7
November
2019
Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatimiz maktablarida taʼlim sifatini oshirish boʼyicha ustuvor vazifalarni belgilab olgan va bu yoʼnalishda amaliy ishlar boshlandi.
Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Videoselektor yigʼilishida mahalliy hokimliklar maktab infratuzilmasini yaxshilash, kommunal xizmatlarning uzluksizligini taʼminlash, oʼquv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash kabi masalalarga masʼulligi belgilandi.
Xalq taʼlimi vazirligi esa maktablarda taʼlim sifatini oshirish, taʼlim muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash, oʼqituvchi mavqeini oshirish, oʼquv dasturi va darsliklar mazmunini takomillashtirish vazifalari topshirildi. Shu bilan birga xalqaro taʼlim dasturlarining (STEAM) ijobiy natijalarini oʼrgangan holda milliy taʼlim dasturlarini yaratish, xalqaro baholash dasturlarini (PISA va PIRLS -2021) tatbiq etish belgilab berildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi taʼlim sifatini oshirish boʼyicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Taʼlim sifatini baholash tizimini yaratish Birinchidan, vazirlik mamlakatimizda taʼlim sifatini baholash tizimini oʼrganib chiqdi. Oʼrganish natijalari shuni koʼrsatdiki, shu paytgacha taʼlim tizimi sifati va yagona yondashuvga asoslangan real holatni baholovchi tizim boʼlmagan. Shu bois taʼlim sifatini aniqlash uchun bir necha tashqi manbalar maʼlumoti oʼrganilib, xalqaro tajribalar amaliyotga joriy etilgan holda shaffof hamda obʼektiv baholash mezonlari yaratilmoqda.
Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 2019 yilda oliy taʼlim muassasalariga kirish koʼrsatkichlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga koʼra 2 mingdan ziyod maktabning bironta oʼquvchisi oliy oʼquv yurtiga kira olmaganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan bu yil ilk bor maktablar reytingi eʼlon qilindi. Reyting pedagoglar salohiyati, 9-sinf oʼquvchilari bilim darajasi, bitiruvchilarning OTMlarga kirish koʼrsatkichlari va ijtimoiy soʼrovnomalarga asoslandi.
2020 yilda АQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda boshlangʼich sinf (2- va 4-sinf) oʼquvchilari oʼrtasida oʼqish (EGRA) va matematika (EGMA) savodxonligi boʼyicha xalqaro baholash oʼtkaziladi. Hozirgi kunda baholashni oʼtkazish boʼyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
2021 yilda oʼquvchilar bilimi PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlari asosida aniqlanadi. Mazkur xalqaro baholash dasturlari mamlakatimiz taʼlim tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish va kamchiliklarini aniqlashga koʼmak beradi.
Joriy yilning oktyabrь oyida Sirdaryo viloyatida taʼlim sifatini baholash va viloyatni taʼlim sifati boʼyicha namunali hududga aylantirish boʼyicha amaliy ishlar boshlandi. Tajriba doirasida oʼqituvchilar va oʼquvchilarning bilimlari baholandi.
Bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarga kirmagan maktablar (2000 dan ortiq) birinchi navbatda davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan oʼtkazish rejalashtirildi.