2.1 II.BOB GERMANIYADA GUMANISTLAR HARAKATI, DEHQONLAR URUSHI VA REFORMATSIYA
2.1 Germaniyada gumanistik harakatning boshlanishi. Lyuteran cherkovi va Lyuter ta’limoti
XV asrning oxiri-XVI asrning boshlarida Germaniyada gumanizm (lot.humanizm, ya’ni insoniy degan ma’noni bildiradi, gumanistlar avvalo inson va uning ishlari bilan qizoqqanligi uchun ularni insonparvar, ya’ni gumanistlar deb atadilar), о‘zining kо‘plab yozuvchi va olimlariga ega edi. XVI asrning boshlarida Erfurt universiteti huzurida vujudga kelgan tо‘garak gumanizmning markazi bо‘lib qoldi. Tо‘garak rahbari Musian Ruf (1471—1526) edi. Musian Ruf sxolastikani (quruq ta’lim) qoralab chiqdi. Ulrix fon Gutten ham (1488—1523) Musian Ruf maktabidan chiqqan edi. U asli ritsarlardan bо‘lib, Lyuter reformatsiyasiga qо‘shilgan edi. Nemis gumanistlari Guttenning ta’biricha: «Germaniyaning ikki kо‘zi», ikki filolog olim-Erazm Rotterdamskiy (1467-1536) bilan Iogann Reyxlin (1455-1522) edi. Erazm Rotterdamskiy Gollandiyaning Rotterdam shahrida tug‘ilgan. U XV asrning 90- yillari va XVI asrning birinchi о‘n yilida turli mamlakatlarda Fransiya, Angliya, Germaniya va Italiyada yashadi. 1513 yildan boshlab, u Bazelda yashay boshladi. U grek va latin tilini yaxshi bilardi. Uning adabiy asari «Betamizlik madhiyasi» (1509 yil) degan satirasi bilan shuhrat qozondi. Minbarda turib va’z о‘qiyotgan xotin timsolida berilgan «Betamiz» о‘z xislatlarini maqtaydi, odamlarni о‘z maslahatlariga amal qilishga chaqiradi. Papalar, kardinal (kardinal. katolik cherkovi iyerarxiyasida Rim papasidan keyin, yepiskopdan oldin turuvchi ruhoniy)lar, yepiskop (yepiskop. nazorat qiluvchi-pravoslav, katolik, anglikan cherkovlarida oliy martabali ruhoniylaridan biri bо‘lib, cherkovga qarashli ma’muriy-hududiy birlik boshlig‘i)lar, monaxlar, ruhoniy olimlar Betamizning muxlislaridir. Erazm dunyoviy feodallarni bekorchiliklari, ovga berilib ketganliklari, shuhrat ketidan quvib, urushlar olib borishlarini tanqid qiladi. U papani va katolik cherkovini ag‘darib tashlashga da’vat qilmaydi. U asosiy zarbasini sxolastlarga, bekorchi monaxlarga qaratadi. Erazmning eng yuksak orzusi-bid’atlardan «pok», «ma’rifatli» cherkov edi. Uning yana bir boshqa asari- «Jahon shikoyati» asarida Yevropadagi urushlar, xalqaro ahvolni bayon qiladi. Erazm bu urushlar tо‘xtatilishini va Yevropada tinch davrn boshlanishini orzu qiladi, urushlarni monarxlar о‘z boyliklarini oshirish maqsadida olib boradilar, bunda yepiskoplar, ruhoniylar va monaxlar esa monarx (davlatni yakka hukmdori) larni urushdan tiyib turish о‘rniga, bu ishga yо‘l berib beradilar deydi. Erazm jafokash xalqqa murojaat bilan chiqadi, ya’ni “Barcha kishilar urushga qarshi birlashsinlar!”deb da’vat qiladi. Reyxlin ham filo¬log bо‘lib, universitetda grek va qadimiy yahudiy tillaridan dars berardi7. Reyxlin yahudiy tilidagi kitoblarning kuydirilishiga qarshi 1509-1510 yillarda norozilik bildirib chiqqan edi, yahudiy tilidagi kitoblarning kuydirilishini esa Kyolndagi teologiya professorlari talab qilgan edilar. Erfurt tо‘garagining a’zolari Reyxlinni qо‘llab-quvvatladilar. Kyoln universiteti professorlari orasidagi sxolastlar Reyxlinga qarshi chiqdilar. «Johillarning maktublari» degan asar sxolastlarga qarshi reyxlinchilarning olib borgan kurashining yodgorligidir. Bu ikki tomlik «Maktublar» 1515 va 1517 yillarda nashr qilindi. Birinchi tomning muallifi Krot Rubian (Musian Rufning shogirdlaridan biri va Erfurt tо‘garagining a’zosi), ikkinchi tomning muallifi Ulrix fon Guttendir. Bu asar Kyoln teologi Ortuin Gratsiyga qaratilgan edi. Bu kitobda sxolastlarning soxta olimligi, ular ishlatadigan о‘rta asr latin tilining buzuqligi, ularning bekorchiligi, sxolastlar munozarasining bema’niligi fosh qilingan. Gumanistlar yosh avlodining vakili Ulrix Fon Gutten katolitsizmni tanqid qilishda Erazm bilan Reyxlindan о‘tdi. Gutten 1512 yilda Italiyada bо‘lgan vaqtidayoq papa cherkovidan nafratlanib, Ger¬maniya boshiga tushgan hamma balolarning asosiy sababchisi о‘sha cherkov deb hisoblay boshlagan edi. Lyuter maydonga chiqqanida gumanistlar orasida birinchi bо‘lib Gutten uning tomonini oldi. Gutten ham xuddi guschilar singari zо‘rlik ishlatmay turib, reformatsiyani amalga oshirib bо‘lmaydi degan edi.U Germaniyadan katolik ruhoniylarini haydab yuborishni qattiq talab qildi. U 1522 yilda Frankoniyada ritsarlar qо‘zg‘oloni rahbari Frans Fon Zikengenning eng yaqin yordamchisi va safdoshi bо‘lib maydonga chiqdi. Knyazlar bu qо‘zg‘olonni osongina bostirgach, Gutten Shveysariyaga qochib ketadi va Syurix kо‘li orollaridan birida vafot etdi. Germaniyada XVI asr boshida keskinlashib ketgan sinfiy ziddiyatlar oqimi natijada keng inqilobiy harakatga aylandi. Reformatsiya- XVI asrda katolik cherkovi ta’limotini isloh qilish maqsadida Germaniyada bо‘lib, о‘tgan va XVII asrning I-yarmida G‘arbiy Yevropaning qator davlatlarida ham yoyilgan ijtimoiy harakatdir. Bu harakat natijasida katolik cherkovida bо‘linish yuz berib, yangi oqim-protestantlik vujudga keldi. Reformatsiya 1517-yilda Germaniya aholisining katolik cherkovini reforma (isloh) talab qilib chiqishdan boshlandi. Reformatsiyani, knyazlarning bir qismi, shaharliklar va dehqonlar qо‘llab-quvvatladilar. Reformatsiya tо‘lqinini kuchayishiga Vittenburg universiteti teologiya (ilohiyot) fanidan dars beruvchi professori Martin Lyuter (1483-1546) katta ta’sir kо‘rsatdi. Martin Lyuter 1483 yilda Saksoniyaning Eysleben shahrida о‘ziga tо‘q tadbirkor oilasida tug‘ilgan. Uning otasi mis eritish korxonasi va mis konlarining egasi edi. 18 yoshida Lyuter Erfurt universitetiga о‘qishga kirib, u yerda gumanistlar tо‘garagining a’zolari bilan tanishdi. Universitetni tugatgach u monastrga ishga kiradi va monaxlar uni Saksoniyaning Vittenberg shahridagi universitetga dars berish uchun yuboradi. Lyuter tez orada teologiya (ilohiyot) doktori ilmiy darajasini oladi. Martin Lyuter indulgensiya yorliqlarini sotishga qarshi 1517yil 31 oktabrda cherkov eshigiga о‘zining dindorlarga qarata yozgan mashhur “95 tezis” (yunoncha.qoida, isbot) deb atalgan xitobnomasini yopishtirib qо‘yadi. Bu mashhur “95 tezis” indulgensiyalarni sotishga qarshi e’tirozlar edi. Aslida faqat ilmiy munozara uchun mо‘ljallangan ushbu tezislar lotinchadan nemis tiliga tarjima qilinib, butun Germaniyani tо‘lqinlantirib yuboradi. Papa vakillari bulla matnini Germaniya bо‘ylab tarqatib, Lyuter asarlarini yoqishni tashkil qildi. Bunga javoban Lyuter 1520 yil 10 dekabrda universitet professorlari va talabalari huzurida papaning farmonini universitet hovlisida gulxanda kuydirdi. 1521 yil boshida Lyuter va uning tarafdorlari cherkovdan haydaldi8.
Lyuter Rim sudiga borishdan bosh tortdi va 1521 yilda uni Vorms shahridagi imperatorlik sudiga chaqirishdi. Nemis knyazlari katolik qirollar Ferdinand va Izabellalarning nabirasi ispan qiroli Karl I imperator qilib saylashdi. Yangi imperator endi Karl V deb atalardi. О‘z boshida bir necha tojlarni yiqqan Karl V Ispaniya, Niderlandiya, nemis yerlari, Neapol va Sitsiliyaga hukmronlik qilardi. Karl V haqida uni “vatani yо‘q qirol” deyishardi. Niderlandiyada tug‘ilib, u yerda 17 yoshgacha turdi. О‘smirligida Karl har tomonlama ma’lumot oldi, ispan, nemis, fransuz, italyan tillarini bilardi. U dunyo xristianlarining katolik mamlakatini tuzishni orzu qilardi. Lyuter о‘z tezislarida papa cherkovi bilan aloqani mutlaqo о‘ylamagan edi. Papa Lev X ham dastavval Lyuterning bu chiqishlariga e’tibor bermadi. 1519 yilda Leypsigdagi munozaralarda Lyuter, cherkov papasiz ham yashay oladi, degan fikrni ilgari surdi. U ruhoniylarning alohida bir uyushmaligini rad qildi va xudo qoshida har bir xristian ma’lum darajada о‘zi ruhoniydir, dedi. U Yan Gus bilan hamfikr ekanligini umum oldida e’lon qildi, chex reformatorini gulxanda kuydirganlarni qoraladi. Kо‘p о‘tmay Lyuter papa bullasini haqorat qilib, «Dajjolning bullasiga qarshi» degan pamflet yozdi. Lyuter bu talabnomasida yangi imperator Karl V ga murojaat qilib, Rimni papa qо‘lidan tortib olishni va German imperiyasidagi cherkov yerlarining hammasini musodara qilishni taklif etdi 1521 yil 28 yanvarda Vorms shahrida imperator Karl V ishtirokida reyxstag ochildi. Imperator papani quvvatladi. Papa imperatorga Fransiyaga qarshi Italiya olib boradigan urushda ittifoqchi sifatida kerak edi. Seymga chaqirib keltirilgan Lyuterga о‘z qarashlaridan voz kechish taklif etildi. Lekin u о‘z qarashlaridan voz kechmadi. “Mendan hamma narsani kutinglar, faqat qochishni va voz kechishni emas. Men qochmayman va eng sо‘nggi kunimgacha tan oladiganim, о‘z ta’limotimdan voz kechmayman!”, degan edi mardlarcha Lyuter9.
1521 yil may oyida, reyxstag a’zolari tarqalib ketgandan keyin, Karl V Lyuterni qamoqqa olish tо‘g‘risida edikt (ya’ni qirolning alohida muhim farmoni) ni chiqardi. Vorms shahridagi suddan keyin kо‘pchilik Lyuterni ham Yan Gusning (1369-1415) taqdiri kutyapti, deb о‘ylagandi. Ammo Saksoniya kurfyursti Fridrix III (1463-1525) uning qochishiga yordam berdi, Lyuterni о‘zini qasrlaridan biriga yashirib qо‘ydi. U yerda Lyuter ritsar Georg nomi bilan yashadi bu yerda 1522 yil martigacha ya’ni edikt о‘z kuchini yо‘qotgunga qadar turdi va Injil va boshqa diniy yozuvlarni nemis tiliga tarjima qildi. Lyuter ta’limotining asosiy mohiyati shundaki, inson “qalbini qutqarish” ga, “gunohlardan forig‘ bо‘lish” ga cherkov va uning marosimlari orqali emas, insonga xudo tomonidan in’om etilgan e’tiqod orqaligina erishish mumkin. U inson e’tiqodini uning xudo bilan aloqasidagi yagona vosita deb biladi.
Katolik cherkovining ta’limotiga qarama-qarshi о‘laroq, Lyuter cherkov va ruhoniylar inson bilan xudo о‘rtasida vositachilik qila olmaydi, deb e’lon qildi. Rim cherkovining odamlar “gunohlarini kechirish” ga bо‘lgan da’vosini esa tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri yolg‘on deb atadi. Bu, albatta cherkovning mutlaqo keragi yо‘q, degani emas, u boshqacha bо‘lishi kerak, xolos. Ruhoniylar dindorlarga Injilni tushuntirsinlar, ularga muqaddas kitoblarni о‘qishni о‘rgatsinlar.
Lyuter ruhoniylar ham uylana olishlari, odatdagi kiyimlarni kiyishi, oddiy odamlar qanday bо‘lsa, shunday bо‘lishi kerak, deb hisoblardi. Cherkov ham “arzon” bо‘lishi kerak- uzoq chо‘ziladigan marosimlardan ozod bо‘lishi, ruhoniylarning qimmatbaho kiyimidan voz kechmog‘i kerak. Lyuter cherkovi esa dunyoviy hokimlarga –knyazlar va imperatorlarga bо‘ysunmog‘i kerak. Bunday ta’limot knyazlarning ham manfaatlarini ifodalardi. Cherkov islohoti shiori ostida monastrlarning yerlarini tortib olish hollari uchray boshladi10.
1529 yili Karl V knyazlarga monastr va cherkov mulkini olib qо‘yishni ta’qiqladi. Shunda Lyuterning izdoshlari unga norozilik bildirdilar. “Protestant” (lot. norozi bо‘lish, kelishmaslik) sо‘zi ana shunday paydo bо‘ldi. Cherkov islohotchilarni protestantlar deb atay boshladilar. Protestantlar ruhoniylarning inson bilan xudo о‘rtasidagi vositachilik rolini inkor etadi. Ularda ruhoniylar bilan oddiy dindorlar farqlanmaydi. Cherkov iyerarxiyasi yо‘q, toat-ibodat soddalashtirilgan, ruhoniylarning oila qurishi man etilmaydi. Protestantlar asosan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Skandinaviya mamlakatlarida, Niderlandiya, Shveysariya, Avstraliya, Kanada, Boltiq bо‘yi mamlakatlariga tarqalgan. Ularning umumiy soni 750 mln.ga yaqin11.
Do'stlaringiz bilan baham: |