Hozirgi kunda latent jinoyatchilikni o‘rganish, jamiyatda uning haqiqiy darajasini aniqlashga kriminologlar katta ahamiyat berishmoqda. Lekin, shunga qaramasdan, hatto rivojlangan davlatlarda ham latent jinoyatchilikning haqiqiy hajmini aniqlash masalasi yetarli darajada o‘rganilmagan.
Mutaxassislarning fikricha, latent jinoyatchilikning hajmini (miqdorini) aniqlash va baholash, umuman jamiyatda mavjud jinoyatchilikning obyektiv holatini bilish va uni baholashning birdan-bir yo‘lidir. Turli davlatlardagi kriminologlar tomonidan latent jinoyatchiligining hajmi juda ham katta ekanligi ta’kidlangan. Shu bois, aksariyat kriminologlar jinoyatchilikni suvda suzib yuruvchi muz tog‘i (aysberg)ga o‘xshatib, uning suv ustidagi qismi (4/1)ni rasmiy (qayd qilingan) jinoyatchilik, suv tagidagi pastki qismi (4/3)ni esa, latent jinoyatchilik deb hisoblashadi1.
Jamiyatdagi haqiqiy huquqiy tartibot, ma’naviy iqlim qayd qilingan jinoyatchilik bilan emas, balki haqiqiy mavjud, lekin hozirgi vaqtda katta qismi yashirinib qolayotgan jinoyatchilik bilan belgilanadi.
Shuning uchun ham hozirgi kunda latent jinoyatchilikni o‘rganish, uning hajmini aniqlash usullarini ishlab chiqish, jinoyatchilikning bu qismi jamiyatda bo‘lishini taqozo qiladigan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf qilish, uning miqdorini kamaytirish uchun chora-tadbirlarni ishlab chiqish kriminologlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.
Latent jinoyatchilik jamiyat uchun, uning rivojlanishi, fuqarolarning tinch va sokin hayot kechirishlari uchun juda xavfli bo‘lgan jarayondir. Latent jinoyatchilikning ma’lum bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonunchilikni buzish natijasida vujudga kelib, bir qator salbiy oqibatlarga: jinoyat sodir qilgan shaxs uchun jazo muqarrarlik prinsipi buzilib, jinoyatchilarning jazosiz qolishiga, bu esa ularni yanada og‘ir yangi jinoyatlarni sodir qilishga, fuqarolarda bu organlarning jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyati haqida noto‘g‘ri fikr shakllanishiga va ularga nisbatan asta-sekin ishonchsizlik paydo bo‘lishiga olib keladi. Ma’lum turdagi iqtisodiy jinoyatlarning latentlik darajasi juda ham yuqoriligi aholining muayyan qismida bunday xatti-harakatlarni jinoyat deb hisoblamaslik fikrini paydo qiladi va oqibatda aholining avval bunday qonunbuzarliklarni sodir qilmagan qismini ham ushbu turdagi jinoyatlarga chorlaydi.
Latent jinoyatchilikning miqdorini kamaytirish aholining huquqiy ongini shakllantirish, o‘stirish, savdo, moliya, bank tizimida amalga oshiriladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, bu munosabatlar ustidan ijtimoiy nazoratni o‘rnatish, mulk egalarini jinoiy xatti-harakatdan qaytara oladigan iqtisodiy mexanizmlarni, moddiy manfaatdorlik usullarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va uni sodir qilgan shaxslarga qonun asosida chora ko‘rish, huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatini takomillashtirish, ularni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, kerakli moddiy-texnika bazasini yaratish, maxsus texnik vositalar bilan qurollantirish, bu organlarda xizmat qiladigan xodimlarni ijtimoiy, huquqiy himoya qilish, ular ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish mexanizmini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liqdir.
Kriminologlar tomonidan jinoyatchilikning, alohida turdagi jinoyatlarning yashirinlik darajasini aniqlash usullari ishlab chiqilgan va amaliyotda sinab ko‘rilgan. Ular qatoriga: bir qator statistik ko‘rsatkichlarni tahlil qilish: masalan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, yengil tan jarohati yetkazish miqdorlarini solishtirib ko‘rish; jinoyatga oid statistikada qayd qilingan tan jarohati jinoyatlari bilan kasalxonalarga jarohat bilan murojaat qilgan shaxslarning miqdorini solishtirish. Shu maqsadda jinoyatga oid statistika ma’lumotlari bilan ma’muriy va intizomiy huquqbuzarliklar, fuqarolik-huquqiy buzilishlar solishtiriladi. Masalan, agar jinoyatga oid statistika ma’lumotlari bo‘yicha xaridorlarni aldash yoki daromadni soliqdan yashirish holatlarining miqdori kamayib borsa-da, soliq inspeksiyasi organlarining ma’lumoti bo‘yicha bunday holatlar ko‘payib borsa, u holda shu jinoyat turining latentlik darajasi oshib borayotganligini bilishimiz mumkin.
Alohida turdagi jinoyatlarning latentlik darajasini aniqlashda davlat organlariga, asosan huquqni muhofaza qilish organlariga, gazeta va jurnallar tahririyatlariga tushgan jinoyatlar haqidagi ariza, shikoyat va ma’lumotlarni tahlil qilish hamda uni jinoyatga oid statistika bilan taqqoslash ham samarali usullardan biri hisoblanadi. Masalan, agar fuqarolarning tibbiyot xodimlari poraxo‘rligi haqida shikoyat qilishi va bu arizalarning miqdori o‘sib borsa, lekin jinoyatga oid statistikada tibbiyot sohasi bo‘yicha aniqlangan poraxo‘rlik jinoyatlarining miqdori o‘zgarmasa yoki kamayib borsa, u holda bu jinoyatlarning latentlik darajasi oshib borayotganligi aniq yoki hozirgi kunda mulkni xususiylashtirish jarayonida tadbirkorlarning hokimiyatlarda ishlayotgan mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi haqida qilayotgan arz va shikoyatlari ko‘payib borsa, ammo jinoyatga oid statistikada aniqlangan bunday holatlar soni kam bo‘lsa yoki umuman qayd qilinmagan bo‘lsa, demak bu jinoyatlarning yashirinlik darajasi juda ham yuqoridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |