BOB BO`YICHA XULOSA 1. O`zbek tilshunosligida antonimiya hodisasini o`rganish bo`yicha ma`lum bir ishlar amalga oshirilgan bo`lsa-da, haligacha bu hodisaning mohiyatini to`la yoritilgan deb bo`lmaydi. Antonimiya hodisasini belgilashda tilshunoslikda bir-birini inkor qiluvchi, zid fikrlar ham mavjud. Ayrim ishlarda antonimiya hodisasi va antonimlar mohiyatni yoritishda biryoqlama, ya`ni leksik antonimlar nuqtayi nazaridan yondashuvlar kuzatiladi. Ba`zi darslik va o`quv qo`llanmalaridagi yo`l-yo`lakay bildirilgan ayrim fikrlarni hisobga olmaganda grammatik antonimiya haligacha tilshunoslarimiz e`tiboridan chetda qolib ketmoqda.
2. Antonimiya hodisasining yuzaga kelishida differensial, ya`ni farqlovchi semaning mavjud bo`lishi komponentlarning o`zaro zidlik munosabatiga kirishiga asos bo`ladi. Leksik antonimlar bo`yicha bildirilgan fikrlarga asoslanib, quyidagi ziddiyatlar turlarini ko`rsatish mumkin: a) darajalangan ko`rinishdagi qarama-qarshiliklar; b) bir so`z turkumidan boshqa so`z turkumiga o`tgan so`zlardagi qarama-qarshiliklar; v) bir tushunchaning dixotolik holatiga asoslangan qarama-qarshiliklar.
3. Antonimlarning mantiqiy asosini kontrar qarama-qarshilik va komplementar qarama-qarshiliklar tashkil etadi.
4. Antonimiya hodisasi doirasida qaraluvchi birliklar og`zaki va yozma nutqda so`zlovchi yoki yozuvchining ma`lum bir voqea-hodisalarni, qahramonlar xarakter-xususiyatini bir-biriga qarshilantirish, zidlash asosida turli murakkab vaziyatlarni, holatlarni tasvirlashga keng imkoniyatlar yaratib beradi.
5.Tilshunoslikka oid adabiyotlarda lug`aviy antonimiya leksik antonimiya, frazeologik antonimiya, leksik-frazeologik antonimlar kabi turlarga ajratiladi.
6. Leksik antonimlarni tuzilishiga ko`ra: a) O`zaro antonimik munosabatga kirishgan so`zlar tub so`zlardan iborat bo`lgan antonimlar; b) Birinchi komponenti tub so`z bo`lgan, ikkinchi komponenti esa yasama so`zdan iborat antonimlar; v) Har ikki komponenti ham yasama so`zlardan tashkil topgan antonimlar; g) Har ikki komponenti ham qo`shma so`zlardan iborat bo`lgan antonimlar; d) Har ikki qismi juft so`zlardan tashkil topgan antonimlar; e) Har ikki qismi takroriy so`zlardan tashkil topgan antonimlarga ajratish mumkin.
7.Antonimlar yuzaga kelishining uch yo`li mavjudligi ma`lum bo`ladi. Ular quyidagilar: 1. Antonimlarning yuzaga kelishida tilning lug`at tarkibida qarama-qarshi ma`noli so`zlarning azaldan mavjud bo`lishi; 2. So`z yasalishi qoidalari asosida antonimlar hosil qilinishi; 3. Boshqa tillardan so`z o`zlashtirish natijasida antonimlar yuzaga kelishi.