44-rasm. Akula bosh miyasining yuqoridan ko`rinishi: 1-oldingi miya yarimsharlari, 2-hidlov bo`laklari, 3-oraliq miya, 4-epifiz,
5-o`rta miya, 6-miyacha, 7-uzunchoq miya, 8-rombsimon chuqurcha. Rim raqamlari bilan bosh miyadan chiqadigan nervlar ko`rsatilgan.
kulaning bosh miyasi besh bo`limdan iborat: oldingi miya yarimsharlari, oraliq miya, o`rta miya, miyacha va uzunchoq miya
(44-rasm).
Oldingi miya yarimsharlari birmuncha katta bo`lib, o`ng va chap pallalariga aniq ajralmagan. Yarimsharlarning oldida joylashgan hidlov bo`laklari juda katta va yaxshi rivojlangan. Oldingi miya yarimsharlari keyingi uchi bilan oraliq miyaga, oraliq miyaning qopqog’iga esa uzun dastali miya usti bezi – epifiz birikadi. Oldingi miya yarimsharlarining usti nerv moddasi bilan qoplangan. Oraliq miyaning yaxshi rivojlangan ko`rish bo`rtmalari bo`ladi. Uning orqa tomonida epifiz, qorin tomonida gipofiz joylashgan. Ko`rish nervlari kesishma (xiazma) hosil qiladi. Oraliq miya birlamchi ko`rish markazi bo`lib xizmat qiladi va harakatni koordinatsiya qilishda ham ishtirok etadi.
O`rta miya ko`ruv bo`laklari deb ataladigan bir juft bo`rtma bilan qoplangan. O`rta miya yaxshi rivojlangan, lekin oldingi miya yarimsharlariga nisbatan ancha kichik. Shuningdek, suyakli baliqlarning o`rta miyasiga nisbatan ham kichikroq. Bosh miyaning to`rtinchi bo`limi – miyacha juda yaxshi taraqqiy etgan bo`lib, oldingi tomondan o`rta miya, keyingi qismi bilan uzunchoq miyaning ustiga joylashgan bo`ladi. Miyacha, asosan harakatni uyg’inlashtiradigan markaz hisoblanadi.
Uzunchoq miya bosh miyaning oxirgi bo`limi hisoblanadi. Uzunchoq miya to`g’ridan-to`g’ri orqa miya bilan qo`shilib ketadi. Uzunchoq miya va orqa miya vegetativ nerv sistemasining reflektor faoliyatini boshqarish markazidir.
Sezgi organlari. Tog’ayli baliqlarning sezgi organlari to`garak og’izlilarnikiga nisbatan ancha yaxshi rivojlangan va murakkab tuzilgan. Hidlov organlari bir juft bo`lib, yopiq hidlov xaltachalari bilan tugaydi. Tashqi burun teshiklari og’iz teshigining oldiga ochiladi. Akulalar hidni 400-500 m masofadan sezadi.
Tog’ayli baliqlarning ko`zlari yirik, shox pardasi zich yassilangan, ko`z gavhari yumaloq sharsimon shaklga ega. Ko`z qovoqlari yo`q. Ko`z atrofida teri uncha baland bo`lmagan parda hosil qiladi. Bu aslida harakatsiz halqasimon qovoq hisoblanadi. Akulalar ham boshqa baliqlar singari uzoqdan ko`rmaydi, 10-15 m dan ko`radi, rangni ajrata olmaydi.
Eshitish organi faqat ichki quloqdan, ya`ni pardali labirintdan iborat. Ichki quloq yumaloq va oval xaltachalardan iborat bo`lib, bu xaltachalar ichida yaxshi rivojlangan uchta yarim doira naychalar joylashgan.
Ta`m bilish hujayralari baliqlarning og’iz bo`shlig’ida, halqumida hamda butun tana yuzasida joylashgan.
Baliqlar hayotida yon chiziq organlarining ham ahamiyati katta. Ular terisida yon chiziq organlari yaqqol ko`rinib turadi. Ko`pchiligida u teriga botib kirib kanal hosil qiladi va tashqi muhit bilan ko`p sonli teshikchalar orqali tutashadi. Kanal, ya`ni nayning devorida bir qancha nerv tomirlarining uchlari – retseptorlar joylashgan. Boshida yon chiziq organi tarmoqlanib ketadi. Yon chiziq organi suv oqimi va undagi jismlarning yaqinlashayotganini aniqlashda yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |