Mavzuga oid tayanch so’z va iboralar:
Adabiy til, og’zaki adabiy nutq, yozma adabiy nutq, orfoepik qoidalar, orfografik qoidalar, umumxalq nutqi, aloqa vositasi, nutq me’yorlari, adabiy talaffuz, urg’u, intonasiya, yozuvchi, so’zlovchi, muloqot vositasi.
Adabiy til ikki shaklda – yozma va og’zaki nutq shaklida yashaydi. Nutq madaniyati – adabiy tilda to’g’ri va namunali gapirish va yozish bo’lib, kishi umummadaniyatining tarkibiy qismidir.
Og’zaki adabiy nutqning o’ziga xos me’yorlari mavjud bo’lib, ular lingvistik adabiyotlarda orfoepik me’yorlar atamasi bilan yuritiladi.
Nutq madaniyati hodisasi adabiy til yozma va og’zaki shakllari uchun baravar taalluqlidir. Og’zaki nutq adabiy me’yorlari xuddi yozma nutq me’yorlari kabi adabiy tilning rivojida muhim rol tutadi. Og’zaki nutq madaniyati ham yozma nutq madaniyati kabi umummilliy ahamiyatga egadir. Shuning uchun yozma nutq madaniyati bilan bir qatorda og’zaki adabiy nutq me’yorlarini ham takomillashtirish va asrash zarur.
Og’zaki nutq me’yorlari xalq jonli tiliga, adabiy til me’yorlariga xos muhim xususiyatlar orfoepik me’yorlarni o’rganganda yanada aniqroq ko’rinadi.
Xullas, og’zaki adabiy nutq adabiy tilning tarkibiy qismi sifatida quyidagi belgilarga ega:
-og’zaki adabiy nutq – adabiy nutq, adabiy tilda so’zlanuvchi nutqdir;
-og’zaki adabiy nutq umumxalq nutqidir. U ham yozma nutq kabi umumxalq mulki, umumxalq aloqa vositasidir;
-og’zaki adabiy nutq – me’yorlangan, muayyan orfoepik qoidalarga solingan nutqdir;
-og’zaki adabiy nutq me’yorlari ham xuddi yozma nutq me’yorlari kabi umummajburiydir.
Og’zaki adabiy nutq me’yorlari negizini adabiy talaffuz, urg’u, intonatsiya tashkil qiladi (Begmatov, 9-10).
Yozma adabiy nutq og’zaki adabiy nutqdan quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi: nutqni yozayotganda muallif vaqt jihatidan bemalol fikrlash imkoniyatiga ega bo’ladi. U o’z nutqi qismlarini va butun nutqni qayta-qayta tahrir qilishi, fikr uchun eng mos imkoniyatlarni tanlashi, gap tuzilishini qulaylashtirishi mumkin. Shu xususiyatlari bois yozma nutq og’zaki nutqdan ravondir (Qudratov, 25).
Tildagi har bir hodisaga obyektiv baho berish uchun, yuqorida ta’kidlaganimizdek, o’sha tilning ruhidan kelib chiqish kerak. Shu ma’noda imlo masalasi ham bundan soqit bo’lmasligi lozim. Har bir tilda bo’lganidek, o’zbek tilining ham imlo tamoyillari bor. Bular yozuvni muayyan tartibda, turg’un va standart holatda ushlab turuvchi, yozuv me’yorlariga oid qoidalarni barcha uchun bir xildagi majburiy qilib qo’yuvchi asosiy omildir [Golovin, 4].
Lekin amalda ba’zi hollarda matbuot sahifalarida ana shu me’yorlardan chekinish hollari uchrab turadi. Ma’lum qoidalarga asoslangan ayrim holatlarning bir yoki undan ortiq ko’rinishiga duch kelamiz. Chunonchi, bu holat ba’zan ayrim hujjat (murojaat, qaror, nutq)larni rus tilidan o’zbek tiliga tarjima qilishda ko’zga tashlanadi. Masalan, “Pravda Vostoka” gazetasining 1983-yil 4-oktyabr sonida hukumatning Respublika mehnatkashlariga qarata qabul qilgan qaroridagi “Kolxozniki i kolxoznisi, rabochiye i rabotnisi sovxozov!” birikmalari «Sovet O’zbekistoni» gazetasining ham aynan shu sonida “Erkak va ayol kolxozchilar, sovxozlarning erkak va ayol ishchilari!” tarzida berilgan. Aftidan murojaat matni dastlab rus tilida tayyorlanib, so’ngra o’zbekchaga ag’darilgan. Tarjimonlar rus tilida mavjud bo’lgan rod kategoriyasi belgisini o’zbek tilida “erkak” va “ayol” so’zlari bilan berishga harakat qilishgan. Natijada o’zbek tiliga xos bo’lmagan konstruksiyalar vujudga kelgan. Aslida ushbu birikmalar “Kolxozchilar va sovxoz ishchilari!” tarzida o’girilishi kerak edi. Bundan tashqari, matbuotda bir so’z yoki so’z birikmasining ikki xil ko’rinishi tez-tez namoyon bo’lmoqda. Masalan, 1-, 2-, 3- bo’limlar, 1, 2, 3 bo’limlar, 1986-yil 5-mart (“Sovet O’zbekistoni”), 1986-yil 7- fevral (“O’zbekiston adabiyoti va san’ati”), 1998-yil 3-oktabr (“Zarafshon”), 1 mart, 1986-yil (“Yosh leninchi”), 4-oktabr, 1985-yil (“Buxoro haqiqati”). Bu holatlarni ushbu gazetalarning boshqa sonlarida ham kuzatish mumkin. “O’qituvchilar gazetasi”ning barcha sonlarida bu “kun, oy, yil” tarzida berilgan, ya’ni: 12-mart 1986-yil. Me’yor bo’yicha, “1986-yil 5-mart” bo’lishi kerak, chunki har bir sana yil, kun va oydan tashkil topadi.
Yoki rus tilidagi “zavuch” (zaveduyuщiy uchebnoy rabotoy) qisqartma so’zi o’zbek tilida “ilmiy bo’lim mudiri” tarzida berilmoqda. Bizningcha, “o’quv ishlari mudiri” deyilsa, maqsadga muvofiq bo’lardi.
Yana bir holat: ma’lum bir shaharda joylashgan universitet yoki institut nomiga “davlat” so’zi qo’shib aytiladi, matbuotda biz mana shu “davlat” so’zining goh bosh harf bilan, goh kichik harf bilan yozilishiga duch kelamiz. Masalan, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” va “Qashqadaryo haqiqati” gazetalari sahifalarida “davlat” so’zi bosh harf bilan berilsa, “Sovet O’zbekistoni” va “O’qituvchilar gazetasi” gazetalari sahifalarida esa kichik harf bilan yozilishini ko’ramiz: Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti, Termiz Davlat pedagogika instituti (“O’zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1986-yil 14-fevral), S.Orjonikidze nomidagi Buxoro Davlat pedagogika instituti (“Qashqadaryo haqiqati”, 1986-yil 11-fevral), Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (“Sovet O’zbekistoni”, 1986-yil 8-fevral) va boshqalar. Aslida, imlo qoidalari bo’yicha, “davlat”, “pedagogika”, “politexnika” so’zlari bosh harf bilan yozilib, “Toshkent Davlat Pedagogika (yoki Politexnika) institute” tarzida berilishi kerak edi. Aftidan ayrim matbuot organlarimizdan rus tili imlo qoidalariga ergashish sezilib turibdi.
Shuningdek, ba’zi geografik nomlarning imlosi ham ikki xil ko’rinishga ega bo’lib kelmoqda. Masalan, “Past Darg’om”–“Pastdarg’om”. Birinchisi Pastdarg’om tumani va Samarqand viloyati matbuotida, ikkinchisi esa respublika matbuotida uchraydi. Bu yerda “Pastdarg’om”varianti to’g’ri bo’lib, u 1956-yilda qabul qilingan imlo qoidalari asosida yozilgan bo’lib, 2005-yil 1-sentabrga qadar amal qiladi.
Albatta, tildagi u yoki bu g’alizliklar u (til)ning ruhiga singib keta olmaydi. Lekin ular tilda uzoq vaqt turg’un bo’lib qolmasa-da, kishining yozma va og’zaki nutqini ma’lum darajada buzishi turgan gap. Bu, ayniqsa, maktab yoshidagi o’quvchilar nutqida salbiy oqibatlarga olib keladi va ularning nutqlarini to’g’ri yo’lga solib yuborishda o’qituvchilar zimmasiga uzoq vaqt chidam bilan katta ish olib borishni yuklaydi. Ushbu jarayon ancha yillargacha davom etishi mumkin. Shuning oqibati bo’lsa kerak, ko’p hollarda kishi katta yoshga kirganida ham ko’nglidagisini nutqida ravon, mantiqli bayon eta olmay, qiynalib yuradi. Tinglovchi (yoki kitobxon)lar tasavvurida bu kabi fayzsiz yozma yoki og’zaki nutqlar uzuq-yuluq gaplarni tashkil etadi: izchillik yo’qolib, asosiy maqsad tushunilmasdan qoladi.
Xayriyat, 1991-yilda yurtimizning siyosiy mustaqillikka erishishi ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi kabi matbuotda ham talay ijobiy siljishlarga olib keldi. Xususan, biz buni respublika matbuoti sahifalarida imlo tamoyillariga bir qadar e’tibor qilinayotganida ko’ramiz. Masalan, sanalarning berilishi: 1999-yil 25-fevral (“O’zbekiston ovozi”), 1999-yil 27-fevral (“Ma’rifat”, “Turkiston”) kabilar.
Yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishning ijtimoiy dasturi davlatimizning “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va “Ta’lim to’g’risida”gi hujjatlarida o’z aksini topgan. Bularda, xususan, o’quvchilarning ma’naviy kamolotini keskin rivojlantirish, ona tilida ravon so’zlay bilish qobiliyatini o’stirish o’rta va oliy maktablar hamda keng jamoatchilikning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi uqtirilgan.
Davrimizning ushbu talabi biz, filologlar zimmasiga ham beqiyos ulug’vor vazifalar yuklaydi. Shu bois tilning silliqlanib, til hodisalarining sistemalashib me’yorga kirib borishida ma’lum darajada rol o’ynaydigan ijodiy ziyoli, xususan, filologlar, jurnalist va yozuvchilar bu masalada o’ta hushyor bo’lishlari lozim. Zero, ular xalq, uning tili oldida mas’uldirlar.
Ma’lumki, insonning ilg’or g’oya va fikrlari, yaratgan ijodi, madaniyat sohasida erishgan yutuqlari til vositasi bilangina ommalashadi, boshqalarga anglatiladi va yozma shaklda kelgusi avlodlarga yetkaziladi. Har bir avlod o’zidan oldingi avlodlar madaniyati darajasini mana shu yozma manbalardan bilib oladi. Shunday ekan, biz o’z tilimizga va o’z nutqimizga juda e’tiborli bo’lishimiz kerak [Elmurodov, 54-58].
Ko’rinadiki, nutqning og’zaki va yozma shakllari umumiylikka ega bo’lishi bilan birga, har qaysi o’ziga xos xususiyatlarga ega. Nutqning har ikkala shakli bir maqsad uchun – axborot yetkazish uchun xizmat qilsa-da, og’zaki nutq bu axborotni tezkorlik bilan, maxsus tayyorgarliksiz yetkazsa, yozma nutq esa ushbu nutqni bemalol fikrlash orqali adresatlarga yetkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |