II.bob. Mashrab va xalq poetik ijodi
II.1. Shoir she’riyatidagi xalq maqollarining o’rni
Mashrab qо‘llagan xalq maqollari, matal va aforizmlar, ularning badiiy matn tarkibidagi poetik vazifalari tahlil qilindi. Mashrab lirikasidagi xalq og‘zaki ijodi unsurlarining milliy zamini va badiiy qirralari о‘rganildi. Mashrab lirikasini umumnazariy asosda tahlil qilish, xalq maqollarining shoir ijodidagi talqinlari ikkinchi bobning mavzu doirasiga kiritildi.
Dardi firoqing ayladi bemor,
Qayga boray men emdi davog‘a.
Yuqoridagi baytda “О‘zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga” degan maqol mazmunidan ustalik bilan foydalanilgani kuzatiladi.
Mashrab tomonidan qо‘llangan maqollar kо‘p hollarda fikran lо‘nda, aniq va obrazlidir. Binobarin, shoir ishlatgan maqol va matallar badiiy nutqqa mazmuniy salmoq, о‘ziga xos jilo baxsh etadi. Boshqa mumtoz shoirlar ijodida bо‘lganidek, Mashrab qо‘llagan maqollarda ham, о‘zbek xalqining о‘ziga xos turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi, mehnatga, insonga va Allohga munosabati о‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham shoir asarlarida qо‘llanilgan maqollar xalq hayoti, ruhiy dunyosi bilan yaqindir.
Xalq maqollaridagi ixchamlik, lо‘ndalik, hayratomuz mantiqiy izchillik hamma vaqt Mashrabni о‘ziga maftun etgan. Maqol va matallarga xos mо‘jaz ma’nolik, siqiqlikdan ta’sirlangan Mashrab g‘azallari tili og‘zaki ijodga xos sermazmun va tushunilishi oson ekani bilan alohida ajralib turadi. U she’r vazni, qofiya va band talablariga mos tarzda maqollardan о‘rinli foydalanishga erishgan.
Mashrab she’riyatida mahorat bilan qо‘llangan xalq maqollari, hikmatli sо‘z va iboralar shoir she’rlarining salmog‘ini, badiiyatini kо‘rsatuvchi mezonlardir. Shoirning poetik mahorati uning о‘zbek adabiy tilini xalq sо‘zlashuv tiliga yaqinlashtirishdagi xizmatlari bilan ham belgilanadi.
Mashrab g‘azallaridagi singari “Mabdai nur”, “Kimyo” asarlaridagi manzum hikoyalarda ham “irsoli masal” mahorat bilan qо‘llangan.
“Qо‘lida chirog‘i yо‘qni choh kutar” degan maqolni Mashrab haq yо‘lidan adashganlarga qarata qо‘llaydi:
Kimki yо‘lda sham’i yо‘qdur, kaj nazar,
Yо‘l yurar chog‘i jahannamg‘a tushar.
Shoir asarlarining xalq dili va didiga ma’qul kelishi, xalq tomonidan sevib о‘qilishi va kuylanishi uning she’riyati mazmunan xalqchil va usluban xalqona ekanligini kо‘rsatadi.
Yana bir о‘rinda Mashrab xalqimizning “Boshga tushganni kо‘z kо‘rar” degan maqolini mana bunday talqin etadi:
Ohu fig‘on qilib ketay, tog‘u tosha boshim uray,
Boshima ming balog‘a g‘am, kunda turur qiyomatim.
Bu baytda maqol mazmunidan tashqari, “ohu fig‘on qilib ketish”, “boshni toshga urish” kabi iboralardan ham ustalik bilan foydalanilgan.
Tekshirishlar kо‘rsatadiki, Mashrab lirik merosida aks etgan og‘zaki ijodga xos barcha unsurlar (maqol, matal, aforizm, sо‘z va iboralar)ning tarixiy-badiiy asoslari va genetik ildizlari qadimgi turkiy va forsiy poeziyaga, shuningdek, О‘rta asr tasavvuf she’riyatiga borib tutashadi. Shuning uchun xalq og‘zaki ijodi va Mashrab she’riyati mavzusi bitiruv malakaviy ishda tasavvuf ta’limoti nuqtai nazaridan ham о‘rganildi.
Adabiy ijodda xalqona iboralar tarixiy an’anaviy timsollar talqinini tadqiq etish, ularning badiiy asar matnidagi badiiy-estetik vazifasini о‘rganish dolzarb masalalardandir.
Agar ijodkor xalq jonli tilining biror vositasini, xususan, maqol, matal, hikmatli sо‘z va iboralarni tanlab olar ekan, shu vositani badiiy asar talabiga va о‘zining badiiy niyatiga muvofiq tarzda qо‘llaydi. Ijodkor xalq tilidan badiiy vositalar topib, о‘z uslubiga xos xususiyatlarni shakllantiradi.
Bitiruv malakaviy ishda Mashrab ijodida qо‘llangan maqol va aforizmlar о‘rganilar ekan, uning she’riyatida yuksak mavqeni egallagan jonli sо‘zlashuvga xos unsurlar, idiomatik iboralar tadqiqiga alohida e’tibor qaratildi.
Mashrab devonidagi “deb” radifli g‘azalda “mulki jahonga о‘t yoqish”, “g‘avg‘oi qiyomat qilish” kabi birikmalar asosida shakllangan iboralarni qо‘llash orqali yorning gо‘zalligidan paydo bо‘luvchi holatning anchayin mubolag‘ador tasviri ifodalangan:
To kiydi qizil о‘zini zebo qilayin deb,
О‘t yoqdi jahon mulkina g‘avg‘o qilayin deb.
Bu baytdagi “to kiydi qizil” degan iboraga diqqat-e’tiborni qaratadigan bо‘lsak, shubhasiz, Mashrab bu о‘rinda ma’shuqasini “qizil kiyim”ni kiyib, qizil qon tо‘kishga shaylangan kо‘chma ma’nodagi “jallod”ga о‘xshatayotgani anglashiladi.
Mashrab “Arzimni aytay” matla’i bilan boshlanadigan g‘azalida ham ishq yо‘lidagi “ahdu vafo”ni kim buzadigan bо‘lsa, “xudoga solishi”ni xuddi shu ma’noda ishlatgan. Suyukli yorga, mahbubaga murojaat qilinganda kо‘pincha “qorakо‘z”, “mastona kо‘z” iboralari qо‘llanadi. Shoir “xо‘b” radifli g‘azalida har qadamda va’dasidan qaytadigan ma’shuqaning “mastona qora kо‘zi”ga ishonib, aldanmaslikni uqtiradi:
Gar bodmasal charx urib Mashrabi miskinni,
Mastona qaro kо‘zga nigoh chekmaganing xо‘b.
Bu baytda shoir “shamoldek”, “shamolga о‘xshab” degan iborani “bodmasal” tarzida qо‘llagan. Mashrab bir necha baytlarida “kо‘ngildan о‘tkazmoq” iborasini “о‘ylamoq”, “kо‘ngli joyiga tushdi” iborasini esa “tinchimoq” ma’nosida ishlatadi. “Eti suyagiga yopishgan” iborasi orqali esa “ozg‘in”, “qotma” ma’nosini kо‘zda tutadi.
Shoirning “Kо‘nglimni berdim”, “Kо‘rsat jamoling” deb boshlanadigan kichik hajmli g‘azallarida vazn, ritm va qofiya mahorat bilan uyg‘unlashgani kuzatiladi. Unda “kuydi yuragim”, “yuz ming balog‘a qoldim”, “jafo chekish”, “kо‘ngli qattiq”, “bemori ishq”, “sovuq sо‘z tushdi”, “ostonaga bosh qо‘yish” kabi о‘zbekcha va forscha izofalar bilan omuxta sо‘z birikmalari anchagina.
Mashrab adabiy merosi mohiyat e’tibori bilan dunyoviy va hayotbaxsh bо‘lib, ayni paytda, u ruhoniy-irfoniy xususiyatga ham ega. Shoir asarlarining ilhom manbaini davr, zamon, hayot va inson muammolari tashkil etadi. U borliqni har tomonlama chuqur va ta’sirli tarzda tasvirlash uchun tasavvuf ta’limotiga tayangan edi. Sharq adabiyotidagi ilg‘or an’analarning davomchisi sifatida qalam tebratgan Mashrab ijodiyotida ana shu ikki jihat yorqin kо‘zga tashlanib turadi. Ulug‘ ijodkorning ilohiy-irfoniy maslagi xalq og‘zaki ijodi uchun ham xos bо‘lgan insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish uchun bir vosita bо‘lib xizmat qilgan. Shoir g‘azaliyotining g‘oya va obrazlar olami atroflicha tadqiq etilganda bu haqiqat yaqqol namoyon bо‘ladi.
Mashrab asarlarida yuzlab maqollarni, hikmatli so`zlarni uchratishimiz mumkin. Ular mavzu jihatdan ham, mazmun jihatdan ham keng va xilma-xil bo`libshoir ularni gohida aynan keltirsa, goh ayrimlariga ju’ziy o’zgartirishlar kiritadi. Bu o’zgartirishlar ba’zan esa har ikkalasiga ham taalluqli bo’ladi.U ayrim maqollarning bir emas, bir necha variatlarini qo’llaydi. Jumladan, “O’rdak g`ozga yetguncha butidan ayrilur” degan maqolni eslatish uchun shoir “Yo’rg’alikda eshak otdek emas” maqolini ham keltiradi. U o’z falsafiy mushohadasini jamlab kelib, ustma- ust kichik hikoyalar keltiradi. Jumladan, “To’g’ri oshini, egri boshini yer”, “Egrining omochi yerga tegmas”, “Egrining soyasi ham egri”, “To’g’ri o’zar egri to’zar”, “O’zi to’g’rining so’zi to’g’ri” hikmatlari mazmunidan kelib chiqib, “Egri yurganga olov tegar” maqolini ishlatadi:
…Egrilik ko’p qilma, bejo qori bor,
Kimki kaj bo’ldi, yo’lida nori bor.
Shayx Abul Sahl Muhammad haqidagi hikoyatda Mashrab asl odamdan noasl kishi dunyoga kelishi mumkinligi haqidagi falsafiy fikrni ilgari suradi. Bazilar bor: “Mening asl zotim falonchi” deb, yeti avlod e`tibori bilan kerilmoqchi bo’ladi. Shoir zoti- zurriyoti yaxshi kishilardan ham yomonlar chiqishi xususida bahs yuritadi. Chindan ham, bir daraxtning bir necha shohi qurishi mumkin, bu bilan butun daraxtning shukuhiga vahm sololmaydi, ya’ni boshqa shohlari samara beraveradi. Shundan kelib chiqib, faylasuf shoir odamlarga maslahat berib,o’tgan ajdodlarni pesh qilib, ularning etagida manmanlik nomozini o’qimaslik kerak, degan bir haqiqatni ixtiyor etadi.Bu yo’lda shoir ,,Mushukka ham ozor bermay” yashashni o’rgatadi. Bunda shoir o’z fikrlari bilan o’rtoqlashish uchun xalq o’rtasida mashhur “Chumoliga ham ozor yetkazma”, “Chumolining ham ko’nglini og’ritma” qabilidagi maqollardan foydalanadi:
…Bas kishiga tegmasun xavfu xatar,
Murg’a ozor bermas yaxshilar.
Bu o’rinda muallif “yeru ko’k inson qo’lida” degan xalq ta’birlaridan ham foydalangan. Hikoyaning oxirida u dunyoni ,,Mayiston” deb atab, unga yashovchi mo’minlarni ogohlikka chaqiradi, ularni hamisha “Zoti gavhar”iga intilish dardi bilan yashashga da’vat etadi. Bunda san’atkor maqollar keltirish bilan voqia syujetini kuzatib boradi. El og’zidagi “Dardi yo’q eshshak” degan naqil ham shoirga asqotib qoladi:
…Bas bu yo’lda qori odam darddur,
Har kishini dardi yo’q, nomarddur.
“Mabdai nur”da ishlatilgan “O’g’lini zar bilan o’qitgan arab xojasi” haqidagi hikoyatda ham shoir qator mazmundor maqollarni qo’llagan. Jumladan, “Toma-toma ko’l bo’lur” maqoli ijodiy qayta ishlanadi: “Qatra- qatra tomib, Qulzum bo’lur”,”Sadafsiz daryo bo’lmas, marvarid nimkola bo’lmas”, “Ganj beranj qo’lga kirmas” va boshqalar.
…Vaqti keldi, asli nasling gul bo’lur,
Qatrai daryo tomib, Qulzum bo’lur.
…To sadaf chiqmay xalq qo’liga olmadi.
…Bas, bu yo’lda ming jahon ganjinadir,
Asli bo’lsang, ganj beranj nimadir.
Mashrab o’z hikoyatlarining yana birida xudojo’y, solih biro dam bilan xudobexabar suhbati qotil kishi haqida juda o’rinli maqol keltiradi. Xudojo’y so’fiy rahmi kelganidan “xudobexabar”ni yo’lga solish uchun ko’p aziyatlar chekadi. Biroq, Xoja har qancha urinmasin, u yaramasligicha qolaveradi. Shundan xulosa qilgan shoir har kishi osonlik bilan Ollohning taniy olganda, eshakmunchoq ham gavharga aylanar edi, degan haqiqatga yetib keladi.
Har valiykim boxabar bo’lsa edi,
Har nechun xarmuhga dur bo’lmasmi?
Shu hikoyat zamirida Mashrab yana bir maqolni joylab, o’z niyatini chuqurroq dalillashga urinadi. Ya’ni, Ollohni tanimagan kishining fikrini rad etib, uni misoru tavariqqa solish uchun juda ko’p suhbat va sa’y- harakat, chidam, matonat zarur bo’lganidek, ,,Qushni tutishga ham ko’p don kerak” degan bir tabirni keltirib ,o’z fikrini asoslaydi.
Shoya bo’lg’aysen vale saydi zabon,
Qushni olmoqqa kerak bisyor don.
Mumtoz shoirlar xalq orasida kinoyali istehzolarning yuzaga chiqarmoqchi bo’lganida, odatda, ,,shiraga botgan pashsha” degan ta’birni ishlatadilar.Jumladan, Mashrab ham original tashbeh yaratgan.
Sadga yetting, saddi rohing bo’ldi xas,
Shiraga tegdi, ucholmasdir magas.
Mashrabning fikricha, inson o’zining go’ri va kafani g’amida yurmasligi lozim. Chunki, el orasida ,,murda kafansiz qolmas” degan gaplar ham yuradi.
G’ami go’ri kafanni qayg’usida bo’lsa, ey darvish,
Ko’milmay qolmagay hech murda, hargiz taxti poqolmas.
Xulosa qilib aytganda, Mashrab ijodi xalq durdonasi hisoblanmish xalq maqollariga boy bo’lib, ular turli badiiy maqsadlarda qo’llangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |