2021 yilda soliq tushumlari qanday o‘sdi?
Birinchi yarimyillikda O‘zbekiston davlat byudjeti daromadlari 28,7% ga — 74,9 trln so‘mgacha o‘sdi. Foyda solig‘i bo‘yicha tushumlarning 67,8 foizi oltin va mis qazib olish korxonalari, QQS bo‘yicha — neftgaz sektori va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari hamda avtomobil va ehtiyot qismlari importi hissasiga to‘g‘ri keldi.
2021 yilning I yarmida Davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni tashkil qildi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga (+28,7%) ko‘p bo‘ldi, deyiladi Moliya vazirligi hisobotida.
Hisobot davrida davlat soliq organlari nazoratidagi tushumlar 61,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,5 trln so‘mga (33,8%) oshdi. Jumladan, Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi nazorati ostidagi tushumlar 40,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 10,5 trln so‘mni (35%) tashkil qildi.
2021 yilning I yarmida bojxona organlari tomonidan nazorat qilinadigan tushumlar 5,2 trln so‘mga (52,5%) oshdi va 15 trln so‘mni tashkil qildi. Davlat byudjetining soliq va bojxona organlari tomonidan nazorat qilinmaydigan tushumlari 6 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 trln so‘mga ko‘pdir.
Bevosita soliqlar
2021 yilning I yarmida foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar 18,6 trln so‘mni tashkil etdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tushumlar 6,8 trln so‘mga oshdi.
Foyda solig‘i tushumlarining 12,6 trln so‘mi, ya’ni 67,8%i oltin va mis qazib oluvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Iqtisodiyotning qayta tiklanishi, ma’muriyatchilik va soliq qonunchiligiga rioya etilishi yaxshilanishi tushumlarning o‘sishiga olib keldi. Bunga, shuningdek, foyda solig‘i bazasining o‘sishiga olib kelgan oltin va kumush uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasining 20% dan 15% gacha kamaytirilishi va oltin narxining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 9,8% ga o‘sganligi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi
10 957 nafar (11,5%) soliq to‘lovchilar faoliyatini zarar bilan yakunlagan, 29 677 nafar soliq to‘lovchi (31,3 foiz) «0» hisobot taqdim etgan, foyda bilan esa 54 323 nafar soliq to‘lovchi (57,2%) hisobot topshirgan.
2020 yildan boshlab bir yo‘la amortizatsion chegirma joriy qilinganligi (5 yoki 10 foiz) natijasida joriy yil I choragida 338 nafar soliq to‘lovchining foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasidan chegirilgan summasi 384,8 mlrd so‘mni tashkil etdi hamda taxminan 57,7 mlrd so‘m mablag‘ ular ixtiyorida qoldirildi.
2021 yilning I yarmida aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 932,4 mlrd so‘mni tashkil etdi, ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 302,7 mlrd so‘mga oshdi.
Tushumlarning o‘sishi 124 ta tuman va shaharlarda 25% dan ortiqni, 22 ta tuman va shaharlarda 15−25% ni, 38 ta tuman va shaharlarda 15% gachani tashkil qilgan bo‘lsa, 19 ta tuman va shaharlarda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamayib ketganligi kuzatildi.
Hisobot davrida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 8,8 trln so‘mni (o‘sish 1,5 trln so‘m), jumladan ish beruvchilar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadigan soliq 8,1 trln so‘mni (o‘sish 1,3 trln so‘m) tashkil etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |