Assidiyalar sinfi sistematikasi. Assidiyalar sinfiga 1000 dan ortiq tur, 100 ga yaqin urug‘ va 2 ta turkum: yakka assidiyalar, murakkab assidiyalar va olovtanli assidiyalar kiradi.
Yakka assidiyalar-Monascidiae turkumining vakillari 2-3 mm dan 40-50 sm gacha uzunlikda bo‘ladi. Bu turkumning orasida harakatchan turlari ham uchraydi. Masalan: sharsimon assidiya (Waster ascidia) ana shunday harakatchan assidiyalar turiga kiradi va ular suv tagi bo‘ylab harakat qiladi.
Murakkab assidiyalar-Synascidia turkumi vakillarining kolonial kurtaklaridan rivojlangan assidiyalar ona assidiyalar bilan tutashgan bo‘ladi. Bunday assidiyalarda, bir nechtasi tashqaridan umumiy parda bilan o‘rab olinadi va ularda bitta umumiy kloaka bo‘ladi. Murakkab assidiyalarda urug‘lanish koloniyalar o‘rtasida sodir bo‘ladi. Chunki ona koloniya bilan qiz koloniya o‘rtasida urug‘lanish bo‘lmaydi.
Olovtanlilar-Pyrosomidae, Salplar-Salpae va Bochkalilar-Doliolidae sinflariga xos xususiyatlar Olovtanlilar-Pyrosomadae sinfi. Bu sinf vakillarida zigotadan assidiyasimon koloniya asoschisi rivojlanadi. Undan kurtaklanish yo‘li bilan to‘rtta olovtanlilardan tashkil topgan guruh hosil bo‘ladi va ular umumiy qobiq-tunika bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bu assidiyalar koloniyasidagi har bir a’zosi halqumining oldingi qismida yorituvchi hujayralar guruhi bo‘ladi. Bu hujayralarda yorug‘lik chaqiruvchi simbiotik bakteriyalar yashaydi. Koloniyaning uzunligi, odatda 20-40 sm bo‘lib, undagi har bir olovtanlining o‘lchami 3-5 mm ni tashkil qiladi. Ayrim turlari koloniyasining uzunligi 3-4 metr va hatto 30 metrgacha boradi.
Salplar-Salpae sinfi.Salplar erkin suzib yuruvchi yakka va koloniya bo‘lib pelagik hayot kechiruvchi qobiqlilardan hisoblanadi. Voyaga yetganlarida dumi va xordasi bo‘lmaydi. Ularning gavdasi shaklan bodringga o‘xshash cho‘ziq yoki bochkaga o‘xshash bo‘ladi .Gavdasining oldingi uchida kenggina og‘iz teshigi va keyingi uchida kloaka teshigi o‘rnashgan. Yakka yashaydigan turlarining uzunligi 5-15 sm gacha va koloniya bo‘lib yashaydigan vakillarining uzunligi 30-40 sm gacha boradi. Salplarning gavdasi yupqa, tiniq qobiq – tunika bilan o‘ralgan. Shuning uchun ham hayvonni halqa singari o‘rab olgan tasmasimon muskullari tunikadan ko‘rinib turadi. Salplar bu muskullarini oldindan orqaga ketma- ket qisqartirib, suvni kloaka teshigidan kuch bilan otib chiqaradi va o‘zi oldingi tomonga qarab harakat qiladi. Salplar sinfi vakillari jinsiy usulda va jinssiz usulda kurtaklanib ko‘payadi. Jinssiz usulda ko‘payishda yakka salp gavdasining orqa uchida maxsus o‘simta-stolon hosil bo‘ladi, bu stolondan jinsli qiz individlar ketma-ket kurtaklanib, zanjirsimon koloniya hosil qiladi. Ular o‘z gavdasining tuzilishi jihatidan ona individga o‘xshaydi, lekin Salplarning har birida tuxumdon va urug‘don bo‘ladi. Lekin tuxum va urug‘ hujayralari bir vaqtda yetilmaydi. Ona individdagi urug‘langan tuxumdan yosh individ paydo bo‘ladi, u o‘sib stolon hosil qiladi va bunday rivojlanish jarayoni yana takrorlanadi. Salplar sinfiga 25 ta tur kiradi. Salplar sinfi vakillari asosan iliq dengiz suvlarida pelagik hayot kechiradi va 200-300 m chuqurlikda yashaydi. MDH dagi dengizlarga salplar faqat Tinch okeanidan o‘tadi.