Landshaft arxitekturasining ilk shakllanish asoslari. Ob’ektiv va sub’ektiv omillar.
Reja.
O’rta osiyo bog’ park san’ati va landshaft arxitekturasining tarixi.
Qadimgi davrning bog‘dorchilik va O’rta osiyo bog’ park san’ati.
Ilk o‘rta asrlar O’rta osiyo bog’ park san’ati
O‘rta Osiyoda, xususan O‘zbekistonda “Landshaft arxitekturasi” mavzusi va fani hanuzga qadar alohida adabiyot yoki kitob tarzida faqat sanoqli mualliflar (Adilova L.A., Uralov A.S., Raximov K.J., Sadikova S.N.) tomonidan yozilgan. Bu sohadagi o‘quv adabiyotlari sobiq ittifoq davrida asosan Rossiyada rus tilida chop etilib, ular landshaft arxitekturasining turli muammolariga bag‘ishlangan va alohida kitoblar tarzida nashr etilgan.
Umuman olganda bu sohadagi shu choqqacha chop etilgan adabiyotlardagi asosiy e’tibor bog‘–park san’atiga qaratilgan. “Landshaft arxitekturasi” mavzusining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ushbu muammoni nafaqat bog‘–parkchilik san’atini o‘rganish, balki landshaft arxitekturasidan zamonaviy estetik va ekologik maqsadlarda foydalanish va bu sohadagi madaniyatimizni keng va uzviy boyitib borish nuqtai nazaridan ham unga yangicha yondashish zarurdir.
Landshaft arxitekturasining sermazmun va serfayz tajribalari bilan tanishish nafaqat arxitektorlarga, balki me’morchilikning boshqa sohalarida ishlayotgan arxitektorlarga, xususan qishloq arxitektorlariga ham birday ahamiyatlidir. Ushbu darslikni yozishdan maqsad nafaqat o‘quv adabiyotlarining yetishmasligiga barham berish, balki landshaft arxitekturasi va bog‘–park san’atining eng qadimgi davrlaridan to bizning kunlargacha bosib o‘tgan taraqqiyot jarayonida orttirgan boy tajribalari haqida tushuncha berish va bu sohadagi muhim amaliy ishlar va loyihalash jarayonlari bilan talabalarni tanishtirishdir.
“Landshaft arxitekturasi” atamasi ilk bor bundan yuz ellik yillar muqaddam avval Angliyada 1850 yillarda so‘ngra Amerika qo‘shma shtatlarida 1872 yilda u yerdagi yirik Xalqaro ko‘rgazma parklar va milliy parklarni tashkil qilish muammolari bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. O‘zbekistonda esa landshaft arxitekturasi fani asosan mustaqillik yillarida shakllandi va rivojlanib kelmoqda. Landshaft arxitekturasining taraqqiyot yo‘lini yaxlit tushunish uchun ushbu atamaning mohiyatini aniqlash, landshaft arxitektor-larining nimalar bilan shug‘ullanishlari va bu sohaning keng arxitektura dunyosidagi o‘rnini chuqurroq anglash juda muhimdir.
Arxitektorlar, ma’lumki, nafaqat bino va inshootlar qurish, shaharlar yaratish, balki ochiq fazoviy muhitlar arxitekturasi va ularni tashkillash-tirish bilan ham shug‘ullanadilar. Bularga ko‘chalar, maydonlar, gulzorlar, xiyobonlar, sohillar, mikrorayonlar ichidagi bog‘lar, skverlar, bulvarlar, maxsus parklar, istirohat bog‘-saroylari, milliy bog‘lar, xiyobonlar, mo‘jaz bog‘lar va tarixiy landshaftlar kiradi. Sun’iy tarzda yaratiladigan bunday ochiq maskanlar ro‘yxatini yana ham davom ettirish mumkin. Landshaft arxitekturasining asosiy maqsadi ana shunday ochiq maskanlar muhitini tabiiy landshaft va sun’iy elementlar, shu jumladan mo‘jaz me’moriy shakllar, tashqi obodonlashtirish elementlari va informatsion axborot qurilmalari vositasida kompozitsion badiiy, me’moriy-rejaviy va landshaft shakllantirishdir.
Arxitektura, shaharsozlik va landshaft arxitekturasi o‘zaro uzviy aloqada bo‘lib, bir–biridan muhitni shakllantirishda qo‘llaniladigan materiallari va vositalari bilangina farq qiladi. Har uchala soha ham kishilik jamiyatining rivojlanish tarixida umumiy bir yo‘nalish va maqsadlar uchun xizmat qilgan. Landshaft arxitekturasi ham arxitektura va shaharsozlik kabi barcha tarixiy ijtimoiy bosqichlarda jamiyat ehtiyoj-larini qondirib kelgan va o‘z davrining badiiy madaniy va umuminsoniy yutuqlarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Landshaft arxitekturasi va uning muhim tarmog‘i hisoblangan bog‘–parkchilik san’atining o‘ziga xos yorqin xususiyati–bu ularni yaratishda qo‘llaniladigan tabiiy “qurilish materiallari“dir. Bular safiga eng avvalo o‘simliklar dunyosi, suv dunyosi, yer, toshlar va umuman joy relefining barcha xususiyatlari kiradi. Aynan shu materiallar ochiq fazoviy muhitni shakllantirishda asosiy manba hisoblanadi.
Landshaft arxitekturasi–bu kishilik jamiyatiga xos badiiy va umummadaniy merosning cheksiz va behad keng sohasidir. Tabiiyki, birgina kitob–darslik orqali landshaft arxitekturasining dunyoviy bayonini to‘la ifodalash qiyin. U faqat bu sohaga qiziquvchan talabalarimiz uchun o‘ziga xos yo‘l ochuvchi va ochiq muhitlar arxitekturasi dunyosiga taklif etuvchi darslik tarzida xizmat qilguvchidir.
Fanning maqsadi–talabalarda arxitekturaviy landshaft dunyoqarashni shakllantirish, ularning landshaft loyihalash malakasini egallashi va uni amaliy loyihalash ishlarida qo‘llay olishi bo‘yicha ko‘nikmalar berishdir.
Fanning asosiy vazifalari:
- talabalarga landshaft arxitekturasi va bog‘–park san’atining butun olam tajribasi va taraqqiyot bosqichlarini o‘rgatish;
- landshaft arxitekturasi ob’ektlari va landshaftni tashkil etish asoslarini shaharsozlik rejalashtirish va loyihalashning turli bosqichlari bo‘yicha o‘rgatish;
- talabalarda landshaft arxitekturasi ob’ektlarini funksional–rejaviy, landshaft-estetik va ekologik yondashgan holda loyihalash ko‘nikma-larini tarbiyalash.
Fanning ishlab chiqarishdagi o‘rni va roli. Landshaft arxitekturasi jamiyatning hayotiy faoliyatini o‘rab turgan muhitning ekologik, sanitar-gigienik va estetik sifatlarini yaxshilashga bevosita ta’sir etuvchi fandir.
Landshaft arxitekturasining ob’ektlari yer usti–turli rejaviy sathlaridagi, turli–tuman funksional maqsadlarga xizmat qiluvchi ochiq va yarim ochiq hududlardir. Bu shaharlar, qishloqlar, sanoat ishlab chiqarish, rekreatsiya, tabiat muhofazasidagi va boshqa xalq xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer hududlari. Yerni landshaft obodonlashtirish asosidagina uning ijtimoiy, ekologik, estetik qulayliligi va rentabelligiga erishish mumkin. Landshaft arxitekturasi shahar va rekreatsiya xo‘jaligi yerlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshiradi, chunki bu hududlarning jozibadorligi va manzaraviyligini kuchaytirib, shahar va qishloqlarda yashovchi va rekreatsion imkoniyatlardan foydalanuvchi aholini o‘ziga jalb qiladi. Rekreatsiya–hordiq, dam oshlish, aholi sog‘ligining mustahkamlashuvi, mikroiqlimning yaxshilanishi va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan hududlarni landshaft obodon-lashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek madaniy–maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash natijasida savdo–sotiq va boshqa xizmatlardan ko‘riladigan foyda ko‘payib, shahar xo‘jaligi va umuman, xalq xo‘jaligi uchun bu hududlarning rentabelligi yanada ko‘tariladi.
Landshaft arxitekturasi ob’ektlarini ko‘kalamlashtirishda manzaraviy daraxt va butalar, gullar, chirmashuvchi va yeryopar o‘simliklar, maysalar muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham bu san’atni o‘rganuvchilar dendrologiya fanini yaxshi bilishlari zarur. Shu sababdan mazkur darslikda landshaft arxitek-turasida qo‘llaniladigan o‘simliklar dunyosini, ulardan tuziladigan turli xil yashil kompozitsiyalarni talabalarga o‘rgatish, ularni amaliyotga qo‘llay bilish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.
Landshaft arxitekturasi ochiq muhitdagi landshaft qurilmalari bilan shunchalik bog‘liqki, landshaft arxitekturasining tarixi butkul landshaft qurilmalari bilan bisyordir. Landshaft arxitekturasi bu umumiy so‘z bo‘lsa, landshaft qurilmalari uni to‘ldiruvchi, uning barcha ob’ektlariga sifat va mazmun bag‘ishlovchi, landshaft bilan bog‘liq mo‘jaz me’moriy shakllar, tashqi muhitni obodonlashtirish elementlari, bularning barchasi landshaftni shakllantiruvchi qurilmalardir. Landshaft arxitekturasi nazariyasi va amaliyotini o‘rganayotgan har bir mutaxassis yoki ijodkor uning tarkibiy qismi bo‘lmish-landshaft qurilmalari, ularning shakllari, tasnif tizimi va tiplari, ularni amalga oshirish uslublarini o‘rganmay turib, bu sohada biron-bir muvaffaqiyatga erishishi qiyindir. Shu boisdan mazkur masala darslikning alohida bobi sifatida qaralib, masalaga chuqur va kompleks yondoshildi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasida “Landshaft arxitekturasi” faniga 38 soat nazariy, 114 soat amaliy, kurs loyihasi va 138 soat mustaqil ta’lim soatlari ajratilgan. Shu boisdan mazkur darslikni yozishda 114 soat amaliy dars jarayonida bajariladigan kurs loyihasining mavzusi va topshirig‘ini, kurs loyihasini bajarish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma va tavsiyalar, shuningdek talabalar mustaqil ishlarining mazmuni va mavzulari, fan va kurs topshiriqlarini baholash mezonlari, joriy, oraliq va yakuniy nazorat reyting savollari, “Landshaft arxitekturasi” fanining atamalar lug‘ati, O‘zbekistonda landshaft arxitekturasida qo‘llaniladigan daraxt va butalar turlari va ularni tanlash tamoyillari ham ko‘rsatib berilgan.
Mazkur dasrlikning tarbiyaviy ahamiyati shundaki, landshaft arxi-tekturasi muhitni orasta va go‘zallashtirish orqali inson tafakkurini tabiat bilan bog‘lash, unga yaqinlashtirish, uni sevish va ardoqlash kabi tushuncha va ko‘nikmalarni shakllantirib, insonning ekologik tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi.
Mazkur darslikda bayon etilgan va asrlar davomida shakllanib, qo‘llanib kelingan bog‘-park san’ati va landshaft arxitekturasi merosi hozirgi yoshlarni, bo‘lajak qishloq arxitektorlarini kelajakda mo‘jizaviy bog‘lar va landshaft arxitekturasining yangi ob’ektlarini yaratishga da’vat etsa ajab emas.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, landshaft arxitekturasida qo‘llaniladigan o‘simliklarning barchasi ham o‘zbek tiliga to‘liq o‘girilmagan. Shu sababdan mazkur darslikda ko‘rsatilayotgan o‘simliklarning nomlari rus tilida berilmoqda.
Mazkur darslik shu choqqacha landshaft arxitekturasi bo‘yicha yozilgan boshqa darslik va o‘quv qo‘llamalardan o‘zining takomillashganligi, ko‘tarilgan mavzu va masalalarning to‘laligi va yangiligi bilan ajrilib turadi (VIII–IX–boblar va keltirilgan ilovalarga qarang).
Ushbu darslikda berilayotgan rasm va fotolar Respublikamizda nashr etilgan adabiyotlar (Adilova L.A. (2011 y), Raximov R.J., Uralov A.S. (2013)) va xorijiy davlatlarda chop etilgan yangi nashrlar (Cooper P. (2001 y), Dorminontova V.V. (2004 y.), Zabelina Ye. V. (2005 y), Kurbatov V. Ya. (2007 y)) hamda INTERNET materiallaridan olinb montaj qilindi va muallif-larning shaxsiy arxividan keltirilgan foto va chizmalar bilan to‘ldirildi.
Darslikning 2.5; 2.6; 6.1 va 6.3–paragraflari va rasmlarnini L.A. Adilova, qolgan barcha boblar va paragraflar matni va rasmlarini esa A.S. Uralov yozdi va tayyorladi.
Mualliflar darslik qo‘lyozmasiga ijobiy taqriz yozgan arxitektura doktori, professor D.A. Nozilovga, arxitektura nomzodi, dotsent R.T. Toshtemirovga hamda darslik qo‘lyozmasini kompyuterda tergan va unga tegishli rasmlarni joylashtrishda yordam bergan T.F. Kushmanov, G.S. Sidikova, Yu.B. Sharifova va L.A. Razzakovalarga o‘z minnatdorchiligini izhor etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |