Tsukatlar - butun holida va qirqib, sharbatda pishirilgan mevalar (olcha, gilos, olxo‘ri, o‘rik, nok, olma, apelsin, limon), shuningdek, qovun hamda tarvuz po‘stidir. Tsukatlar olish uchun mevalar olti-etti marta qand sharbatida qaynatiladi, har qaynatishda uning kontsentratsiyasi oshirib boriladi. Qaynatilgandan keyin tsukatlar siropda uch-to‘rt kun saqlanadi. Tayyor bo‘lgan mevalar sharbat qoldig‘idan ajratib olinadi, yog‘och savatlarga taxlanadi va 45-55°C haroratda 4-8 soat quritiladi.
Meva va rezavor-mevali mahsulotlar ularning turi hamda xususiyatlariga qarab, har xil idishlarga joylanadi. Marmelad qutichalar, kombinatsiyalashtirilgan idishlar, tsellofan yoki polimer plyonkalardan yasalgan xaltachalar yashiklarga joylanadi. Donalab sotiladigan marmelad karton qutichalarga ko‘pi bilan ikki qator qilib taxlanadi. Qutichalar toza, chiroyli bezakli, qog‘oz yoki ipak tasma bilan bog‘langan, klapanlar bilan elimlangan bo‘lishi kerak. Uning sof og‘irligi 500 g gacha bo‘ladi.
Tortib sotiladigan marmelad sig‘imi ko‘pi bilan 5 kg (meva va rezavor-mevali marmelad uchun) va 4,5 kg (jeleli marmelad uchun) faner yashiklarga yoki sig‘imi ko‘pi bilan 7 kg bo‘lgan burma kartondan yasalgan yashiklarga joylanadi. Qatlamli marmelad sig‘imi 7 kg bo‘lgan faner yashiklarga va sig‘imi 5 kg bo‘lgan burma karton, yashiklarga solinadi.
Pastila donalab va tortib sotiladi. Donalab sotiladigan pastila karton qutichalarga sof og‘irligi 100 g dan 1000 g gacha ko‘pi bilan ikki qator qilib taxlanadi, shuningdek, pachkalar hamda polimer plyonkalaridan yasalgan xaltachalarga joylanadi. Tortib sotiladigan pastila 5 kg sig‘imli yog‘och savat yoki karton yashiklarga joylanadi, kesma pastila ko‘pi bilan olti qator, quyma pastila uch qator qilib taxlanadi. Pastila solingan xaltacha va pachkalar ochiq idishlar - sig‘imi 20 kg bo‘lgan yog‘och yoki faner yashiklarga joylanadi.
Murabbo va jem shisha hamda tunuka bankalarga solinadi. Povidlo shisha bankalarga (sig‘imi ko‘pi bilan 1,5 kg), tunuka bankalarga (12 kg gacha), yog‘och yoki faner yashiklarga (ko‘pi bilan 17 kg) va 50 l sig‘imli yog‘och bochkalarga joylanadi. Jele shisha banka va stakanlarga solinib, yashiklarga joylanadi.
Marmelad va pastila quruq, salqin, toza, yaxshi shamollatib turiladigan, nisbiy namligi 75-80% va harorati ko‘pi bilan 20°C bo‘lgan xonalarda saqlanadi. Garantiyali saqlanish muddati1 meva va rezavor-mevadan tayyorlangan shakldor, kesma va pat marmeladlari uchun - ikki oy, qatlamli va jeleli marmelad uchun - uch oy, agaroid qo‘shilgan shakldor jelesimon marmelad uchun - 1,5 oy (ishlab chiqarilgan kundan boshlab). yopishqoq moddali pastilaning saqlanish muddati (ishlab chiqarilgan kundan boshlab) 1,5 oy, qaynatma pastilaniqi - uch oydir.
Murabbo va jemni toza, quruq, yaxshi shamollatib turiladigan, havosining nisbiy namligi oshig‘i bilan 75% va harorati: pasterizatsiyalangan murabbo uchun 2 dan 20°C gacha, pasterizatsiyalanmagani uchun 10 dan 20°C gacha, pasterizatsiyalangan jem uchun 0 dan 20°C va pasterizatsiyalanmagan jem uchun 10 dan 15°C gacha bo‘lgan xonalarda saqlash tavsiya etiladi. Povidlo 0 dan 20°C gacha bo‘lgan haroratda saqlanadi, havoning nisbiy namligi 75-80% bo‘lishi kerak. Banka va bochkalarga solingan povidloning garantiyali saqlanish muddati to‘qqiz oy, yashiklarga solinganiniki- uch oydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |