Sudning hal qiluv qarori Sud ishni mazmunan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Sudning hal qiluv qarori sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilinadi.
Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi kerak. U sud majlisida tekshirilgan dalillargagina asoslangan bo‘lishi mumkin.
Hal qiluv qarorini qabul qilish chog‘ida sud:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning o‘z talablari va e’tirozlarini asoslantirish uchun keltirgan dalillari va e’tirozlariga baho beradi;
2) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan qaysi holatlar aniqlanganligini va qaysilari aniqlanmaganligini belgilaydi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qaysi qonun hujjatlarini ushbu ish bo‘yicha qo‘llash mumkin emasligini hal qiladi;
4) ushbu ish bo‘yicha qaysi qonun hujjatlarini qo‘llash zarurligini aniqlaydi;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanday huquq va majburiyatlari borligini belgilaydi;
6) talabni qanoatlantirish lozimligini yoki lozim emasligini hal qiladi.
Zarur bo‘lgan hollarda, sud dastlabki himoya choralarini saqlab qolish yoki bekor qilish, hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash, hal qiluv qarorini ijro etishning tartibi va muddati, ashyoviy dalillarning keyingi taqdiri; sud xarajatlarini taqsimlash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa masalalarni ham hal qiladi.Sud hal qiluv qarorini qabul qilishda dalillarni qo‘shimcha tekshirish yoki ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlashni davom ettirishni zarur deb topsa, sud muhokamasini yangidan boshlaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qo‘shimcha tekshirish ehtiyoji bo‘lgan holatlar doirasida olib boriladi.
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat bo‘ladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi; sud tarkibi, sud majlisi kotibi; ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va joy; talab predmeti; ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ularning vakillari va sud protsessining boshqa ishtirokchilari ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arz qilingan talablari va e’tirozlari, tushuntirishlari, arizalari va iltimosnomalarining qisqacha bayoni bo‘lishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida:
ishning sud tomonidan aniqlangan haqiqiy holatlari;
sudning ish holatlari to‘g‘risidagi xulosalari asoslangan dalillar;
sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligining, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini qabul qilganligining yoki rad etganligining asoslari; hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonun hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonun hujjatlarini qo‘llamaganligining asoslari ko‘rsatilishi kerak.Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havolalar ko‘rsatilishi mumkin.Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan talablardan har birini to‘liq yoki qisman qanoatlantirish haqidagi yoki qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi xulosalar bo‘lishi kerak.Agar sud hal qiluv qarorini ijro etish tartibini belgilagan yoki uning ijrosini ta’minlash choralarini qabul qilgan bo‘lsa, bu haqda hal qiluv qarorining xulosa qismida ko‘rsatiladi.Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) muddati va tartibi ko‘rsatiladi.