85-modda. Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara)
huquqi asosida dehqon xoʻjaligi boshligʻiga berilgan yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini
yetishtirishni va realizatsiya qilishni dehqon xoʻjaligi aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida amalga
oshiruvchi xoʻjalikdir.
Dehqon xoʻjaligi oʻz faoliyatini bogʻdorchilik va uzumchilikka yoki sabzavot va poliz ekinlarini
yoxud boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashish asosida amalga oshiradi.
Dehqon xoʻjaligining faoliyati dehqon xoʻjaligi aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil
etgan yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xoʻjaligi dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer
uchastkasiga boʻlgan huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi hisobga qoʻyilganidan keyin, yuridik
project.gov.uz
06.06.2022
36
shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaligi esa – dehqon xoʻjaligi boshligʻida yer uchastkasiga boʻlgan
huquq yuzaga kelganidan va dehqon xoʻjaligi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan
keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Dehqon xoʻjaligining faoliyati xoʻjalik aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Dehqon
xoʻjaligining ixtisoslashuviga qarab, muayyan ishni bajarish uchun mehnat shartnomasi shartlari asosida
boshqa shaxslar vaqtinchalik (mavsumiy) asosda jalb etilishi mumkin.
86-modda. Dehqon xoʻjaligi boshligʻi
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli boʻlgan, oʻziga dehqon xoʻjaligini yuritish
uchun yer uchastkasi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara (ikkilamchi ijara) huquqi
asosida berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy
yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxs dehqon xoʻjaligi boshligʻi boʻlishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi dehqon xoʻjaligi nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan
dehqon xoʻjaligining manfaatlarini yuridik va jismoniy shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarda ifodalaydi
va dehqon xoʻjaligi nomidan shartnomalar tuzadi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotgan yoki uzoq vaqt yoʻq boʻlgan
(harbiy xizmatga chaqirilish, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy taʼlim tashkilotiga oʻqishga
kirish, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanish va boshqalar) taqdirda, u oʻz majburiyatlarini bajarish
vakolatini ushbu xoʻjalikning aʼzolaridan biriga berishga haqlidir.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro
kelishuv boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanadi. Bunda yer uchastkasiga meros qilib
qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi meros boʻyicha dehqon xoʻjaligining yangi boshligʻiga oʻtadi,
dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijaraga (ikkilamchi ijaraga) berilgan yer uchastkalariga nisbatan esa
ijara (ikkilamchi ijara) shartnomasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini toʻliq
yoʻqotganda, shuningdek harbiy xizmatga chaqirilgan, kunduzgi oʻquv shaklida taʼlim olish uchun oliy
taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirgan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda, dehqon
xoʻjaligi boshligʻining taklifi va dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv boʻyicha dehqon
xoʻjaligining yangi boshligʻi belgilanishi mumkin, unga yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan
umrbod egalik qilish huquqi oʻtadi.
Dehqon xoʻjaligi boshligʻi xoʻjalikni yuritish uchun ijaraga berilgan yer uchastkalariga nisbatan
ijara huquqini tegishli tuman (shahar) hokimini xabardor qilgan holda ushbu moddaning birinchi qismi
talablariga javob beradigan oʻz oila aʼzolaridan biriga ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga,
ikkilamchi ijara asosida olingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni esa ikkilamchi ijaraga beruvchi bilan
kelishgan holda ikkilamchi ijara muddatiga beriladi. Bunda tuman (shahar) hokimi dehqon xoʻjaligi
boshligʻining xabarnomasi olgan vaqtdan boshlab bir ish kunida yer ijara shartnomasiga tegishli
oʻzgartirish kiritilishini taʼminlaydi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda dehqon
xoʻjaligining yangi boshligʻi toʻgʻrisidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda dehqon xoʻjaligi
aʼzolari yigʻilishining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Dehqon xoʻjaligi aʼzolari oʻrtasida dehqon
xoʻjaligining yangi boshligʻi haqida oʻzaro kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal
qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |