J.Buranovning ta’kidlashicha, lingvistik tipologiya tadqiqot ob’ektiga ko‘ra quyidagi to‘rt turga bo‘linadi: a) genetik tipologiya; b) struktural tipologiya; v) areal tipologiya va g) qiyosiy tipologiya (Buranov, 1983, b. 33).
Lingvistik tipologiyaning asosiy namoyondalari sifatida V. fon. Gumboldt, A. Shlaxer, J. Grinberg, Yu.V. Rojdetsvenskiy, B.Uspenskiy boshqa olimlar ta’kidlanadi (Yusupov, 2013, b. 6). Ular o‘z ishlarida lingvistik tipologiyaning xususiyatlarini tavsiflab berganlar.
Chog‘ishtirma tilshunoslik va uning lingvistikaning boshqa sohalari bilan aloqasi.
Chog‘ishtirma tilshunoslik. Qiyosiy tilshunoslikning ushbu yo‘nalishida ona til va o‘zga til (o‘rganilayotgan chet tili) o‘zaro qiyoslanadi. O‘.Q.Yusupov mazkur yo‘nalishning vazifalarini nazariy va amaliy (lingvodidaktik) guruhlarga bo‘ladi. Chog‘ishtirma tilshunoslikning nazariy vazifalariga quyidagilar kiradi: a) qiyoslanayotgan tillar o‘rtasidagi farqli va o‘xshash tomonlarini aniqlash; b) ushbu tillarda ichki qiyoslash jarayonida olimlar e’tiboridan chetda qolgan xususiyatlarni aniqlash; v) qiyoslanayotgan tillarda mavjud tendentsiyalarni aniqlash; g) tillararo ekvivalentlarni aniqlash; d) agar qiyoslanayotgan tillar bir-biri bilan doimiy aloqada bo‘lsa, bir-biridan o‘tgan o‘zlashma so‘zlarni aniqlash; e) qiyoslanayotgan til birliklari o‘rtasidagi o‘xshash va farqli xususiyatlarning sabablarini tushuntirish; f) qiyoslanayotgan tillarda lingvistik universaliyalarni tekshirish. Ushbu yo‘nalishning lingvodidaktik vazifalariga esa a) qiyoslanayotgan til birliklari o‘rtasidagi aniqlangan o‘xshash va farqli xususiyatlar
metodik nuqtai nazardan muvofiq yoki muvofiq emasligi, ya’ni ushbu o‘xshashlik va tafovutlar tillararo interferentsiya va fasilitatsiya (transpozitsiya) uchun lingvistik sabab bo‘lishi mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash; b) tillararo ekvivalentlarni aniqlash; v) chet til mutahassislariga tillararo qiyoslash o‘qitish metodi sifatida qo‘llanilishi yuzasidan tavsiyalar berish kabilar kirishi e’tirof etiladi (Yusupov, 2013, b. 7).
Shuningdek, olimning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda chog‘ishtirma tilshunoslik bo‘yicha dastlabki ishlar Maxmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” va Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarlari hisoblanadi. Chog‘ishtirma tilshunoslikning nazariy asoslari rus tilshunosi V.N.Yartseva va o‘zbek tilshunoslari Dj.Buranov va U.K.Yusupovlar tomonidan ishlab chiqilganligi e’tirof etiladi (Yusupov, 2013, b. 8).
Chog‘ishtirma tilshunoslikning tadqiqot metodlari sifatida qiyosiy tahlil (qiyoslanayotgan til birliklari o‘rtasidagi o‘xshash va farqli xususiyatlarni yoritish), komponent tahlil (qiyoslanayotgan ob’ektlarning semantik farqlarini ko‘rsatish), distributiv tahlil (qiyoslanayotgan til birliklarining yuzaga kelish muhit (o‘rin)larini ko‘rsatish) va statistik tahlil (nutqda elementlarning qo‘llanilishini ko‘rsatish) usullari sanaladi (Yusupov, 2013, b. 9).
Tilshunoslikning ushbu bo‘limi shuningdek qiyosiy tipologiya nomi bilan ham ataladi (Yusupov, 2013, b. 5).
Qiyosiy tipologiya fanining paydo bo‘lishi. Professor J.B.Bo‘ronov ushbu fanning yuzaga kelishini quyidagi sabablar bilan bog‘laydi (Bo‘ronov, 1973, b. 84-86):
Tipologik taqlid. Ushbu omil ma’lum bir til sistemasini aks ettirgan muayyan tahlil vositasida boshqa bir til sistemasini o‘rganish jarayoni bilan izohlanadi. Bunda ma’lum bir til sistemasi yoki subsistemasi boshqa til sistemasi yoki subsistemasiga taqlid qilish asosida yaratiladi. Shuningdek, bunda biror tilda yaratilgan yoki aniqlangan muayyan til tizimidagi yangilik boshqa tillar uchun asos bo‘lishi mumkin.
Qiyosiy-tarixiy metodlar. Bunda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik vakillari qardosh tillar sistemalarini tadqiq etib, til birliklarining (fonetik, morfologik, leksik, sintaktik) tarixiy paydo bo‘lishining umumiy praforma (tiklangan ilk forma)larini aniqlab, qiyosiy tipologiya fanining yuzaga kelish jarayonini tezlashtirdi. Demak, qardosh tillar sistemasidagi muammolarning o‘rganilishi qiyosiy tipologiya fanining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |