Kotekstual antonimlar. O`zbek tilidagi ko`pgina so`zlar to`g`ri ma`nosi bilan ham, ko`chma ma`nosi bilan ham, antonim bo`la olmagani holda, ular nutqda bir-birlari bilan mazmunan zid tushunchalarni anglatib kelishi, qarama-qarshi ma`nolarda qo`llanishi mumkin. Antonimlarning bu guruhi kontekstual antonimlar hisoblanadi. Masalan, faxr – qahr, o`tkir – past so`zlari o`zaro to`g`ri va ko`chma ma`nolari bilan o`zaro antonim bo`la olmaydi yoki antonimik juftlik yasay olmaydi.
Ammo bu so`zlar ayrim gaplar (kontekstlar)da bir-biriga nisbatan qarama-qarshi ma`noda qo`llana oladi:
Ko`zlarida nozik bir o`t bor. U faxr o`timi, yo qahr o`timi bilib bo`lmaydi. (M. Ismoiliy)
Uning (Umidning) zehni past emas, aksincha, serg`ayrat, hozirjavob, fikri o`tkir ekanligini o`qituvchilari ham, do`stlari ham bilishardi. (Mirmuhsin) Ayniqsa, “zehni past”, “zehni o`tkir” kabi birikmalarda past – o`tkir so`zlari antonimik ma`no kasb etadi. Bunday antonimlar kontekstual antonimlar deb yuritiladi. Ayni paytda sodda yig`iq gap tarkibida qo`llanilayotgan bu juftlikni, bizningcha, sintaktik antonimlar deb hisoblashimiz mumkin.
R.Shukurov “O`zbek tilida antonimlar” (–T.: Fan, 1977. B. 54.) nomli kitobida leksik ma`nolari jihatdan antonim bo`lmasdan, faqat kontekstdagina qarama-qarshi ma`noda ishlatilgan bunday zid ma`noli so`zlarni kontekstual antonimlar deb ataydi
Kontekstual antonimlarni qo`llashda yozuvchi va shoirlarimiz antiteza usulidan foydalanib, nutqning ifodali, ixcham va o`tkirligiga erishadilar. O`zbek tiliga doir ba`zi darsliklarda kontekstual antonimlar haqida ma`lum tushunchalar berib o`tilgan63. Ammo ayrim darsliklarda leksik antonimlar bilan kontekstual antonimlarni farq qilmaslik hollari uchraydi. Masalan, “Ayrim predmetlar qarama-qarshi qo`yilganda shu predmetlarni bildiradigan so`zlar antonim bo`lib keladi.
Ushoq qand oq tuzga monand erur
Va lekin biri tuz, biri qand erur. (Navoiy)
Ko`rinib turibdiki, bu parchada kontekstual antonimlar (tuz bilan qand) leksik antonimlarga misol tarzida berilgan. Ba`zi asarlarda o`t va suv ham antonimlar qatoriga kiritiladi64. Biroq tuz va qand, o`t va suv so`zlarining leksik ma`nolarida biror zidlik yoki bir-birini inkor qilish ko`rinmaydi. Demak, yuqoridagi kabi asli antonim bo`lmagan so`zlar ayrim kontekstlardagina qarama-qarshi ma`noda qo`llanishi mumkin.
Leksik antonimlar bilan kontekstual antonimlarni quyidagi belgilar asosida ajratish mumkin:
a) leksik antonimlar kontekst (so`z birikmasi yoki gap tarkibi)da ham,
kontekstdan tashqarida ham antonimlik xususiyatini saqlagan bo`ladi. Kon-tekstual antonimlar esa faqat ayrim kontekstdagina qarama-qarshi ma`noda qo`llanib, kontekstdan tashqarida biri ikkinchisini inkor etmaydi. Masalan, taqqoslang: yaxshi – yomon, baland – past, tuz – qand, o`t – suv kabi;
b) leksik antonimik juftlikning har ikki komponenti bir xil so`z turkumida
bo`ladi: katta – kichik (sifat), kun – tun (ot), kelmoq – ketmoq (fe’l). Ammo ayrim kontekstlarda turli so`z turkumiga xos so`zlar ham qarama-qarshi ma`nolarda ishlatilishi, ya`ni kontekstual antonimlar turli so`z turkumlaridan ham hosil bo`lishi mumkin. Masalan: Sirtim butun bo`lsa ham, ichim tutun. (A.Muxtor) Bu gapda sifat turkumiga xos butun so`zi ot so`z turkumiga xos tutun so`ziga qarama-qarshi ma`noda, ya`ni “shod, xursand, betashvish” va “g`amgin, qayg`uli, tashvishli” ma`nolarida ishlatilgan;
d) ikki sinonim so`zdan leksik antonim hosil bo`lmaydi, ammo ulardan ba`zan kontekstual antonim hosil bo`lishi mumkin;
e) leksik antonimlar, ko`pincha, so`zlarning asosiy (bosh) ma`nolaridan, kontekstual antonimlar esa, deyarli hamisha so`zlarning ko`chma yoki majoziy ma`nolaridan yuzaga keladi. Masalan: Ayol qalbi tosh bo`lsa ham, allaqayeri paxtadan yumshoq, ipakdek mayin bo`ladi. (S.Ahmad) U taqdirga tan berdi, zahrini diliga solib, asalini tiliga chiqarib kitob magaziniga ishga kirdi. (A.Qahhor);
f) leksik antonimlar shu til so`zlashuvlari uchun umumiy bo`lgan barqaror hodisa bo`lib, muayyan shaklda uzoq vaqt yashaydi. Masalan, uzoq – yaqin, yaxshi – yomon kabi antonimlar bundan bir necha asr avval ham shu shaklda mavjud bo`lgan. Kontekstual antonimlar esa, so`zlashuvchining nutqdan foydalanish qobiliyatiga bog`liq holda nutq jarayonida paydo bo`ladi. Ular uchun umumiy qolip bo`lmay, tez-tez o`zgarib turadi. Shuning uchun ham kontekstual antonimlar ilmiy-texnik va rasmiy nutqda emas, balki asosan poeziyada, publitsistikada va og`zaki nutqda ishlatiladi.
O`g`ri bekitib olar, (yashirin)
Qaroqchi qo`rqitib. (ochiqchasiga)
Yaxshi hamsoya guldir,
Yomon hamsoya cho`ldir.
Do`stga lola bo`l, Yovga jala bo`l.
Jahon shoirlari ey gulshani bog`
Kimi bulbuldurur, kimi so`zda zog`. (Hushovoz – ovozi xunuk)
“O`zbek xalq maqollari” to`plamidan olingan yuqoridagi misollarni kontekstual (shartli) antonimlarning yorqin namunalari desa bo`ladi. Chunki nutqdan tashqarida qo`rqitmoq bilan bekitmoq leksemalarida qarama-qarshilik yo`q, lekin nutq tarkibida mantiqiy zidlik yuzaga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |