafakkurni moddiylik va
ideallikning o‘zaro aloqadorligi nuqtai nazaridan o‘rganadi. Psixologiya tafakkurni ruxiy
jarayonlar bilan bog‘liq xolda tadqiq etadi. Yuqorida tilga olingan fanlarning har biri tafakkurga
o‘z nuqtai nazaridan yondashadi, uning turli qirralarini ochib beradi.
Tafakkur voqelikni umumlashtirib va mavhumlashtirib, muayyan mantiqiy shakllarda,
ya’ni tushuncha, hukm va xulosa chiqarish hamda ular o‘rtasidagi aloqalar shaklida aks ettirib,
ma’lum mantiqiy qonun- qoidalarni vujudga keltiradiki, to‘g‘ri, aniq, izchil, ziddiyatlardan xoli
fikrlash ana shu qonun-qoidalarga amal qilishni taqozo etadi. Bu qonun-qoidalar amaliyotda
vujudga kelgan bilimlarni isbotlash yoki rad etish, ularning to‘g‘riligi yoki xatoligini tasdiqlash
yoxud inkor etishga xizmat qiladi. Mantiq keng ma’noda olamdagi qonuniy, zaruriy bog‘lanish
va aloqalar, tartib va izchillik, tafakkurimizning ichki aloqadorligi, tadrijiy rivojlanishi, turli
fikrlar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishlarni ifodalaydi. Mantiq inson tafakkurining eng umumiy
shakllari, qonunlari va fikrlash usullarini o‘rganadi. Bu mantiq fanining predmeti xisoblanadi.
Hozirgi kunda mantiq ilmining ham turli yo‘nalishlari, tarmoqlari mavjud, ular orasida
inson tafakkurini eng oddiy qonun-qoidalar bilan qurollantiradigan, uni to‘g‘ri fikrlashning
tamoyillari bilan tanishtiradigan muhim tarmog‘i formal mantiq bo‘lib, u tarixiy kelib chiqishini
e’tiborga olgan holda an’anaviy mantiq, ommaviyligi nuqtai nazaridan esa, umumiy mantiq deb
ham yuritiladi.
Mantiq fani tafakkurni rivojlantiradi, insonda umumiy tushunchalar, kategoriyalar bilan
ish ko‘rish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Bugungi fan-texnika rivoji jadallashgan globallashuv
jarayonida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy-nazariy ma’lumotlarni samarali tahlil
qilishda mantiq ilmi muhim ahamiyatga ega.
Mantiq matematika fani bilan uzviy bog‘liqdir. Matematika fanining rivojlanishi mantiq
ilmining taraqqiyotiga, unda yangi yo‘nalishlarning shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Mantiq
jarayonini turli simvollar bilan ifodalashga intilish ham matematika bilan bog‘liqdir.
Mantiq bilish, to‘g‘ri fikrlash metodlarini o‘rganuvchi fandir. Ba’zi bir fanlar tadqiqot
ob’ektlari bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun, ularning tushunchalari, qonun va metodlari
ham bir-biriga yaqindir. Masalan, bilishda xususiylik va umumiylik vazifasini bajaruvchi usullar
mavjuddir. Ko‘pchilik fanlarda qo‘llanuvchi usullar umumiy usul deyiladi. Umumiy usul
qo‘llanish doirasiga ko‘ra umumiy bo‘lgani bilan o‘z maxsus vazifasiga ega. Bunga misol qilib
mantiq fanidagi tushuncha hosil bo‘lishining analiz va sintez, umumlashtirish va
mavhumlashtirish kabi usullarini, shuningdek, induksiya va deduksiya, qiyoslash va
modellashtirish usullarini ko‘rsatish mumkin. Bular bilishning umummantiqiy metodlari
hisoblanadi. Aytish mumkinki, mantiq ham fan, ham bilish uslubi xisoblanadi.
Tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganish, ulardan ongli ravishda foydalanish fikrlash
madaniyatini o‘stiradi, xususan, fikrni to‘g‘ri qurish malakasini rivojlantiradi, bahs yuritishda
o‘zining va boshqalarning fikriga tanqidiy munosabatda bo‘lish, suhbatdoshining
mulohazalaridagi xatolarni aniqlash, argumentlashdagi zaif bo‘g‘inlarni aniqlashga yordam
beradi.
Muhokamani to‘g‘ri qurish, formal ziddiyatlar, xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka erishish,
aytish mumkinki, o‘ziga xos san’at- mantiq san’ati hisoblanadi. Bu san’atning nazariy asoslarini
chuqur egallagan kishigina uning imkoniyatlarini amaliy muhokama yuritishda namoyish qila
oladi. Mantiq ilmining ta’lim sohasidagi vazifalari ham kattadir. O‘quv jarayonining
samaradorligi ma’lum bir darajada tegishli tushunchalar hamda, terminlarning aniq bo‘lishi,
muammolarning mantiqan to‘g‘ri qo‘yilishi va hal qilinishi, mavjud gipotezalar strukturasini
to‘g‘ri tahlil qila olishga, argumentlash qoidalaridan to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq.
Fan uchun formal mantiq murakkab muammolarni yechish vositasini beradi. Bunday
vositalar, odatda, ilmiy nazariyaning strukturasini o‘rganishda, unda ishlatiladigan
formalizmning mohiyatini tushuntirib berishda, formal ziddiyatlar bo‘lsa, ularni aniqlashda
muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: