Ibrohim Lodining onasi malika Bayda Panipat jangida o‘ldirilgan o‘g‘li uchun aza tutib,
boshdan-oyoq oq kiyinib yurar edi. Oraga qo‘yilgan odamlar unga istagan parganasini
berib, Agrani jangsiz topshirishga ko‘ndirdilar. Malika qo‘rg‘on darvozalarining kalitini
Jamna bo‘yida Boburga topshirayotganda ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.
Bobur bu salobatli kampirning keng peshonasi va bir-biriga qo‘shilgan qoshlarini
qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi. So‘ng birdan Panipat esiga tushdi. Jang tugagandan keyin
bir bek minglab o‘liklar orasidan Ibrohim Lodining jasadini izlab topgan va boshini kesib
olib, uzun nayzaga sanchib Boburga keltirib ko‘rsatgan edi. Endi qirq yoshlarga borgan
Ibrohim Lodining keng peshonasi va payvasta qoshlari ham xuddi onasinikiga o‘xshar
edi.
Boburga bir lahza shunday tuyuldiki, go‘yo Ibrohim Lodi to‘satdan tirilib, onasining
qiyofasiga kirib kelgan. Bobur allanechuk sarosima bo‘lib:
— Malika, yig‘lamang, — dedi. — Bizdan yana qanday tilagingiz bo‘lsa ayting?
Malika Bayda ko‘z yoshini kafti bilan tez artdi: