D.N. Kashkarov T.Z. Zohidov
(1878-1941) (1906-1981)
D.N.Kashkarov birinchi bo`lib umurtqali hayvonlar ekologiyasi bo`yicha o`quv qo`llanma yaratgan.
O`zbek zoolog olimi, akademik T.Z.Zohidov Qizilqum umurtqali hayvonlari ekologiyasini o`rgangandi va umurtqali hayvonlar bo`yicha o`zbek tilida bir qancha asarlar (4 jildli «Zoologiya entsiklopediyasi» va boshqa kitoblar) yozgan.
Ayniqsa, Respublikamizda O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshida zoologiya va parazitologiya (hozirgi vaqtda zoologiya instituti) ilmiy tekshirish institutining tashkil etilishi va universitetlar hamda pedagogika institutlarida zoologiya kafedralarining ochilishi munosabati bilan zoologiya, shu jumladan, umurtqalilar zoologiyasi bo`yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish borasida salmoqli ishlar qilindi. XX asrning o`rtalari va oxirida Respublikamiz olimlari tomonidan baliqlar (L.S.Berg, G.V.Nikolskiy, M.O.Abdullayev, G’.K.Komilov, A.O.Omonov, U.T.Mirzayev, T.V.Solixov va boshqalar), amfibiyalar va reptiliyalar (T.Z.Zohidov, O.P.Bogdanov, E.V.Vashetko, T.Ye.Yodgorov, O.V.Mitropolskiy va boshqalar), qushlar (A.Q.Sagitov, D.Yu.Kashkarov, E.Sh.Shernazarov, S.B.Baqoyev, O.P.Bogdanov, Ye.N.Lanovenko, J.L.Laxanov, R.N.Meklenburtsev, O.V.Mitropolskiy, B.B.Abdunazarov, M.M.Ostapenko, G.P.Tretyakov, A.R.Jabborov, S.E.Fundukchiyev, A.N.Ayupov va boshqalar) hamda sutemizuvchilar (T.Z.Zohidov, O.P.Bogdanov, O.V.Mitropolskiy, G.S.Sultanov, N.N.Volojeninov, V.I.Taryannikov, V.P.Lim, I.Q.Solixboyev va boshqalar) bo`yicha boy faunistik va ekologik ma`lumotlar to`plangan. Bu tadqiqotlarning natijalari asosida 4 jildlik «O`zbekiston faunasi», 4 jildlik «Zoologiya entsiklopediyasi» (T.Z.Zohidov), «Qizilqum cho`li biotsenozlari» (T.Z.Zohidov), 2 jildlik «O`rta Osiyo tabiati va hayvonot dunyosi» (T.Z.Zohidov, R.I.Meklenburtsev), «O`zbekiston hayvonlari», «O`zbekistonning noyob hayvonlari» (O.P.Bagdanov), 4 jildlik «O`zbekiston qushlari» (A.Q.Sagitov), «O`zbekistonning umurtqali hayvonlari aniqlagichi» (J.L.Laxanov), «Umurtqalilar zoologiyasi» va boshqa yirik ilmiy asarlar, darsliklar hamda o`quv qo`llanmalar chop etilgan. To`plangan faunistik va zoogeografik ma`lumotlar «O`zbekiston Respublikasi Qizil kitobi»ga kiritilgan hayvonlar ro`yxatini tuzishga imkon berdi (2006). O`zbekiston hayvonot dunyosi, shu jumladan, umurtqali hayvonlari to`g’risidagi qiziqarli ma`lumotlar O`zbekiston milliy entsiklopediyasining barcha 12 ta jildlariga ham kiritilgan (2000-2006).
XX asr oxiri va XXI asr boshlarida zoologiya sohasida, shu jumladan, umurtqalilar zoologiyasi bo`yicha ekologik muammolarni hal qilishga, zoologik tadqiqotlarda molekulyar biologiya, fiziologiya, etologiya fanlari bilan bog’liq bo`lgan izlanishlarga, hayvonot dunyosining biologik xilma–xilligini, noyob, endemik va yo`qolib borayotgan hayvonlar turlarini saqlab qolish va ular sonini ko`paytirish bilan bog’liq bo`lgan muammolarni hal qilishga ham alohida e`tibor berilmoqda.
O`zbekistonda zoologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari ayni vaqtda O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining zoologiya institutida, Chorvachilik, Veterinariya, «O`zbekbaliq» korporatsiyasi va Akvalkultura institutlari, oliy o`quv yurtlarining zoologiya kafedralarida, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston bo`limi, ko`pchilik qo`riqxonalar, buyurtmaxonalar hamda milliy bog’larda olib borilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |