Bolalar kitobxonligi haqida.
Bu davr bolalar kitobxonligi, asosan, ota-onalar, buvi-bobolar, mahalla ertakchilari-yu tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Hali o’qish, yozish, chizishni bilmaydigan maktabgacha ta‘lim yoshidagi bolalar dunyo sirlaridan bexabar bo’ladilar. Hatto oila a‘zolari, uy hayvonlari, parranda-yu dov-daraxtlargacha notanish bo’ladi. Kattalar o’qib, aytib, hikoya qilib beradigan asarlar bu davr bolalari uchun muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bu davr bolalarga o’qibberiladigan har qanday asarning hajmi qisqa, mazmuni sodda bo’lishi zarur. Shuningdek, bunday kitoblarning rasmlari rang-barang, harflari esa yirik-yirik bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Bog’cha yoshidagi bolalarga ham, avvalo, maqol va topishmoqlarni, so’ng hayvonlar haqida, umuman, tabiatni sevishga o’rgatuvchi ertaklarni aytib berish yoki o’qib berish juda foydalidir. Ularga mehnatsevarlikni o’yinlar orqali o’rgatilsa, yaxshi ta‘sir ko’rsatadi. Masalan, «Sholg’om», «Bo’ri bilan Qo’zichoq», «Tulki bilan Turna», «Tulki bilan uzum», «Ur, to’qmoq!» kabi masal va ertaklar bolalarni mehnatsevarlikka, tabiatni sevishga, rostgo’ylikka o’rgatadi, aldamchilik va xudbinlik, baxillik va ochko’zlik yomon illat ekanligini tushuntiradi.
Anvar Obidjonning «Suhbat» asari ko’p yillardan beri bu davr bolalariga cheksiz quvonch ulashib kelmoqda. Ma‘lumki, bolalar go’daklik chog’laridanoq jonivorlar, xususan qushlarga qiziqadilar. Voqea bolalar bilan g’ozlar suhbati asosiga qurilgan. O’zaro suhbatdan ma‘lum bo’ladiki, g’ozlarning qorni och, ularni boqish kerak. Buni shoir o’yin vositasida ifoda etadi:
-- G’ozlar, bir so’z deysizmi?
— G’a, g’a, g’a!
— Totli suli yeysizmi?
— Ha, ha, ha.
— Nega patni silaysizlar?
— G’oq, g’oq, g’oq.
— Mendan nima tilaysizlar?
— Boq, boq, boq!
Bu xildagi she‘rlar kichkintoylarni mustaqil fikrlashga, turmush taassurotlarini to’plab, ulardan xulosa chiqarishga o’rgatadi.
Bolalarning, ayniqsa, jajji qizchalarning sevimli mashg’ulotlaridan biri qo’g’irchoq o’ynashdir. Yo’ldosh Sulaymonning «Qo’g’irchoq» she‘rida qo’g’irchoqlarni asrab-avaylash, oddiy bir o’yinchoq vositasida kattalarning mehnatini e‘zozlash masalasi o’rtaga tashlanadi:
Quyosh bilan teng turib,
Ozoda kiyintirib,
Senga taqamiz marjon,
Qo’g’irchoq, qo’g’irchoqjon.
Har qanday yozuvchi maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga o’qib beriladigan asar tilining badiiy jihatdan puxta-pishiqligiga, tushunarli, aniq va ravonligiga alohida e‘tibor beradi. Bu yoshdagi bolalarga tavsiya etiladigan asarlar hayot haqida muayyan tasavvur berishi bilan birga, ularga zavq-shavq bag’ishlaydi. Masalan, Shukur Sa‘dullaning «Lola va mushuk» she‘rini olib ko’raylik. Bu asar juda oddiy. Misralari ham sodda. U bir o’qishdayoq kichkintoy mehrini o’ziga tortadi, uni uyqudan barvaqt turishga, yuvinib-taranishga, ozoda, pokiza bo’lishga o’rgatadi. Bolaning uy hayvonlariga, jonivorlariga mehri, g’amxo’rligini oshiradi:
Men Lolaman, Lolaman,
Ozoda qiz bolaman.
Erta bilan turaman,
Yuz-qo’limni yuvaman.
Xulosa qilib aytganda, bu davr bolalari o’zlari tinglagan asarlari yordamida asta-sekin atrof-muhit bilan tanishadilar, ona yurtga mehr-oqibatli bo’lishni, tabiatni asrashni, mehnatni sevishni o’rganadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |