Tadqiqotning maqsadi. Xiva xonligida saroy qabul marosimlariga xos an’analar va o’ziga xosliklarni yoritish, bu masalaning davlatchilik rivojida tutgan o’rnini ilmiy tadqiq etish va umumlashtirish magistrlik dissertatsiyasining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Tadqiqotning vazifalari. Magistrlik ishi doirasida quyidagi ilmiy vazifalarni hal etish rejalashtirilgan:
Xiva xonligida davlat tizimi, xonlikda davlat boshqaruviga xos an’anlar va ularning shakllanishining tarixiy asoslarini o’rganish;
Xonlikda mavjud bo’lgan saroy unvon va mansablari masalasini yoritish, Markaziy davlat boshqaruvida saroy mansabdorlarining ishtiroki va o’rnini tahlil qilish;
Xonlikda saroy qabul marosimlariga xos an’analar va ularning davlatning siyosiy mavqeini ko’tarishdagi o’rni masalasini ilmiy tadqiq etish;
Xonlikning xalqaro aloqalari, xorijiy elchilarni qabul qilishdagi o’ziga xosliklarni yoritish, bu masalalar bo’yicha ma’lumotlarni tizimlashtirish;
ilmiy adabiyotlar va yozma manbalar ma’lumotlarini, yangi to’plangan ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qilish va natijalarni fanga joriy etish;
Tadqiqotning manbaviy asoslarini so’nggi o’rta asrlar davrida fors va o’zbek tilida mahalliy mualiflar tomonidan yozilgan asarlar, shuningdek rus va boshqa yevropa tillarida yaratilgan yozma manbalar va ilmiy adabiyotlar ma’lumotlari, arxiv hujjatlari tashkil etadi.
Mavzuni yoritishda muhim o’rin tutgan yozma manbalarni hududiy va davriy jihaatdan quyidagicha klassifikatsiya qilish mumkin:
1. Mahalliy mualliflar asarlari. Mavzu bo’yicha bir qancha qimmatli ma’lumotlarni Abulg’ozi Bahodirxon tomonidan yozilgan “SHajara-i turk”3 asaridan, Munis tomonidan yozilgan va Ogohiy tomonidan nihoyasiga yetkazilgan “Firdavsul iqbol”4, Ogohiy qalamga mansub “Riyoz-ut davla”, “Jomeal-voqeati Sultoniy”, “Zubdatut tavorix”, “Gulshani davlat”, “SHohidul iqbol”5, Boyoniyning “SHajarai xorazimshohiy”6, Kamyobning “Tarixi xavonin”7 va boshqa asarlardan olish mumkin.
Xiva xonligi tarixini o’rganishda Bobojon Safarovning asarlari ham juda qimmatlidir. Bobojon Safarov XIX asrning oxirlarida Xivada tug’ulib, madrasa ta’limidan so’ng mufti a’lam bo’lib ishlagan. Uning shartli ravishda nomlangan “Xorazm tarixi”, “Xorazm xonligiga tegishli tarixiy materiallar”, “Xorazmda o’tgan o’zbek podshohlarining nasablari, xonliklari, avlodu oilalari, mol-mulklari, xulqu odatlarining voqea ahvollari”, “Xorazmda bo’lub o’tgan qulchilik ahvollarining voqealari”, “Isfandiyorxonning xonliq vaqtidag’i qilg’on ishlaridan ba’zi voqealar” asarlari va yozishmalari yetib kelgan. Mazkur asarlarning barchasi O’zbekiston FA SHarqshunoslik instituti xazinasida (– №№10231, 11117, 11254/I1254/II, 11254/III) saqlanadi.
Safarov Bobojonning asarlari sho’rolar davrida yozilgani va ularning mazmunida davrning g’oyaviy ta’sirini inobatga olish lozim. Ularning biryoqlama voqelarga baho berishi bilan undagi ko’p tarixiy voqealar tafsilotlaridan yangi va o’ta muhim ma’lumotlarni olish mumkin.
“Xorazm tarixi” asarida B. Safarov Xorazmda yuz bergan 1864-1934 yillardagi voqelar bayon etilgan. Asarda ayniqsa 1920-1922 yillardagi siyosiy voqealar kengroq yoritiladi. Asarda keltirilgan geografik hamda Xiva xonligining etnik tarixiga oid ma’lumotlar juda qimmatlidir. Asar muqaddima va 36 bobdan iborat. Boblar nomlari quyidagacha:
“Xorazm xonliqiga tegishli tarixiy materiallar”da xonlik davriga oid o’ta muhim ma’lumotlar mavjud. Unda xonlik tarixi XVII asrdan XX asrning boshlarigacha yoritilgan. Asarda soliqlar, xiroj, zakot, boj olish haqida ma’lumotlar keltirib, unda Muhammadrahimxon II va Asfandiyorxon davrlari kengroq yoritiladi. Asar nasta’liqda, oddiy qalamda Xivada yozilgan va 16 varaqdan iborat.
“Xorazmda o’tgan o’zbek podshohlarining nasablari, xonliqlari, avlodu oilalari, mol-mulklari, xulqu odatlarining voqea ahvollari” nomli asarini B. Safarov O’zbekiston FA Tarix instituti buyurtmasi bilan yozgan. Unda xonlik tarixi Eltuzarxon davridan (1804-1806) boshlab Asfandiyorxon davrigacha (1918 yili o’ldirilgan) bo’lgan voqealar bayon etiladi. Asar 81 sahifadan iborat.
Bobojon Safarov oxirgi ikkita asarida Xorazmda qulchilik masalasini (12 sahifada) va Isfandiyorxon davri tarixini (4 sahifada) yoritgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |