Nafas olish organlari. Kaltakesaklarning nafas yo`li tashqi burun teshigidan boshlanadi. So`ngra havo ichki burun teshigi-xoana orqali og’iz bo`shlig’iga kiradi. Og’iz bo`shlig’idan keyin uchta tog’aydan tashkil topgan hiqildoq joylashgan. U maxsus muskul orqali til osti apparati bilan bog’langan. Og’iz bo`shlig’idagi havo hiqildoq orqali uzun nafas olish nayi - traxeyaga o`tadi, traxeyadagi talaygina tog’ay halqalar uning puchayishiga yo`l qo`ymaydi. Traxeya oldin tomoq, so`ngra ko`krak bo`shlig’idan o`tib, taxminan yurak atrofida ikkita qisqa nay - bronxga bo`linadi. Bu nayning har qaysisi o`ziga tegishli o`pkada tarmoqlanadi, ilonlarda chap o`pka pallasi bo`lmaydi.
B
O`pka va nafas olish yo`llarining birmuncha kuchli differentsiallanganligi bilan suvda hamda quruqlikda yashovchilarning nafas olish organlaridan farq qiladi. O`pka qopcha shaklida bo`lib, uning ichki devori asalari uyasiga o`xshash mayda-mayda murakkab to`siqchalar bilan qoplangan. Nafas akti boshqa barcha amniotalardagidek ko`krak qafasining kengayishi va torayishi bilan sodir bo`ladi.
Sudralib yuruvchilarning tuxum ichida rivojlanayotgan embrioni ontogenezida suvda hamda quruqlikda yashovchilarning lichinkalik davriga mos keladi, ya`ni jabra yoriqlari hosil bo`lsa ham jabra apparati shakllanmaydi, tuxumda bo`lgan murtak allantois va sariqlik xaltasining qon tomirlari orqali nafas oladi. Voyaga yetgan sudralib yuruvchilar terisi shox qatlam bilan qoplanganligi uchun faqat o`pka orqali nafas oladi. O`pka tashqi tomondan xaltasimon tuzilishini saqlagan bo`lsa ham, ularning ichki tuzilishi amfibiyalarnikiga nisbatan murakkab bo`ladi. Kaltakesak va ilonlarning o`pka xaltasi ichki devori burmali va chuqurchali tuzilishga ega bo`lib, bu nafas olish yuzasini kengaytiradi. Toshbaqa va timsohlarda o`pkaning ichi xuddi qushlarnikidek bulutsimon (kovakli) tuzilishga ega bo`ladi. Xameleon, ba`zi kaltakesaklar va ilonlarda o`pkaning pastki qismi barmoqsimon o`simtali bo`ladi, lekin bu o`simtalarda gaz almashinishi bo`lmaydi. Bu o`simtalardagi havo pishillash samarasini oshiradi, sho`ng’ishda va qizilo`ngachda uzoq vaqt oziq o`tishida gaz almashinishini yengillashtirishda yordam beradi.
Nafas olish akti qovurg’alararo va qorin muskullari yordamida ko`krak qafasining kengayishi va torayishi orqali yuzaga keladi. Nafas olish aktida, ayniqsa, toshbaqalarda yelka va chanoq muskullari ishtirok etadi. Toshbaqalarda yana og’iz-halqum orqali havoni yutish mexanizmi saqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |