5-rasm Tadbirkorlarni ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlash mexanizmi16
Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, tadbirkorlikni rivojlantirishda xo’jaliklar va korxonalar o’rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining mexanizmi yaxshi ishlamayapti. Kredit olib faoliyat yuritayotgan dehqon va fermerlar, tadbirkorlar etkazib bergan mahsuloti, bajargan ishlari uchun o’z vaqtida haq ololmayapti. Natijada ularning debitorlik qarzlari ko’paymoqda. Kreditni uzish uchun esa ishbilarmonlar biznes-rejada ko’rsatilgan xarajatlardan ba’zan chetlanishga majbur bo’lmoqdalar. Bu o’z navbatida «Kreditdan nomaqsad foydalanilgan» degan muammoni keltirib chiqarmoqda. To’g’ri, ayrim hollarda tadbirkorlar uzoq muddatli kredit shartnomasini amalga oshirish jarayonida vaqt yoki sharoit taqozosi, iste’molchi talabidan kelib chiqib, biznes-rejada ko’rsatilgan xarajatlarni biroz chetlab o’tadi. Odatda bunday xarajatlar jami kreditning 10-20 foizini tashkil qiladi, xolos. Hozirga qadar kredit mablag’laridan «maqsadsiz» foydalanganlikni baholashning na nazariy, na amaliy mezonlari ishlab chiqilmaganligi esa tadbirkorlar bilan byudjetdan tashqari fondlar, sug’urta idoralari va bozor infratuzilmasidagi boshqa tashkilotlar o’rtasida ziddiyatlar tug’dirmoqda.
Shunga ko’ra, bugungi kunda mamlakatimizda kreditni berish mexanizmlarini takomillashtirish yo’llarini ishlab chiqish taqozo etilmoqda. Fikrimizcha, kredit muassasalari tomonidan tadbirkorlarga kredit mablag’larini ajratish va taqdim etishda quyidagi asosiy tamoyillarga amal qilinishi lozim:
kredit ajratish va berish muddatining oldindan aniqligi va bu borada tadbirkorning ham habardor etilishi;
kredit berilishi to’g’risidagi xulosaning qisqa muddatda chiqarilishi;
kredit berish to’g’risida qaror qabul qilinib, bu borada tadbirkorga xabar etkazilgandan so’ng, kredit ajratish to’g’risidagi xulosa noto’g’ri ekanligi aniqlangan taqdirda, buning kredit oluvchiga zarar etkazmasligi;
kredit berish belgilangan muddatdan cho’zilgan taqdirda, iqtisodiy jihatdan kreditorga ta’sir ko’rsatish orqali «jazolash» dastagining qo’llanishi.
Kredit bo’yicha garov ta’minotining etarli emasligi muammosi rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud bo’lib, u maxsus tashkil etilgan davlat kafolat fondlari tomonidan tijorat banklariga kafolat berish yo’li bilan hal etiladi.
Ilg’or xorij tajribasini, respublika tijorat banklarida etarli kredit resurslari (shu jumladan, imtiyozli) mavjudligini, shuningdek, muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda, olinayotgan bank kreditlarining garov ta’minotidagi etishmovchilikni qoplashda davlat kafolatlarini taqdim etuvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash davlat kafolat fondini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birga, hozirda iqtisodiyotning alohida tarmoqlarida nomutanosiblik, mahsulotning alohida turlarini ortiqcha ishlab chiqarish kuzatilmoqda.
Shunga ko’ra, ta’kidlab o’tilgan muammoni hal etish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar, tashkilotlar, joylardagi davlat hokimiyati organlari respublika tijorat banklari bilan birgalikda yagona «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning davlat dasturi»ni ishlab chiqishi lozim. Unda geografik holat, transport, injener-kommunal infratuzilma, xom ashyo, moddiytexnikaviy, ishlab chiqarish va mehnat resurslarining mavjudligi, ichki bozorning ehtiyojlari va mintaqaning eksport imkoniyatlari, shuningdek, kichik va o’rta ishlab chiqarish korxonalarining respublika yirik sanoat kompleksi bilan kooperatsiyasi mexanizmini qo’shgan holda moliyalashtirishning salohiyatli manbalarini hisobga olgan holda respublika kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini mutanosib rivojlantirish siyosati o’z aksini topadi. Buning natijasida, respublika iqtisodiyotining ilg’or tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yangi yuqori texnologik investitsiya loyihalarining paydo bo’lishini bashorat qilish imkoniyati paydo bo’ladi. Bu bashoratlar xorijiy bozorlarning tegishli segmentlarida maqsadli marketing tadqiqotlari o’tkazish asosida ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Davlat dasturini, ushbu dasturga jalb etilgan davlat va nodavlat tuzilmalarini samarali muvofiqlashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bo’yicha Departament tuzish va unga tegishli vakolatlarni yuklatish zarur. Barcha darajadagi hokimiyatlar qoshida, vazirlik, davlat korporatsiya va kontsernlarida respublika rahbariyatining Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish bo’yicha qarorlarini bajarish maqsadida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bilan ish olib boruvchi bo’linmalar tashkil etish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |