Korxonani tashkil etish, faoliyatini tugatish tamoyillari va tartib qoidalari
Korxonani tashkil etish va ularning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar «Korxonalar to‘g‘risida»gi qonun va uning asosida chiqariladigan boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Korxonani tashkil etishning umumiy shartlari shulardan iboratki, mol-mulk egasi yoki u vakil qilgan idora, korxona, tashkilot qaroriga yoki mehnat jamoasining qaroriga muvofiq, shuningdek ta’sis etuvchilar guruhi va ayrim ta’sis etuvchi shaxslar qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda barpo etiladi.
Korxonani tashkil etish va uning faoliyatini olib borish uchun yer uchastkalari, tabiiy resurslardan foydalanish ko‘zda tutilgan hollarda tegishli davlat hokimiyat idoralari (shahar, tuman, tuman arxitektura bo‘limlari)dan, tabiatdan foydalanuvchi tegishli tashkilot tomonidan ekologiya ekspertizasi xulosasi asosida foydalanishga ruxsatnoma olinadi. Shuningdek, korxona ishlab turgan korxonalar, tashkilotlar tarkibidan mehnat jamoasi tashabbusi bilan bir necha tarkibiy bo‘linmalarga ajratish yo‘li bilan ham tashkil qilinishi mumkin.
Korxona O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda korxona joylashgan joydagi mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasidagi ma’ruzasida «Iqtisodiyotni erkinlashtirishdagi bosh vazifa, eng avvalo, davlatning nazoratchilik va boshqaruvchilik vazifalarini qisqartirish, korxonalarning xo‘jalik faoliyatiga, birinchi galda xususiy biznes faoliyatiga aralashuvini cheklashdan iborat. Ayniqsa, xususiy biznesga, umuman, iqtisodiy faoliyatning bozorga xos mexanizmlariga ko‘proq erkinlik berish zarur. Buning uchun tegishli huquqiy zamin, tashkiliy va iqtisodiy shart-sharoit va kafolatlarni yaratishimiz kerak», - deb ta’kidlagan edi. Jumladan, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bu tashkiliy jihatdan dastlabki va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan muhim jarayondir. Respublikamizda oxirgi yillarda kichik biznes va xususiy korxonalar faoliyatini rivojlantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qulay huquqiy muhitni shakllantirish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmlarini imkon qadar soddalashtirish maqsadida qator qonunlar qabul qilindi, mavjudlariga o‘zgartirishlar kiritilib, yanada takomillashtirildi.Hozirda Respublikamizda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi munosabatlarini tartibga soluvchi bir qator qonun hujjatlari mavjud. Jumladan:
Do'stlaringiz bilan baham: |