Kuch transformatorlarnig sovitish tizimlari. Havo va moy bilan tabiiy sovitish. Reja: 1. Transformatorlarning sovitish tizimlari. 2. Transformatorlarning havoli sovitish tizimlari. Transformatorning izolyasiyasi uning eng muhim qismidir, chunki transformatorning ishonchli ishlashi asosan uning izolyasiyasining ishonchliligiga bog‘liq. Izolyasiyaning konstruksiyasi «Yuqori kuchlanish texnikasi» kursida batafsil o‘tiladi. Moyli transformatorlarda asosiy qismi izolyasiya bo‘lib, qattiq dielektriklar: qog‘oz, elektr karton, getinaks va boshqalar bilan birgalikda ishlatiladi.. Kuchlanishni rostlash uchun mo‘ljallangan qayta ulagich qurilmalar va transformatorning aktiv qismi shoxobchalari bilan birga bakka joylanadi. Bakning asosiy qismlari - devorlar, tagi va qopqoqdir. Bak qopqog‘idan kirish simlarini, chiqarish trubasini, kengaytirgichni mahkamlovchi elementlarni, termometrlar va boshqa detallarni o‘rnatish uchun foydalaniladi. Bakning devorlariga sovitgich qurilmalar, radiatorlar mahkamlanadi. Kichik quvvatli transformatorlarda bakning tepa qismi ajraladigan qilib tayyorlanadi: chunki tuzatish ishlarida transformatorning qopqog‘ini olish, so‘ngra aktiv qismini bakdan ko‘tarish zarur bo‘ladi. Transformator aktiv qismining massasi 25 t dan ortiq bo‘lsa, bu holda uni bakning tubiga o‘rnatiladi, so‘ngra bakning qo‘ng‘iroq shaklli yuqori qismi bilan yopiladi va moy quyiladi. Pastki qismi ajraladigan bunday transformatorlarning aktiv qismini chiqarish uchun og‘ir yuk ko‘taruvchi qurilmalarga hojat yo‘q, chunki remont paytlarida moy tushirilib, bakning yuqori qismi ko‘tarilsa, chulg‘am va magnit o‘tkazgichlarga bemalol qo‘l etadi. Oqim sochilishidan hosil bo‘ladigan isrofni kamaytirish uchun po‘lat baklar ichki tomonidan elektrotexnik po‘lat paketi yoki magnitsiz materiallardan tayyorlangan plastinkalar (mis, alyuminiy) bilan ekranlashtiriladi. Transformatorning kengaytirgichi bak bilan kuvir orqali tutashtirilgan silindrik idishdan iborat bo‘lib, moyning havo bilan tegib turadigan sirtini kamaytirish uchun xizmat qiladi. Transformatorning baki moy bilan to‘latilgan bo‘lib, qizishdan yoki sovishdan moy hajmining o‘zgarishi kengaytirgichdagi moy sathining o‘zgarishiga olib keladi; bunda havo kengaytirgichdan yo siqib chiqariladi yoki kamayadi. Moy namni yaxshi shimadi va agarda, kengaytirgich atmosfera bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tutashgan bo‘lsa, unda havoning nami moyga o‘tib, uning izolyasion xossalarini keskin pasaytiradi. Buning oldini olish uchun kengaytirgich atmosfera bilan selikagelli havo quritgich orqali bog‘langan. Selikagel so‘rilayotgan havodagi namni shimadi. YUklama keskin o‘zgarsa, selikagelli filtr havoni to‘liq quritmaydi, shuning uchun kengaytirgichda havo namligi asta-sekin orta boradi. Kengaytirgich orqali moyning namlanishini oldini olish uchun inert gazdan iborat yostiqli germetik bak qo‘llaniladi yoki kengaytirgichdagi erkin bo‘shliq maxsus elastik hajmdan keladigan inert gaz (azot) bilan to‘ldiriladi. Moy-havo chegarasida maxsus parda - membrana qo‘llash mumkin. Kengaytirgichda havoni termoyaxlitgichlar yordamida quritish mumkin. Transformatorning ishini nazorat qilib turish uchun nazorat-o‘lchash va himoya qurilmalari ko‘zda tutiladi. Nazorat qurilmalariga moy ko‘rsatkich va termometr kiradi. Moy ko‘rsatkich kengaytirgichga, termometr bakning qopqog‘iga o‘rnatiladi. Himoya qurilmalariga moy sathining pasayish relesi va gaz relesi kiradi. Transformagorning ishlash jarayonida uning chulg‘amlari va magnit o‘tkazgichi ulardagi energiyaning isrof bo‘lishi hisobiga qiziydi. Transformator qismlarining qizish chegarasini izolyasiya cheklaydi, chunki uning ishlash muddati qizish haroratiga bog‘liq. Transformator quvvati qancha katta bo‘lsa, sovitish tizimi shuncha intensivroq bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |