Sulfid rudalarini kuydirish va sulfat kislotasi olish
Ishdan maqsad: Sulfid rudalarini kuydirish jarayonida hosil bo`lgan pech gazidagi SO2 ning konsentratsiyasiga ruda tarkibidagi oltingugurt miqdori, rudaning donadorlik darajasi, harorat, ortiqcha havo miqdorining ta`sirini o`rganish.
Nazariy ma`lumotlar.
Mavjud sharoitlarda qaysi xom-ashyodan sulfat kislota ishlab chiqarish maqsadga muvofiqligini aniqlash uchun, xom-ashyoning qaysi turini olish oson va arzonligini hamda har xil xom-ashyodan sulfat kislota ishlab chiqarish nima bilan farq qilishini bilish kerak. MDH davlatlarida sulfidli rudalarga boy, oltingugurt kolchedani FeS2 va rangli metallarning sulfidlariga boy konlar mavjud. Ko'p yillar mobaynida oltingugurt kolchedanini faqat sulfat kislotali xom-ashyo deb, rangli metallarning rudalarini esa faqat rangli metallar olinadigan xom-ashyo deb qaralar edi. Birinchi holda tarkibida temir -oksidi hamda qo’shimcha tariqasida kam miqdorda mis va boshqa metallar bor temir kolchedanining kuydirish mahsuloti, asosan tashlab yuborilardi. Ikkinchi tur xom-ashyolarni qayta ishlashda havoga juda ko’p miqdorda zaharli gazlar chiqarib yuborilgan, chunki rangli metallurgiya zavodlaridagi birinchi jarayon —rudalarni kuydirishdir. Bizning mamlakatimizda rangli metallurgiya zavodlarida hosil bo’ladigan oltingugurt (IV)-oksiddan foydalanish masalasiga katta e’tibor berilmoqda, masalan, bu chiqindidan xom-ashyo sifatida foydalanib, qo’shimcha mahsulot sifatida ishlab chiqariladigan kislota miqdorining umumiy sulfat kislota ishlab chiqarish hajmidagi qismi tobora o’sib bormoqda. Shu bilan birga atmosferaning ifloslanishi ham kamaymoqda.
Yoqilg’ilarni kimyoviy qayta ishlashda hosil bo’ladigan oltingugurtni ajratib olish nisbatan oson. Toshko’mirni kokslashda oltingugurtning ko’p qismi koks gazi tarkibiga, asosan vodorod sulfid holida o’tadi. Koks gazidan qanday maqsadlarda — yoqilg’i yoki kimyoviy xom-ashyo sifatida foydalanishdan qat’iy nazar uni, albatta vodorod sulfiddan tozalash kerak. Ishlab chiqarish korhonalarida qo’llaniladigan tozalash usuli vodorod sulfiddan oltingugurt yoki oltingugurt IV- oksid S02 olish imkonini beradi. Ko’pgina tabiiy yonuvchi gazlar tarkibida ham vodorod sulfid bo’lganligi sababli ularni ham bu gazdan tozalash kerak. Mamlakatimizda tabiiy gaz qazib chiqarish juda tez sur’atlar bilan o’sib borayotganligi uchun vodorod sulfid ham sulfat kislota xom-ashyosi kabi katta ahamiyat kasb etmoqda. Sulfat kislota ishlab chiqarishning bu xom-ashyo asosida yana ham katta ko’lamda rivojlanishi mumkinligini quyidagi raqamlardan ko’rish mumkin: Katta quvvatli Orenburg konidan chiqadigan tabiiy gazni tozalash yiliga 1 mln. tonnadan ko’p oltingugurt, Buxoro koni — 0,5 mln. tonnaga yaqin oltingugurt berishi mumkin. Katalizatorni zaharlovchi (ishdan chiqaruvchi) qo’shilmalari bo’lmagan vodorod sulfiddan sulfat kislota ishlab chiqarishda foydalanish darajasi tobora ortib bormoqda.