Taqrizchi:
Yu. Mirzaxonov – TM kafedrasi dotsenti.
KIRISH
Insoniyat jadal taraqqiyot yo’liga yuz burganidan buyon badiiy tafakkurga ko’proq ehtiyoj seza boshladi. Bu jarayon shunga olib keldiki, bugun san’at inson ijtimoiy hayotining ajralmas bir qismiga aylandi. Chunki san’at hayotni chuqur o’rganishda, uni go’zallik me’zonlari nuqtai nazaridan idrok etishda hamda nafosat olamining ilg’ab olish murakkab bulgan nozik sir-asrorlarini anglash va his etishda yaqin ko’makdoshdir. San’at insonlarning obrazli tasavvuri, tafakkur dunyosining manbai bo’lib xizmat qiladi. Ayni paytda u hayotning badiiy tasviri, aks sadosidir. O’zbek milliy san’ati boy tarixga, o’zining ko’plab turlari, ajoyib turfa namunalariga ega. Ana shu qadim o’tmishdan rivojlanib, takomillashib kelayotgan barhayot qadriyatlarimiz hozirgi turmushimizni yanada go’zal, mazmunli qilishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy o’zbek san’ati taraqqiyoti, xususan kiyinish madaniyati, me’morchilik, uy-joy qurilishi sohalarida qo’llanayotgan milliy uslubimizning, an’analarimizning yevropa, g’arb san’ati uslublari bilan qo’shilib, qorishib, ba’zan chalkashib ketayotganligi hech kimga sir emas. Yoshlar ijodida ham ko’proq yevropacha uslub yetakchilik qilayotgani sezilib turibdi. Buning sababi, milliy san’atimiz qadriyatlarini hanuzgacha mustaqil ravishda yetarli tiklay olmaganimizda bo’lsa kerak. Agar ijodkor fikri milliy negizdan baxramand bo’lmasa, u hech qachon tulaqonli, umumbashariy asar yarata olmaydi. Biz buning sababini hozircha unchalik chuqur anglab yetmagan bo’lishimiz mumkin.
Ammo, san’at ichidagi san’at hisoblangan keng qamrovli «kompozitsiya» tushunchasi, uning tamoyillari bir-ikki odamning ko’rsatmasi, qarorlar bilan hal bo’la qolmaydi. U ko’p muhim aniqliklar talab qiladi. Masalani hal etishda, ijodkor konstruktor-dizaynermi, musavvirmi, haykaltarosh- arxitektormi, bundan qat’iy nazar masalaning bir tomonini yoddan chiqarmasligi kerak. U ham bo’lsa kompozitsiya unsurlarida ijtimoiy muammolar va zamonaviy madaniyat ko’lami darajasini yanada kengroq aks ettirishdir. Shuni nazarda tutib ish ko’radigan bo’lsak, bugungi kunda yaratilgan kompozitsiyalar zamonamizning anchayin murakkab chizgilari bilan bezalishi lozim. Bugun hayotga qadam qo’yayotgan konstruktor-dizaynerlar, musavvirlar, san’atshunoslar ham yangi dorulomon zamon ruhida, saviyasida ta’lim olishlari kerak. Tubdan uzgartirilishi zarur bo’lgan ta’lim-tarbiya tizimlari, xususan talabalarga bilim berish pog’onalari ham yangi davr talabi bilan bizga maxtal bo’lib turganligini bugun yanada teranroq fahmlashimiz lozim. Odatga kirib ko’rgan, xonalardagina hal qilinadigan, siyka uslubda yaratiladigan asarlarga chek qo’yib, amaliy mashg’ulotlarni katta saboq beradigan tajribalarga bog’lab, yangicha nazarlar bilan boyitib, dadil, ilmiy uslubiy yo’llar orqali boshqariladigan davr keldi. Kompozitsiya yaratish tajribasidan kelib chiqqan holda, undagi ijodiy ish usulini o’rganish - unga ma’lum darajada odil baho berishning bir yuli hisoblanadi. Davr talabi va ustozlar ish tajribasi shuni ko’rsatadiki, har qanday uslubiy qo’llanmani ilmiy jihatdan muhokama etish uning aniqligi, to’liqligi va samarasi faqatgina chuqur ijodiy tajribalardan va anik goyaviy yo’nalishlardan qidirilgandagina muayyan metodik tushunchani, ma’lum falsafani to’liq ifoda etishi mumkinligini nazarda tutish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |