Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
KIRISH
Dunyo ta’lim tizimida pedagog kadrlarning universal kompetensiyalarini rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish, zamonaviy sifat menejmenti tamoyillari asosida korporativ ta’lim va kauching xizmatlarini kengaytirish, kadrlar innovatsion faolligini oshirishning intellektual axborot tizimlarini yaratish, forsayt metodologiyasi asosida zamonaviy kasbiy kompetensiyalar tizimini prognozlashtirishga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
YUNESKO tomonidan 2030 yilgacha belgilangan xalqaro ta’lim konsepsiyasida «butun hayot davomida sifatli ta’lim olishga imkoniyat yaratish»1 dolzarb vazifa sifatida belgilandi. Zamonaviy maktabda ta’lim sifati nafaqat unda dars beruvchi o‘qituvchilar, balki pedagog kadrlarning kasbiy mahorati darajasi bilan ham belgilanadi. Ta’lim sifatini oshirish yo‘lida o‘z faoliyatini tashkil etayotgan maktablar yuqori malakaga ega va yuksak ma’naviyatli shaxslar tomonidan boshqarilsa, ularda har tomonlama barkamol yoshlar yetishib chiqadi. Shu nuqtai nazardan pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish bilan bir qatorda, uning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hozirda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda jahonda ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining kasbiy bilimlarini va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish, ularning ta’limni tashkil etish va boshqarish sohasidagi malakalarini oshirish, kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish modellarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur tadqiqotlarda asosiy e’tibor ta’lim muassasalari pedagoglarining intellektual salohiyatini oshirish muammolariga qaratilgan bo‘lib, ularda aynan xalq ta’limi sohasi pedagoglarining ma’naviy-g‘oyaviy dunyoqarashi, malaka oshirish orqali kompetensiyalarni shakllantirish va rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yetarli darajada tadqiq etilmagan. Bu esa ta’lim muassasalari pedagoglarini tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishda bir tomonlama yondashuvning vujudga kelganini ko‘rsatadi.
Respublikamiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda pedagog kadrlar kasbiy kompetentliligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Malaka oshirish jarayonida maktab pedagoglari kompetentliligini rivojlantirishga doir O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida «sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish»2 bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda, maktab pedagoglarining malaka oshirish jarayonini takomillashtirish, ularning kasbiy faoliyatga doir kompetensiyalari, jumladan, kasbiy kompetentliligini rivojlantiruvchi mexanizmlar samaradorligini oshirishni taqozo qiladi.
Shu ma’noda ushbu ish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-son, 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3907-son, 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga kasbiyning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3931-son Qarorlari hamda mazkur sohaga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda juda dolzarb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |