Bog'liq Maktabgacha ta\'lim tashkilotlarida bolalarga ta\'lim berishga qar
MAKTABGACHA TA'LIM TASHKILOTLARIDA BOLALARGA TA'LIM BERISHGA QARATILGAN CHORA TADBIRLAR O‘tgan davr mobaynida sog‘lom va har tomonlama rivojlangan o‘sib kelayotgan avlodning shakllanishini ta’minlashga qaratilgan samarali maktabgacha ta’lim tizimini tashkil qilish bo‘yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, mavjud tizimli kamchiliklar maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda, xususan:
birinchidan, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi holati tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohada, shu jumladan, nodavlat sektorda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti;
ikkinchidan, maktabgacha ta’lim sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga, shu jumladan, ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish, ularni moddiy-texnik jihatdan qayta jihozlash va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilinmagan;
uchinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining amaldagi holati bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermayapti, mamlakatda aholi sonining o‘sishi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarining haddan tashqari bandligiga olib kelmoqda;
to‘rtinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik (shu jumladan, o‘yinlar va o‘yinchoqlar) materiallar va badiiy adabiyotlarni tayyorlash hamda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatiga joriy etish ishlari zamonaviy talablarga javob bermaydi;
beshinchidan, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning amaldagi tizimi maktabgacha ta’lim sohasini bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmaydi;
oltinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimining past darajada ekanligi malakali kadrlarni jalb qilish imkonini bermayapti;
yettinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hududiy sog‘liqni saqlash organlari ishini tashkil etishdagi kamchiliklar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, shu jumladan, sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etiladi:
zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish maqsadida investorlarga yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolar, shu jumladan, faoliyat yuritmayotgan va tarbiyalanuvchilar soni kam bo‘lgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini beg‘araz ajratish;
investorlarga maktabgacha ta’lim muassasalarini, ayniqsa shunday muassasalarga yuqori ehtiyoj mavjud va infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tashkil etish uchun zarur bo‘lgan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalarni, shuningdek, imtiyozli kreditlarni taqdim etish imkoniyati;
investorlar tomonidan vakolatli davlat organlari bilan 50-yil muddatga tuziladigan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv asosida loyihani amalga oshirish;
investorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvda nazarda tutilgan shartlarga, maktabgacha ta’lim sohasidagi davlat talablariga, sanitariya-gigiyena normalariga qat’iy rioya etish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilish, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari xizmati narxining ijtimoiy hammabopligini ta’minlash;
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv shartlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda ularni bekor qilish mexanizmlari.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yilda o‘tkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
3. Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2017-yilda o‘tkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida mazkur amaliyotni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir.
5. Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
6. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlarni, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish va tahlil etish;
maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga, shu jumladan, zarur infratuzilmani yaratishga, xodimlarning mehnatini moddiy rag‘batlantirishga, pedagogik kadrlarni sifatli tayyorlash va malakasini oshirishga, shuningdek, maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish;
maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda sifatli maktabgacha ta’limni tashkil etishga davlat talablarini qayta ko‘rib chiqish;
maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilishning amaldagi tartibini, vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi holatini tanqidiy o‘rganish;
mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘quv-tarbiyaviy adabiyotlar bilan ta’minlash tizimini tahlil qilish;
maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tartibini o‘rganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish.
7. Komissiya (A.N.Aripov):
“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish davomida ushbu qarorning 6-bandi bilan yuklatilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratsin;
“Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorak yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan axborot kiritilishini ta’minlasin.
8. Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish uchun vazirliklar va idoralar mutaxassislarini, respublikaning ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning ekspertlarini belgilangan tartibda jalb etish huquqi berilsin.
9. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishning mexanizmini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin. Maktabgacha yoshdagi bolaga singdirilgan bilim va qadriyatlar uning butun kelgusidagi hayotini belgilab berishi sababli maktabgacha ta’lim uyg‘un rivojlangan shaxsni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Shuni hisobga olgan holda, o‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limni rivojlantirish va samarali faoliyat ko‘rsatishiga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Hozirgi vaqtda respublikada 4 893 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularni moliyalashtirishga faqat 2016-yilda Davlat byudjetidan 1,6 trillion so‘m ajratilgan.
Ushbu sohada sog‘lom va har tomonlama rivojlangan o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan 57 mingdan ortiq mutaxassislar mehnat qilmoqda.
Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga ayrim tizimli kamchiliklar to‘sqinlik qilmoqda.
O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti.
Maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining hozirgi holati bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermayapti.
Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning past darajasi bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmaydi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning oziq-ovqat, moddiy ta’minoti va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ham jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan, Davlat rahbari tomonidan 2017-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.
Qarorda maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Xususan, 2018-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilandi.
Davlat rahbari tomonidan tashabbus qilingan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi zamonaviy va hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun investorlarga yer uchastkalari va bo‘sh turgan binolarni 50-yil muddatga beg‘araz ajratishni ko‘zda tutadi.
Investorlar tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida davlat ta’lim talablariga, sanitariya-gigiyena va boshqa normalarga rioya qilish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish, shuningdek, maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bunda investorlarga keng soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, shuningdek, imtiyozli kreditlar taqdim etiladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berildi.
Mazkur eksperimentlar yakunlari bo‘yicha respublikaning boshqa hududlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini va maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Qaror bilan ushbu sohadagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.
Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zarur infratuzilmani yaratish va maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan bir qatorda, sifatli maktabgacha ta’limni tashkil etishga davlat talablari, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash hamda joriy etish ishlari ham zamonaviy talablarga muvofiqlashtiriladi.
Qarorda vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilishni soddalashtirish ham o‘z ichiga olgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish maqsadida Komissiyaga mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amalga oshirilishi mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash imkonini beradi.