www.ziyouz.com kutubxonasi
126
— Bolta qani?
— Mana.
Ikkinchi navkar beliga qistirilgan boltani Tohirga olib berdi.
— Shinakka bekin! — shivirladi No‘yon kimgadir.
Kungura va shinaklar bo‘lmasa, devor ustidagi odamning qorasi pastdan ko‘rinib qolishi
mumkin edi. Shuning uchun pastdan chiqqan navkarlar shinaklarga bekinib turdilar.
Hamma chiqib bo‘lgandan keyin, sekin-sekin yurib, engashib, devor usti bilan Feruza
darvozasi tomonga bora boshladilar.
Devorning ma’lum bir joylarida qorovulxonalar bor edi. Bir qorovulxonaga yaqin
kelganlarida ichkaridan kimdir naymancha talaffuz bilan uyqu aralash:
— Irisbay, keldingma? — deb so‘radi.
Devor ustidan kelayotganlar taqqa to‘xtashdi. Tohir qo‘lidagi boltaning sopini ikki qo‘llab
qisdi-yu:
— Ha, — dedi.
Ammo ichkaridagi qorovul uning ovozini tanimay hadiksiradi shekilli, uyqusi birdan
o‘chib:
— Kimsan? — dedi.
No‘yon Ko‘kaldosh qorovulxonaga qarab otildi. Qorovul ichkaridan shoshib
chiqayotganda ko‘kragiga g‘archillatib xanjar sanchdi. Qorovul jon achchig‘ida chinqirib
yubordi. Pastdagi qorovullar ham uyg‘onib ketdi.
— Tohir to‘xtamasdan darvozaga yugur! — dedi No‘yon Ko‘kaldosh. U yigitlarning besh-
o‘ntasini pastda uyg‘ongan qorovullarni bir yoqli qilish uchun qoldirdi-yu, o‘zi boshqa
navkarlarni ergashtirib, Feruza darvozasiga tomon yugurib ketdi.
Shayboniyxon bu darvozani qo‘riqlashni Fozil Tarxon bilan uning yuz ellik yigitiga
topshirgan edi. Hozir bu yigitlarning ko‘pchiligi uy-uyiga tarqab ketgan, darvoza
qorovulxonasida yigirmatacha odam uxlab yotar edi. Ular to uyg‘onib, qurol-yarog‘larini
qo‘llariga olgunlaricha bolta ko‘targan Tohir darvoza qulfiga yaqinlashdi. Otning
kallasiday keladigan qulf bir-ikki zarbani pisand qilmadi. Uyi bu yerga yaqin bo‘lgan Fozil
Tarxon mash’ala ko‘targan yigitlari bilan darvozaxonaga yetib keldi. Ularning biri
darvoza qulfiga bolta urayotgan Tohirga qarab nayza otdi. Nayza Tohirning dubulg‘asiga
yonlama tegib sirg‘alib o‘tdi-yu, darvoza yog‘ochiga qadaldi. Darvozaxonada nayzabozlik
va qilichbozlik boshlandi. No‘yon Ko‘kaldosh boshliq yigitlar ko‘pchilik edi. Fozil tarxon
bo‘ynidan qilich yeb, otdan yiqlib tushdi.
Tohir boltani ikki qo‘llab ko‘tarib, goh qulfga, goh darvoza zanjirining zulfiga urar,
temirdan uchqun sachrar, ammo zo‘r qulf, «qilt» etmas edi. Nihoyat, zulfin sindi-yu,
zanjir sharaqlab tushdi.
Qo‘rg‘on atrofida suv to‘ldirib qo‘yilgan enli choh bor edi. Chohdan darvozaga o‘tiladigan
ko‘prik ham maxsus zanjir bilan darvoza tomonga ko‘tarib qo‘yilgan edi. Tohir darvozani
ochayotganda yigitlardan biri ko‘prikning zanjirini ham bo‘shatdi.
Bobur va Qosimbeklar ichkaridagi olishuv shovqinini eshitib, choh labiga kelib turgan
edilar. Darvoza ochilib, ko‘prik tushishi bilan ular ichkariga ot qo‘yib, qilich yalang‘ochlab
kirdilar. Fozil Tarxonning tirik qolgan navkarlari shahar ichiga qarab qochdilar.
Qosimbek boshliq otliqlar ularni quvib ketdi. No‘yon Ko‘kaldoshga otini keltirib berdilar.
Tohir ham, boshqa piyodalar ham yana otlandilar. Bobur navkarlarning bir qismini
No‘yon Ko‘kaldosh bilan birga Chorraha darvozasini egallashga yubordi. O‘zi qolgan
navkarlar bilan So‘zangaron darvozasiga qarab ot choptirib ketdi. Agar darvozalar tezroq
egallanmasa, tashqaridan Shayboniyxon butun qo‘shini bilan kirib kelishi mumkin edi.
Feruza darvozasi oldidan boshlangan jang shovqini birpasda butun shaharni qamrab
oldi. Shahar dorug‘asi Jonvafo Shayxzoda darvozasi tomonda — Xo‘ja Yahyodan tortib
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |