O‘qituvchining pedagogik texnikasi – nafaqat ta’lim–tarbiya jarayonida, balki butun mehnati faoliyatida zarur bo‘lgan umumiy pedagogik bilim va malakalarining yig‘indisidir. Pedagogik texnikaning muhim jihatlari – pedagogik faoliyatda uning savodli va ifodali so‘zlay olishi, o‘z fikr-mulohazasini va bilimini tushunarli tilda ta’sirchan bayon qilishi, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay olishi, o‘zining shaxsiy xususiyatlariga xos mimik va pantomimik qobiliyatlarga ega bo‘lishi, aniq imo-ishora, ma’noli qarash, rag‘batlantiruvchi yoki istehzoli tabassum, so‘zning cheksiz qudrati orqali o‘quvchilar ongiga va tafakkuriga ta’sir o‘tkazishi, hozirjavoblik, psixologik bilimlarga ega bo‘lishi kabi o‘qituvchining mahoratini belgilovchi qizg‘in mehnatida namoyon bo‘ladi.
O‘qituvchi mehatida pedagogik texnika qanday ko‘nikma va malakalardan iborat ekanligi, pedagogik texnika o‘qituvchining ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiyaviy faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil qilishida, o‘quvchilarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishida qanday ahamiyat kasb etishi doimo dunyo olimlarining diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda.
O‘qituvchi mehnatida pedagogik texnika uning shaxsiy axloqiy fazilatlari va xulqi bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa o‘z–o‘zini boshqarish malakalarida ( refleksiya) namoyon bo‘ladi:
o‘z hatti-harakatlarini boshqarishi, (mimika, pantomimika);
o‘z hissiyotini va kayfiyatini jilovlay olishi va turli nojo‘ya
ta’sirlarga berilmasligi;
ijtimoiy perseptiv qobiliyatlarga (diqqat, kuzatuvchanlik, xayol)
egaligi;
nutq texnikasini bilishi va o‘z o‘rnida qo‘llay olishi.
Pedagogik texnika o‘qituvchi mehnatida shaxs va jamoaga ta’sir ko‘rsatish malakalari bilan bog‘liq bo‘lgan ta’lim-tarbiya jarayonining texnologik tomonini ham qamrab oladi:
ta’lim va tarbiyaviy rejalar asosida o‘z oldiga qo‘yilgan
talablarning bajarilishini nazorat qilishi;
o‘quvchilar jamoasida ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday
ijodiy faoliyatni tashkil eta olishi;
o‘quvchilar bilan pedagogik muloqot jarayonini bir muvozanatda
saqlab boshqara olishi.
O‘qituvchi mehnatida aktyorlik san’atiga xos bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni mimik va pantomimik qobiliyatlar muhim rol o‘ynaydi. O‘qituvchi yuksak pedagogik texnik tayyorgarlikka ega ekanligi, uning butun o‘quv yili davomida, har bir darsda yangi mavzuni o‘tilgan mavzular bilan bog‘lab, zamonaviy integratsion usullar asosida o‘quvchilar ongiga yetkazishida, sinf jamoasida o‘ziga xos pedagogik va psixologik muhitni yarata olishida, har bir o‘quvchining shaxsiy psixologik xususiyatlarini e’tiborga olib mashaqqatli mehnati bilan ulkan mas’uliyatni his etib, uni yuqori saviyada bajarishida namoyon bo‘ladi.
Demak, pedagogik texnika o‘qituvchining mehnat faoliyatida shunday kasbiy va shaxsiy malakalar yig‘indisiki, u o‘qituvchining pedagogik faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishida, asablarining bir maromda harakatlanishi va saqlay olishida, ta’lim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri tashkil qilish va boshqarishida yuksak natijalarga erishishi uchun asosiy yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |