Arxaik so`zlar. Hozir mavjud bo`lgan narsa-hodisalarning eskirib qolgan nomlari arxaik so`zlar deyiladi. Arxaik so`zlar yig`indisi arxaizmlar deyiladi. Arxaizm – grekcha so`z bo`lib, archaios – «qadimgi» degan ma`noni bildiradi.
Eskirgan so`z ifoda etayotgan narsa-hodisalar hozirgi hayotda bor bo`lgani uchun uning eskirgan nomini almashtira oladigan zamonaviy qatlamga oid so`z mavjud bo`ladi. Aslida bir narsaning birdan ortiq nomi bo`lsa, ulardan til taraqqiyoti qonuniyatlariga javob bera oladigani tilda saqlanib qoladi, javob bera olmaydigani eskilik bo`yog`iga ega bo`lib, ishlatilmay qolib ketadi. Masalan, sekretar – kotib, mirzo, kotiba. Ular ichidan kotib so`zi hozirgi kunda kishilar tomonidan keng ko`lamda qo`llanilyapti. Sekretar so`zi eskirib, arxaiklashib qolgan. Arxaik so`zlar so`zlovchining ko`z oldida iste`moldan chiqib ketayotgan so`zlardir: revolyutsiya (inqilob), tuman (rayon), viloyat (oblast), baynalmilal (internotsional), bitik (kitob), ulus, budun (xalq), o`miz (ko`krak) kabi.
So`zlar butun holda arxaiklashishi yoki uning biror ma`nosi arxaiklashishi mumkin. Shunga ko`ra ular: a) leksik arxaizmlar; b) semantik arxaizmlar tarzida ikki xil bo`ladi.
Leksik arxaizmda so`z eskiradi: gulgun, siymo (obraz).
Semantik arxaizmda ma`no eskiradi: chechak – «gul» ma`nosida eskirgan, bekat – karvonlar to`xtaydigan joy ma`nosida eskirgan, bag`ir – «jigar» ma`nosida eskirgan.
Arxaiklashish iboralarda ham, grammatik hodisalar doirasida ham yuz beradi. Iboralarning arxaiklashishi: dasti alif-lom qilib, gardonini ham qilib; yoqasini chop etmoq; grammatik hodisalarning arxaiklashishi ham uchraydi: sifatdoshning –din, -mish shakllari, ravishdoshning – bon, -ibon shakllari, -dur – kesimlikni ko`rsatuvchi bog`lama eskirgan grammatik shakllardir.
Fonetik arxaizmlar ham mavjud bo`lib, unda tovush eskiradi: sobun, qaboq kabi (sovun, qovoq).
Neologizmlar. Kundalik hayotimizdagi yangi narsalarni, ularning belgilarini, yangicha munosabatlarni, umuman yangi tushunchalarni ifoda etish ehtiyoji bilan yuzaga kelgan so`zlar yoki yangi ma`noda qo`llangan eski so`zlar neologizmlar deyiladi. Neologizm grekcha so`z bo`lib, neos
«yangi» degan ma`noni bildiradi. Neologizm yangilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlardir. Masalan:
bakalavr, magistratura, kompyuter, kompyuter texnologiyasi, marketing, supermarket kabi. Neologizmlar yangi paydo bo`lgan paytda, ishlatilish doirasiga ko`ra chegaralangan leksikaga kiradi. Neologizmning ma`nosi tushunarlilik kasb etsa, xalq orasida ommalashib ketishi mumkin. Bunda u yangilik bo`yog`ini yo`qotadi va umumxalq so`ziga aylanadi. Masalan: brigada, televizor, traktor, kosmos, kosmonavt va hokazo.
Ba`zi neologizmlar yangiligicha qolib ketishi, ishlatilish doirasi chegaralangan leksikadan o`rin olib qolishi mumkin. Demak, neologizm – nisbiy tushuncha. Chunki har bir davr o`z neologizmiga ega bo`ladi.
So`z yoki so`zning ma`nosi neologizm bo`lishi mumkin.
So`z neologizm bo`lsa, leksik neologizm deb yuritiladi: broker, ...
Leksik neologizmlar tamomila yangi, hali o`zlashib ketmagan so`zlardir. Bunday so`zlar: 1) o`zbek tilida avvaldan mavjud bo`lgan so`z va yasovchi qo`shimchalar bilan yasalgan yangi so`zlardir: aqldosh; 2) boshqa tildan kirgan, hali umumxalq tiliga singib o`zlashib ketmagan yangi so`zlardir: magistr, bakalavr.
Leksik ma`nolardan biri yangi bo`lsa, semantik neologizm deb yuritiladi. Masalan:
tadbirkor, ishbilarmon.
Do'stlaringiz bilan baham: |