Transformatsion tahlil metodida sintaktik qurilmalar - konstruksiyalarning muayyan qoidalar asosida boshqa shaklga, ko‘rinishga ega bo‘lishi – ya’ni transformatsiyalanishi tushuniladi. Transformatsiya – qayta tuzish, o‘zgartirish ma’nosini bildirib, “transformatsion tahlil” va “transformatsion metod” tushunchalarini sinonim sifatida ishlatish mumkin. Ushbu metod yordamida transformatsiyaga uchragan har bir sintaktik qurilmaning tarkibi, bunda namoyon bo‘lgan o‘ziga xos semantik jihatlari ham chuqur o‘rganiladi. Demak, transformatsion tahlil metodi til sistemasining ichki mikrosistemalarni – yadro gaplar va ulardan hosil bo‘lgan transformalarni, to‘g‘rirog‘i, yadro gaplardan transformalarning hosil bo‘lish jarayonini o‘rganadi.
Masalan, Talaba kitob oldi gapining transformatsion shakllari (talaba olgan kitob, talabala tomonidan olingan kitob, kitob olgan talaba, talabaning kitobi) nutqiy variantlaridan iborat bo‘lib, transformatsion tahlil metodi asos - yadro gap (talaba kitob oldi)dan transformatsiyalashgan sintaktik modellarni, ya’ni transformatsiyalanish qoidalari, mexanizmini o‘rganadi. Transformatsion tahlil metodining asosiy vazifasi muayyan tilda mavjud bo‘lgan yadro gaplarni aniqlash, uning sintaktik mohiyati va maqsadga ko‘ra turlicha namoyon bo‘lish imkoniyatlarini ochishdir. Bu metod lingvistik eksperimentlarning bir turi bo‘lib, hozirgi zamon tilshunosligida, xususan, sintaktik va stilistik izlanishlarda qo‘llanilayotgan muhim metodlardan biri hisoblanadi va hozirgi kunda mashina tarjimasi, injener va matematik lingvistikasi sohalarida keng qo‘llanadi.
Ushbu metod lisoniy birliklarning nutq faoliyatidagi, asosan matndagi qo‘llanish miqdorini tadqiq qiladi. Mazkur metod til sathlarining barchasiga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Biroq uning eng ko‘p ishlatiladigan sohasi leksikologiya va leksikografiya hisoblanadi. Statistik tahlil asosida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar yordamida eng faol va eng passiv so‘zlar, so‘zlarning me’yoriy va me’yoriy bo‘lmagan qo‘llanishi belgilanmoqda, tarqalish chegarasi, ko‘lami aniqlanmoqda. Bu metod nazariy va amaliy tilshunoslik uchun qimmatli ma’lumotlar beradigan chastotali lug‘atlar tuzish, lug‘at minimumlari yaratishda qo‘llanadi.
Shuningdek, so‘z shakllari, fonema, morfemalarning qanday taqsimlanishi, o‘zaro birikuvda qanday faollikka egaligini ham aniqlashga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |