3-asosiy savol bayoni: Geografik o’rni va tabiiy boyliklari. Qashqadaryo viloyati mamlakatning janubida joylashgan, u shimoli-g’arbda Buxoro, shimolda Samaqand va qisqaroq masofada Navoiy viloyatlari, janub va janubi-sharqda Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh. Geosiyosiy mavqei, shuningdek, g’arb va janubi-g’arbda Turkmaniston, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan ham tavsiflanadi.
Er usti tuzilishi ancha murakkab-uning taxminan yarmidan ko’proq qismi tekislik va uncha baland bo’lmagan tepaliklardan iborat. (250-500 metr dengiz satxidan baland). Katta maydonga ega bo’lgan Qarshi cho’li ham aynan shu erda joylashgan. Viloyat shimoli-sharq, sharq va janubi-sharqda tog’liklar bilan o’ralgan. Bu erda Zarafshon va Hisor tizmalari, Chakchar tog’lari ko’tarilib turadi, ularning eng baland nuqtalari 3750—4100 metrgacha etadi.
Viloyat relefining bunday turli-tumanligi o’ziga xos tabiiy boyliklarga egaligini asoslab beradi va ichki xududiy mehnat taqsimoti, iqlim sharoitlarining shakllanishiga sabab bo’ladi. Jumladan, Qashqadaryoning quyi qismi katta qishloq xo’jaligida foydalanish uchun qulay bo’lgan er maydonlariga ega. Shu bilan birga bu er respublikamizda neft va tabiiy gaz zaxiralarining ko’pligi bo’yicha birinchi o’rinda turadi. Chunonchi, qurilayotgan hududda Ko’kdumaloq, Muborak, Pomuk kabi yirik neft-gaz, Sho’rtan, Zevardi, Kultikga o’xshash tabiiy gaz konlari mavjud. Viloyatning Dexqonobod tumanida esa turli xil tuz konlari, qurilish materiallari xom ashyosiga boy. Ayniqsa, bu erda katta zaxiraga ega bo’lgan kaliy tuzlarining borligi mamlakatimizda kaliy o’g’itlarini ishlab chiqarish sanoatini tashkil qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, viloyatning yuqori-Shaxrisabz iqtisodiy rayoni da marmar va boshqa konlar ham majud. Bu erda Kitob geologik qo’riqxonasi ham tashkil qilingan. Shunday qilib, Qashqadaryoda xususan yoqilg’i-energetika, tog’-kon va gaz kimyosi, qurilish materiallari sanoatini keng ko’lamda rivojlantirishga qulay imkoniyatlar mavjud.
Iqlimi kontinental, yog’in-sochin miqdori, ayniqsa cho’l iqtisodiy rayonida juda oz. Binobarin, bu erda dexqonchilikni rivojlantirish uchun irrigatsiya shaxobchalarini qurish talab etiladi. Tog’ oldi va tog’ iqtisodiy rayonida yillik yog’in-sochin miqdori xatto 800—900 mm ga ham etadi. Bu esa daryolarning to’yinishiga qulay sharoit yaratadi.
Viloyat hududi Qashqadaryo xavzasida joylashgan. Qashqadaryoga Jondirdaryo, Oqsuv, Tanxizdaryo, Oyokchidaryo, Qizildaryo va boshqalar kelib ko’shiladi. Natijada viloyatning yuqori (Shaxrisabz) iqtisodiy rayoni da gidrografik tizimning ancha rivojlangan shakli vujudga keladi. Biroq, Qashqadaryo quyi mintaqaga borgan sari uning suvi kamayib boradi va bir vaqtlar Zarafshon daryosigacha borib etgan bu daryo xozirda Qarshi—Kosoy atrofida tamoman tugab koladi.
Qashqadaryoda sug’orma dexqonchilikni rivojlantirish maqsadida 70-yillarda Qarshi dashti o’zlashtirilishi keng miqyosda olib borildi. Hozirgi kunda viloyat hududida qator sug’orish inshootlari barpo etilgan. Masalan, bu erda Qisorak, Kalkamin, Chimqo’rg’on, Qamashi suv omborlari mavjud, G’uzor tumanini asosan Pachkamar suv ombori va Fyzordaryo sug’oradi.
Yirik Qarshi magistral kanali Amudaryodan boshlanadi va qisqa masofada Turkmaniston hududidan o’tadi, So’ngra u katta Tollimarjon suv omboriga qo’yiladi, undan qudratli nasos stantsiyalari yordamida 132 metr balandlikka ko’tarib beriladi. Bundan tashqari, cho’l iqtisodiy rayoni Mirih (avvalgi Ulyanov) kanali suvlari bilan ham sug’oriladi, viloyatning shimoliy qismiga, asosan Chiroqchi tumaniga Zarafshon suvlari Eskianxor kanali orqali etib keladi.
Respublikamizning shunga o’xshash boshqa hududlarida bo’lganidek, bu erda ham ko’plab zovurlar (kollektorlar) va to’planib qolgan sho’r, oqova suvlardan tashkil topgan tuz ko’llar bor. Ular ko’proq Qarshi dashtida uchraydi. Demak, bir tomondan kanal va suv omborlari erlarni sug’orishda xizmat qilsa, obodonlashtirsa, ikkinchi tomondan, zovur va sun’iy kulchalar hudud agroekologiyasining noqulayligidan darak beradi.
Shunday qilib, viloyat agroiqlimiy sharoitlari hamma joyda ham bir xil emas. Chunonchi, uning yuqori qismida intensiv dexqonchilikni rivojlantirish bog’dorchilik va uzumchilikni tashkil qilish uchun imkoniyatlar mavjud bo’lsa, quyi cho’l iqtisodiy rayonida tabiiy sharoit qadimdan g’alla va chorvachilik uchun qulaylik qilgan. Keyinchalik bu erda ham sug’orma dexqonchilik rivajlanib borgan. Albatga, Qarshi dashtini o’zlashtirish va shu asosda paxtachilikni rivojlantirish (bu ham bo’lsa, Sobiq Ittifoq davrida, Respublikada paxta yakka hokimligini yanada kuchaytirish maqsadida amalga oshirilgan) mamlakatimiz milliy iqtisodiyotida o’z o’rniga ega. Biroq, bu o’ziga xos tabiiy geotizimga insonning shunchalik aralashuvi kerakmidi?
Binobarin, hozircha yoqilg’i-energetika va tog’-kon kimyo majmualarini to’g’ri rivojlantirish va hududiy tashkil qilish katta ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |