Mahsulotlar sifatini belgilovchi asosiy ko`rsatkichlar va ularni aniqlash usullari
Mahsulot sifati ko`rsatkichlari – uni ishlab chiqarish va iste’mol qilish bilan bog`liq ma’lum sifat ko`rsatkichlari parametrlarining miqdoriy o`lchamini ifodalaydi. Qishloq xo`jaligida bunday ko`rsatkichlarga oziq-ovqat mahsulotlari bo`yicha ularning foydalilik darajasi, texnologik parametrlari, standartlashtirish xususiyatlari, ishonchliligi, ekologik tozaligi, to`yimliligi kabi ko`rsatkichlar kirsa, paxta xomashyosida uning navlari, turi, tola va chigit chiqish nisbati, tolaning uzunligi va pishiqligi kabi ko`rsatkichlarni misol qilib keltirish mumkin.
Ko`pchilik sifat ko`rsatkichlari mahsulot xususiyatlarining parametrlaridan tashkil topadi. Sifat ko`rsatkichlari muayyan mahsulotning iste’mol xususiyatlariga ko`ra turlicha bo`lishi mumkin. Qo`yilgan maqsaddan kelib chiqib, mahsulot sifatini baholashga imkon beruvchi ko`rsatkichlarni belgilari bo`yicha turkumlash mumkin:
Ifodalanish miqdori bo`yicha:
yakka ko`rsatkichlar;
kompleks ko`rsatkichlar.
Xususiyatlari bo`yicha:
iste’molga yaroqlilik darajasini ifodalovchi;
ishonchliligini baholovchi;
foydaliligini baholovchi;
tejamliligini ifodalovchi;
to`yimliligini baholovchi;
mustahkamligini baholovchi;
texnologik parametrlarini baholovchi;
ekologik xavfsizligini baholovchi va boshqalar.
Ifodalash usuli jihatidan:
natural ko`rsatkichlar (%, sm, kg va boshqalarda);
qiymat ko`rsatkichlari.
Ko`rsatkichlarni aniqlash bosqichlari jihatidan:
prognoz ko`rsatkichlari;
loyihaviy ko`rsatkichlar;
ishlab chiqarish ko`rsatkichlari;
iste’mol ko`rsatkichlari.
Yakka ko`rsatkichlar mahsulot sifatining alohida olingan biror-bir xususiyatini baholash uchun qo`llaniladi. Masalan, paxta xomashyosidan tola chiqish darajasi.
Kompleks ko`rsatkichlar mahsulot sifatini baholashga imkon beruvchi bir qator xususiyatlarni qamrab oladi. Masalan, paxta xomashyosida uning navlari, turi, namlik va ifloslanish darajasi, tola va chigit chiqish nisbati, tolaning uzunligi va pishiqligi kabi ko`rsatkichlar mahsulot sifatini kompleks baholashga imkon beradi.
Mahsulotning iste’molga yaroqliligi ko`rsatkichlari laboratoriya sharoitida davlat standartlari talablari asosida baholanadi. Bunda har bir mahsulotning xususiyatlaridan kelib chiqib, tayyorlangan maxsus ko`rsatkichlar tizimidan foydalaniladi. Bu ko`rsatkichlar tizimi mahsulotni sertifikatlashtirish uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Masalan, sut mahsulotini tekshirishda uning yog`liligi, tarkibida xolestirin moddasi mavjudligi darajasi, tozaligi va ekologik jihatdan xavfsizligi kabi bir qator ko`rsatkichlardan foydalaniladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari sifatini baholashda uning tarkibiga kiruvchi vitaminlar, mikroelimentlar va to`yimliligi asosiy ahamiyat kasb etadi. Bulardan tashqarii mahsulotning iste’molchilar uchun ishonchliligi, ya’ni laboratoriya tekshiruvidan o`tganligi va iste’mol uchun xavfsizligi ham muhim ko`rsatkichlar hisoblanadi.
Ma’lumki qishloq xo`jaligi mahsulotlarining bir qismi qayta ishlash sanoati uchun xomashyo sifatida ishlatiladi. Bunga paxta, don, meva va sabzavotlar, sut, ipak, qorako`l va boshqa bir qator mahsulotlarni misol qilib keltirish mumkin. Iste’molchi sifatida chiqadigan qayta ishlash korxonalari nuqtai nazaridan yondoshganda «xomashyo sifatida ishlatiladigan qishloq xo`jaligi korxonalarining sifat ko`rsatkichlari birinchi navbatda ularning texnologik parametrlari bilan o`lchanadi1». Bunda asosiy e’tibor yaratilishi lozim bo`lgan mahsulotga qo`yiladigan talablar xomashyoda mavjudligiga qaratiladi va uning texnologik jarayonlarga mos kelishi e’tiborga olinadi.
Mahsulot sifatini aniqlashga imkon beruvchi ko`rsatkichlar tizimida iqtisodiy ko`rsatkichlar ham muhim o`rin tutadi. Iqtisodiy ko`rsatkichlar mahsulot sifatini uni ishlab chiqarish tannarxi, sotish bahosi, material va resurs sig`imi, rentabelligi darajasi va kapital xarajatlar qiymatiga nisbatan baholashga imkon yaratadi. Shu bilan birga mahsulot sifatining joriy va bazis davrlardagi darajasini solishtirishga imkon beruvchi nisbiy sifat ko`rsatkichidan ham foydalaniladi. Mahsulot sifatini belgilab beruvchi iqtisodiy ko`rsatkichlar yuqorida keltirib o`tilgan barcha sifat ko`rsatkichlari bilan uzviy bog`liqlikka ega.
Mahsulot sifatiga tabiiy-iqlimiy, texnik, texnologik, ijtimoiy-psixologik va tashkiliy iqtisodiy xaraktyerdagi bir qator omillar o`z ta’sirini ko`rsatadi. Shuning uchun mahsulot sifatini ta’minlashda korxona tomonidan bir qator usullar va dastaklardan foydalanish lozim. Ularni shartli ravishda uchga bo`lish mumkin:
- mahsulot sifatini ta’minlash usullari;
- mahsulot sifatini rag`batlantirish usullari;
- mahsulot sifatini boshqarish natijalarini nazorat qilish usullari.
Mahsulot sifatini ta’minlash usullarining ko`pchiligini sifat darajasini aniqlash ko`rsatkichlari tashkil etadi. O`z navbatida ular ikki guruhga bo`linadi. Axborot olish usuli bo`yicha – o`lchov, ro`yxatga olish, organoleptik va hisoblash usullari mavjud. Axborot olish manbalari bo`yicha: an’anaviy, eksport va sotsiologik usullardan foydalaniladi.
O`lchov usuli – texnik o`lchov vositalaridan foydalanish natijasida Aniqlangan sifat ko`rsatkichlarini baholashda ishlatiladi. Masalan, sutning yog`lilik darajasini o`lchovchi, paxta xomashyosining namliligi va iflosliligini o`lchovchi asboblar bularga misol bo`ladi.
Ro`yxatga olish usuli – mahsulotni ishlab chiqarish yoki sinov jarayonlarida olingan axborotlarni muntazam jurnalga qayd etib borish asosida olingan xulosalarga tayanadi. Masalanб paxta yangi urug`ining unib chiqish tuplari soni, tupdagi ko`saklar soni, ekilgandan so`ng unib chiqish muddati kabi bir qator ko`rsatkichlarni sinov-tajriba uchastkalarida muntazam qayd etib borish natijasida uning sifat ko`rsatkiсhlari aniqlanadi.
Organoleptik usulda insonning sezgi organlari: ta’m bilish, ko`rish, eshitish, hid bilish organlari orqali olingan axborotlardan mahsulot sifatini aniqlashda foydalaniladi. Masalan, ular yordamida mevalarning shirinligi darajasi, pishib etilganligi, toza yoki ayniganligini aniqlash mumkin. Organoleptik usulning aniqlik darajasi ko`p jihatdan bu ishni bajaruvchi shaxsning malakasi, qobiliyat va ko`nikmalari hamda maxsus texnikalardan (lupa, mikroskop va h.) foydalanish darajasiga bog`liq. Bu usul ko`pincha oziq-ovqat mahsulotlari sifatini aniqlash jarayonida qo`llaniladi.
Hisob-taqqoslama usul – mahsulot sifati ko`rsatkichlarining uning parametrlariga bog`liq nazariy va empirik ma’lumotlarga tayanib amalga oshiriladi. Bunda aynan shu mahsulot sifatining tarmoqda belgilangan standart ko`rsatkichlari asos qilib olinadi va erishilgan natija ular bilan solishtiriladi.
An’anaviy usul – maxsus tajriba xo`jaliklari va laboratoriyalarda ixtisoslashgan malakali mutaxassislar tomonidan tajriba o`tkazish orqali olingan ma’lumotlarga tayanadi.
Ekspert usulida mahsulotning sifat ko`rsatkichlari maxsus tashkil etilgan mutaxassis-ekspertlar ishchi guruhi tomonidan aniqlanadi. Bunday guruhga tarmoq xususiyatlari va qaralayotgan mahsulotning texnologik parametrlarini yaxshi biluvchi yetakchi olim va mutaxassislar jalb etlishi lozim.
Sotsiologik usul mavjud yoki potentsial iste’molchilarning mahsulot sifati to`g`risidagi fikrlari yig`ish va tahlilga tayanadi. Buning uchun anketa so`rovlari, sotsiologik tadqiqotlar, konferensiyalar, ko`rgazmalar yoki auksionlar o`tkaziladi.
17-chizma
Mahsulot sifati darajasini baholash uchun differentsial, kompleks va aralash usullardan foydalaniladi.
Differentsial usulda mahsulot sifatining alohida yoki kompleks xususiyatlari erishilgan natijani asosiy daraja bilan solishtirishga asoslanadi. Mahsulot sifatining ko`rsatkichlarini kompleks tarzda ifodalashga imkon beruvchi ko`rsatkichlardan biri mahsulot sifati indeksidir. Bu ko`rsatkich quyidagi formula bilan aniqlanadi:
;
bu yerda: Qi.j, Qi.b lar mahsulot sifatining ko`rsatkichining mos ravishda joriy va asosiy darajasi.
i
Do'stlaringiz bilan baham: |