Energetika sohasidagi mavjud muammolar
Yurtimizda 42 ta energoblok mavjud bo‘lib, ularning deyarli — 50%i ma’nan va jismonan eskirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta yoqib elektr energiya ishlab chiqarmoqdamiz”, degan mazmundagi so‘zlaridan shuni anglasa bo‘ladiki, bundan buyog‘iga uni tejab-tergab ishlatish va O‘zbekiston hukumatining gaz turbinalardan voz kechish siyosatini yurgizish ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot sifatida ta’kidlab o‘tish kerakki, bu ishlarni tabiiy qazilma resurslarni qazib olish sohasi — ya’ni, gaz va neft sanoatida (Sho‘rtangaz, Gazli, Muborak va x.k) ham qo‘llash mumkin. Bu sohada ham mazkur muammolar mavjudligi ehtimoldan holi emas.
O‘zbekiston energetikasida bugungi kundagi vaziyat bir muncha og‘ir holatda. O‘rnatilgan quvvat qog‘ozda 12 GVtni tashkil etsa-da, amalda 10 GVt mavjud, bizga esa taxminan 15−20 GVt quvvat kerak.
Avvalambor, ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetib boradigan elektr energiya yo‘qotishlarining oldini olish zarur. Misol uchun, AQSH va G‘arbiy Yevropada bu yo‘qotishlar 5% ni tashkil etadi, bizda esa 20%.
Bunga sabab ba’zi bir texnologiyalar ma’nan eskirgan. Ularni zamonaviy tejamkor va samarador texnologiyalarga almashtirish kerak. Undan tashqari, aholining elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishini bartaraf etish, aholiga esa, o‘z navbatida, shirkatlar tarafidan sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish kerak.
O‘zbekistonda elektr energiyani ishlab chiqarish, uni sotish va iste’molining aniq bir mexanizmi, sohani rivojlantirish nizomi yo‘q. “O‘zbekenergo” esa yuqoridan keladigan buyruq va ko‘rsatmalarni bajaruvchi vazifasiga aylanib qoldi.
Albatta, O‘zbekistonning ba’zi hududlarida yuqori voltli uzatmalar yangilangan. Ammo bu ham tizimni qutqara olmaydi.
Shuningdek, bu sohada mutaxassislar yetishmovchiligini kuzatish mumkin. Sohada juda katta kadrlar aylanmasi mavjud. Kimda xorijga ketish imkoni bo‘lsa, chiqib ketmoqda. Yaxshi mutaxassislar O‘zbekistonda noyob holga aylanmoqda.
“O‘zbekiston muqobil energiya manbalarining istiqbollari” loyihasi rahbari, Germaniyaning “Quyosh energiyasi assotsiatsiyasi” a’zosi va “Aleksander Gumboldt” jamg‘armasi vakili Ravshan Xo‘janov 2019-yilda O’zbekistonning energetika sohasida muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashgan edi:
1. Mavjud eskirgan bug' turbinalar o‘rnini yuqori haroratli mujassamlangan parabalotsilindrik quyosh kollektorlari egallashi mumkin. Ularning issiqlik harorati 200−600 gradusni tashkil etadi:
2. Issiqlik elektr markazlari hamda tuman issiqlik qozonxonalarida past haroratli quyosh absorberlarini qo‘llash mumkin. 10 gradusli suv haroratini qozonxonalarni 40 gradusgacha bu absorberlar yordamida ko‘tarilsa, qolgan yuqori haroratni olish uchun yoqilg‘i ishlatish mumkin. Buning narxi ancha arzon tushadi:
3.Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida quyosh energetikasini O‘zbekistonda rivojlantirish memorandum tuziladi. Bu memorandum asosida Germaniya hukumati O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish uchun beg‘araz moliyaviy yordam berishga va hamkorlik qilishga tayyor. Buni Germaniyaning aerokosmik va energetika markazining Afrika va Arab mamlakatlariga amalga oshirayotgan loyihalari misolida ko‘rishimiz mumkin.
Mazkur memorandum asosida O‘zbekistondagi soha vakillarini quyosh energetikasi bo‘yicha, mamlakat ichida hamda Germaniyada bilim va malakalari oshirib boriladi.
4. O‘zbekistonda ikki davlat hamkorligida texnika universitetini tashkil etish. Bunga xorijda ilm olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizni jalb qilish hamda ish bilan ta’minlash.
5.Quyosh issiqlik kollektorlarini Germaniya tajribasi va texnologiyasi asosida mahalliy xom-ashyo asosida ishlab chiqarish. Dastlabki bosqichdagi ishlarda nemis mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlar olib boriladi. Keyinchalik bu ishlar bevosita mahalliy soha mutaxassislar tomonidan amalga oshirib borish.
6. Turli quyosh kollektorlari va o‘lchash asboblari yordamida joylarda ilmiy- amaliy tadqiqot ishlarini olib borish hamda aholini quyosh energetikasini o‘z xonadonlarida o‘rnatishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish yuzasidan tegishli targ‘ibot ishlarini kuchaytirib boriladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun turli ilmiy tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish korxonalari hamda bog‘cha-maktablar asosiy poydevor asos bo‘ladi.
8. Turli sabablar bilan — xizmat safari bo‘yicha yoki mehnat va o‘quv ta’tili davomida O‘zbekistonga kelayotgan xorijdagi vatandoshlarimizdan unumli foydalanib, ular bilan sohasiga oida turli uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar tashkil etish, press klublarga taklif qilgan holda, ularning bilim va tajribalarini soha yo‘nalishida ta’lim oluvchi talabalarga yetkazib borish.
9. Har oy kamida bir marta, O‘zbekistondagi markaziy teleradiokanallar orqali muqobil energiyani iqtisodimizning turli jabhalarida samarali qo‘llash bo‘yicha teleradioloyihalar tashkil qilish lozim. Bunday targ‘ibot ishlarini muntazamligini ta’minlab, ushbu soha vakillari bilan uzviy bog‘langan holda tashviqot ishlari olib borish.
10. Internet tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatuvchi muqobil energiya portalini yaratish kerak bo‘lib, unda mahalliy olimlar bilan birga, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikdagi ishlar tahilili keng yoritib borish.
11. Energetika sohasida, jumladan quyosh, shamol biogaz, geotermal sohalarda Germaniya Universitetlarida doktorantura, magistratura va bakalavr bosqichlarida o‘zbek yoshlari uchun maqsadli o‘qish tashkil etish.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida energetika sohasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha bo‘lim yoki tarkibida yetakchi olim va mutaxassislardan iborat Maslahat Kengashini tashkil qilish lozim. Mazkur bo‘lim yoki Kengashning asosiy vazifalari etib, energetika sohasiga investitsiyalar jalb qilish bilan birga, bu borada ta’lim va ilmiy sohalarni rivojlantirish va to‘g‘ridan- to‘g‘ri xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilish belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |