Mavzuga doir asosiy tayanch so’zlar, termin va iboralar:
Mahorat, xushmuomalalik,ta’sirchanlik, mehnat, mashaqqat, pand-nasihat, hunar, o’g’il,amaldor, notiq, donishmandlik, so’z hunari, nasihatnoma, Gilonshoh, kichik hikoya, ihcham latifa, bobo suhango’y, podshoh, nabira.
Unsurulmaoliy Kaykovus Kaspiy dengizi janubiy qirg’oqlari-da yashagan Gilon qabilasiga mansubdir. U XI asrda yashab ijod etdi. O’z zamonasining ziyoli kishilaridan bo’lib yetishdi. Musiqa va tibbiyot ilmida muvaffaqiyat qozondi. Biroq Kaykovus nomini «Qobusnoma» asari mashhur siymolar qatorida mangulikka muhrladi. XI asr Sharq ma’naviyati tarixida qimmatli asarlardan biri hisoblangan «Qobusnoma»da ham notiqlik san’ati, mahoratiga doir alohida boblar berilgan. Kaykovus notiqlikka alohida e’tibor qaratadi. U so’z san’atida shaxsning mukammal bilimga ega bo’lishi tarafdori edi. «Bilgilkim, hamma hunardin so’z hunari yaxshi», deb uqtiradi u.
Agar hunarmand mashaqqatli mehnati tufayli moddiy ne’matlar bunyodkori bo’lgani bilan, mehnat mahsulida inson ma’naviy qiyofasi to’laqonli namoyon bo’lmaydi. Shu bois hunarmand ham mehnat jarayonida ma’naviy qiyofasini shakllantirishi lozim. Bu nutq orqali namoyon bo’ladi. «So’z hunari» ni egallagan hunarmandning ishi boshqalardan ko’ra yaxshiroq yurishadi deydi u. Kaykovus fikricha, so’z amol, so’zga chechan notiq kishi hamma joyda muvaffaqiyatga erishadi. Xushmuomalalik bilan ishni bitirib ketaveradi.
Kaykovus mashhur “Qobusnoma” asarida notiq muvaffaqiyat qo-zonishi uchun quyidagilarga alohida e’tibor berishini ta’kidlaydi:
- tinimsiz mehnat, o’z ustida ishlash va o’rganish;
-nutq yoqimliligini ta’minlash. Bu haqda u: “Nutqing go’zal bo’lsinki, xalq uni mamnunlik bilan qabul qilsin”, deb uqtiradi.
-nutqda ifodalangan fikr tinglovchi qalbiga yetib bora olsin;
-so’z yoki mulohaza to’g’i, jonli shakllanishi va asosli bo’lmog’iga erishish;
- ilmiy asos va dalillarga boy nutq ta’sirchanlikni orttiradi;
-nutq matni jiddiy tayyorgarliksiz havola qilinar ekan, birinchidan, saviyasi, ikkinchidan ta’sir doirasi past bo’ladi;
- “Har qancha dono bo’lsang ham o’zingni nodon bilgil, toki senga ilm o’rganish eshigi ochiq bo’lg’ay”;
-“Amaldorlar bilan amaldordek, oddiy odamlar bilan oddiy odamlardek so’zlashgil, donishmandlik chegarasidan chiqma, sening so’zingni eshitgan kishiga og’ir tuyulmasin”;
-“Ko’p bilgil-u, oz so’zla.., shunday so’zlagilki, bu so’z bekor va zoye ketmasin”;
- so’z eshitishdan qochma, kishi so’zni eshitish bilan notiq bo’ladi”.
Unsurulmaoliy Kaykovusning bunday fikr-mulohazalari notiqlik san’ati tarixida hamon o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda. Kaykovus qalamiga mansub"Qobusnoma" asari sharq xalqlari orasida ma’lum va mashhurdir. Asardagi mo’jaz rivoyatlar, ixcham latifalar, kichik-kichik hikoyatlar uni yanada jozibali, o`qishli bo’lishini ta’minlagan.
XI asrning 82-83-yillarida g’arbiy Eron podshohining nabirasi Kaykovus ibn Iskandar o’z o’g’li Gilonshohga bag’ishlab"Nasihatnoma"sini yaratadi va o’sha davr an’anasiga ko’ra uni bobosi podshoh Shamsulmaoliy Qobus sharafiga"Qobusnoma" deb ataydi.
"Qobusnoma" asrlar mobaynida g’arb va Sharq mutafakkirlarining e’tiborini o’ziga jalb etib kelgan. Olimlar"Qobusnoma"ni diqqat bilan o’rgandilar va o’z tillariga tarjima qildilar. Masalan, 1702-1705-yillarda turk tiliga, 1786-1787-yillarda Muhammad Siddiq Rashidiy tomonidan tatar tiliga tarjima qilinadi.
Bundan tashqari1886-yilda rus tiliga, shu yili fransuz tiliga, 1811-yilda nemis tiliga,Bertel’s tomonidan 1953-yilda ikkinchi marta rus tiliga tarjima qilinadi. Demak, XIX asrdanoq asar ingliz, farang, olmon, rus tillariga tarjima qilinadi. 1935-yilda Tehronda Said Nafisiy tomonidan bosmadan chiqarildi.
1860-yilda “Qobusnoma” ilk bor o’zbek tiliga buyuk shoir va mutaffakir Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan tarjima qilindi. Ogahiy tarjimalari ichida “Qobusnoma” alohida o’rinlardan birini egallaydi. Bu nodir asar 1965-1973 va 1986- yillarda adabiyotshunos olim Subutoy Dolimovning katta sa’y-harakatlari tufayli uch marta nashr qilingan edi.
1994-yilda “Qobusnoma” Muhammad Rizo Ogahiy tarjimasi asosida hozirgi zamon o`zbek adabiy tilida yana S.Dolimov tomonidan nashrdan chiqarildi.
Kishi suxandon, suxango’y (notiq) bo’lishi kerak. Ammo ey farzand, sen suxango’y bo’lg’il va lekin durug’go`y(yolg’onchi) bo’lmag’il. Rostgo’ylikda o’zing shuhrat qozong’il, tokim biror vaqt zarurat yuzidin yolg’on so`z desang qabul qilg’aylar. Har so’z desang ham rost deg’il va lekin, yolg’onga o’xshag’on rostni demag’ilkim, rostga o’xshagan durug’ durug’ga o’xshag’on rostdin yaxshidur, nedinkim ul durug’ maqbul bo’lar, ammo ul rost maqbul bo’lmas. Demak, nomaqbul rostni aytishdan parhez qil, toki mening bila Abu Suvor Shopur bilan Abu al-Fazlning orasindag’i voqea sening boshingda sodir bo’lmasin.
Do'stlaringiz bilan baham: |