BOSHLANG’ICH SINFLARDA CHIROYLI YOZUV DARSLARINI TASHKIL ETISH
O`zbek xalqi uzoq asrlik tarixida yaratib qoldirgan madaniy merosida chiroyli yozuvga o`rgatish , ya`ni xattotlik san`ati alohida o`rin egallaydi. O`rta asrlarda har qanday asar qo`lda ko`chirilib kitob qilingan. Qo`lyozmalarni kitob holiga keltirish katta hunar va san`at hisoblangan. Qo`lda ko`chirilgan har bir asar san`at mo`jizasi kabi nodir sanalgan. Bir qancha olim va fozil kishilar yoshlikdan xattotlik san`atini egallab keyinchalik kotiblikda ham nom chiqarganlar. Ular faqat o`z asarlarini emas, balki boshqa mualliflar asarlarini ham ko`chirganlar. Masalan, Hofiz Sheroziy Xusrav Dexlaviyning “Xamsa”sini ko`chirgan. Alisher Navoiyning mohir xattot ekanligi tarixiy manbalardan ma`lum. Zahiriddin Muhammad Bobur arab alifbosida turkiy xalqlarga moslab “Xatti Boburiy”deb atalgan alifboni yaratgan. Eski maktabda chiroyli yozuvga alohida ahamiyat berilgan, ammo husnixat mashg`ulotlari uchun zarur qoidalar yuzaki tushuntirilgan. Masalan, chiroyli yozuvga o`rgatish paytida faqat qalamni qanday ushlash qoidalari eslatilgan. Gigiyenik qoidalar talab etilmagan. Hatto yozish vaqtida ham nafas olish ta`qiqlangan. Bola xat yozish vaqtida chap oyog`ining to`pig`i ustida o`tirgan, o`ng oyog`ini esa tizzasidan bukib turgan. Maktabda “Husnixat “qoidalarini o`rgatuvchi birdan bir qo`llanma “Mufradot”bo`lgan. Domlalar yozishni o`rgatish va husnixat mashq qildirishda shu kitobdan foydalanganlar. Husnixatga o`rgatishning birdan bir yo`li ko`chirib yozish ko`nikmasini hosil qilish bo`lgan.
1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida qonun qabul qilindi. O`zbek maktablari uchun barcha darslik va qo`llanmalar lotin alifbosida chop etila boshladi. Shuning uchun hozirgi kun talablari asosida boshlang`ich sinf o`qituvchilari uchun husnixatga oid metodik qo`llanmalar juda zarur edi. Pedagogika fanlari doktori Mirhabib G`ulomov yaratgan metodik qo`llanmalar o`quvchilarning chiroyli yozuv malakalarini shakllantirishda yaqindan yordam bera oladi. O`quvchilarning chiroyli yozuv malakalarini hosil qilish uchun birinchi navbatda diqqat, sezgi, idrok etish va xotira kabi psixofiziologik funksiyalar ishtirok etganligini ko`ramiz. Psixik jarayonlar va inson psixikasi xususiyatlari orasida diqqat faoliyati alohida o`rin tutadi. U ongning hamma shakllarida ishtirok etadi. Diqqat jismoniy harakat talab qiladigan , ishni yaxshi bajarishga yordam beradigan omillardan biridir. Bilimni o`zlashtirish uchun o`quv materialini idrok etish talab qilinadi. Yozish jarayonida ko`rish va eshitish sezgilari idrok qilinadi.
Yozuv jarayoni turli yozuv qurollari(ruchka, qalam, bo`r)orqali amalga oshiriladi va qaysi yozuv qurolidan foydalanishiga qarab qo`l harakatlari shunga moslashtiriladi.
Chiroyli yozuvga o`rgatishda , birinchi navbatda , quyidagi malakalarni singdirib borish talab etiladi:
1. Yozuv qurollaridan to`g`ri foydalanish
2. Parta ustida daftarni to`g`ri qo`yish
3. Yozayotganda gavdani to`g`ri tutish va tirsaklarni to`g`ri harakat qildirish
4. O`z xatini berilgan namuna bilan taqqoslashga o`rgatish.
5. Tovushni bosma harfga, bosma harflarni esa yozma shaklga aylantirishga o`rgatish.
6. Harflar shaklini idrok etishga (yozuvni qayerdan boshlash, qayerda tugatish, o`ngga, chapga, burilish, bog`lash va h. k)o`rgatish.
7. Harflarni bir-biriga bog`lab yozishga o`rgatish.
8. Harflarni bir xil balandlikda va kenglikda tekis yozishga o`rgatish.
9. Daftar chizig`idagi qatorlarni to`g`ri to`ldirish sarlavha, oy va kunlarni to`g`ri yozish.
10. Harflarning 75 daraja qiyaligini to`g`ri saqlash.
Demak, boshlang`ich sinf o`quvchilarini chiroyli yozuvga o`rgatishdan oldin quyidagi malakalarni berish lozim.
1. Yozuv texnikasi, ya`ni yozuvning turli to`g`ri yozish usullaridan foydalanish.
2. Harflarning shaklini to`g`ri ifodalash, ya`ni grafik malakalarini egallash.
3. Yozuv vaqtida harflarning shakli bilan bir qatorda uning qanday tovush bildirishini ham bilish, ya`ni imloga oid malakalarini ham egallash.
Chiroyli yozuv malakalarini shakllantirish usullari
1. Namunaga qarab yozish.
Chiroyli yozuvga o`rgatishning eng asosiy usullaridan biri-harflarning shaklini namuna qilib ko`rsatish va yozdirishdan iborat. Har bir harf namunasini doskada barcha o`quvchilarning diqqatini jalb qilgan holda yoki ayrim o`quvchilarga daftarda alohida-alohida ko`rsatib berish zarur. O`quvchining vazifasi esa doskada eslab qolgan shakllarni o`z daftariga to`g`ri aks ettirishdir.
Doskada yozib ko`rsatilayotgan har bir harf barcha o`quvchilarga aniq ko`rinib turishi shart, agar ayrim o`quvchilar uni ko`ra olmayotgan bo`lsalar, qaytadan takrorlab ko`rsatish lozim.
Ayniqsa, yangi harf yoki ularning bog`lanishini ko`rsatish vaqtida qayta-qayta takrorlash muhimdir.
2. Namunaga qarab ko`chirib yozish.
Bu juda qadimiy usul bo`lib, hozirgi kunda ham u o`z qimmatini yo`qotgani yo`q. O`quvchilar , asosan, harflarning shaklini “Husnixat”dagi yoki “Yozuv daftari”dagi namunaga qarab ko`chirib yozadilar. Namunaga qarab ko`chirib yozish, tayyor harfning ustidan yozishga nisbatan ancha murakkab bo`lib, o`qituvchi ularning har biri ikkalasini qaysi vaqtda qo`llashni yaxshi bilishi kerak.
O`quvchilarning daftarlarida o`qituvchi tomonidan yozib ko`rsatilgan har bir namuna chiroyli va aniq yozilishi lozim.
3. Nusxa ko`chirish.
Bu usulni harf shaklini to`g`ri tasavvur eta olmaydigan , yozishda daftar chiziqlaridan pastga tushib yoki chiqib ketadigan o`quvchilar uchun qo`llaniladi. Masalan, o`quvchi B harfini yozishda xatoga yo`l qo`yayotgan bo`lsa, o`qituvchi uni nuqtalar bilan ifodalab, daftarga qalamda yozib ko`rsatadi, o`quvchi esa uning ustidan siyoh yurgizib chiqadi. Bu usul o`quvchining shu harf tasavvurini kengroq shakllantiradi.
4. Tasavvur orqali yozish.
Tasavvur orqali havoda harflarning shaklini yozdirib mashq qildiriladi. O`qituvchi doskada yozib ko`rsatgan harf yoki bog`lanishlarni o`quvchilar qanday qilib yozishni , ruchkaning havoda harakatini kuzatib, tasavvur hosil qilganlaridan so`ng daftarga yozish ruhsat etiladi. Bunday mashqlar o`quvchilarning qiziqishlarini oshiradi va jismoniy mashqlarni bajarishlariga imkoniyat ortadi.
5. Harflarning shaklini tahlil qilish
Harf va uning unsurlarini tahlil qilishni turlicha amalga oshirish mumkin. Harflarni unsurlarga ajratib tahlil qilish, uning necha unsurdan tuzilganligini, har bir unsur qanday shaklga ega ekanligini, bu unsurlar boshqa harflar bilan bog`lanishda qanday ko`rinishga ega ekanligini o`quvchilar tasavvur etadilar. Masalan, kichik n va m harfining birinchi unsure bir xil shaklga ega, ammo kichik n harfida bitta ilmoqli kichik tayoqcha bo`lsa, kichik m harfida ikkita ilmoqli tayoqcha bo`ladi.
6. Yozuv malakasini ongli o`zlashtirish.
Chiroyli yozuv qoidalarini yaxshi bilish yozuv malakasining shakllanishiga yordam beradi.
Masalan, 1-sinfda dastlab to`g`ri o`tirish, ruchkani to`g`ri ushlash, daftarni to`g`ri holatda qo`yish kabi talablar asosida so`zlarda harflarning balandligini va qiyaligini bir xilda saqlash, so`zlarda harf unsurlari va ularning oralig`ini bir xil uzoqlikda chamalab yozish qoidalari kelib chiqadi. 2-sinfdan boshlab chiroyli yozuv malakasiga o`rgatishda yozuv texnikasiga oid bo`lgan kichik va bosh harflarni bir xil balandlikda chamalab yozish, 4-5 harfdan iborat so`zlarni qo`l harakatini uzmasdan bog`lab yozish, tez va toza yozish kabi qoidalar talab etiladi. Chiroyli yozuv deganda biz toza va aniq chiziqlar bo`yicha, husnixat namunalarida ko`rsatilganidek yozilgan yozuvni tushunamiz.
3-sinfdan boshlab esa bu qoidalarga yana qo`shimcha tez va toza yozish qoidalari kiritiladi.
Harflarning qiyaligini to`g`ri saqlash.
Bolalarning yozuvlari har xil qiyalikda bo`lishi mumkin. Agar harflarning asosiy elementlari daftar chizig`iga nisbatan tik holatda qo`yilsa, yozuvning holati ham tik bo`ladi. Harf elementlari o`ng tomonga qiya bo`lib, o`tmas burchak hosil qilishi mumkin. O`quvchilarni o`ng tomonga qiya qilib yozishga odatlantirish lozim. Shuningdek, yozuvning to`g`ri b o`lishi uchun daftarning qiya holatiga ham e`tibor berish lozimligi tushuntiriladi va ko`rsatiladi. Daftarning parta ustida noto`g`ri turishi gigiyena qoidalarining buzilishiga ham sabab bo`ladi chunki o`quvchi yozuvning qiyaligini saqlash uchun o`z gavdasini har xil holatda tutishi mumkin. Daftarning pastki chap burchagi ko`krak o`rtasiga to`g`ri bo`lishi yoki daftarning qiya chizig`i partaning chetiga tik bo`lishi kerak.
Tez va ravon yozishga o`rgatish.
Harflarni bir xil balandlikda va kenglikda yozishga o`rgatish bilan birga tez va ravon tekis qilib yozish chiroyli yozuvning muhim talablaridan biridir. Chiroyli va tez yozishning asosiy siri uning bir xil o`lchamdagi ravon harakatidir.
Bir maromda harakat qilib yozish, har bir harf va uning elementlari bir xil balandlikda va qiyalikda bo`lishi alohida go`zallik kashf etadi. Yozuvning tezligini oshirib borishda bolalarning qo`l harakati bir maromda bo`lishiga e`tibor berish, barmoqlarning charchab qolishiga yo`l qo`ymaslik kerak.
Boshlang`ich sinflarda bolalarga chiroyli yozuv malakasini singdirish har bir o`qituvchidan chidam va mahorat talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |