Korxonalarni Moliyaviy Boshqarishning maqsad va vazifalari Bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy menejmentning maqsadlari turli-tuman boʻlishi mumkin. Uzoq muddatli istiqbolda ular korxonani rivojlantirishning umumiy strategiyasiga mos kelishi, uni amalga oshirishni ta’minlashi lozim. Amaliyotda keng tarqalgan va an’anaviy boshqaruv maqsadlariga quyidagilarni kiritish mumkin: - foydani maksimallashtirish; - moliyaviy barqarorlikni ta’minlash; - tovar realizatsiyasi miqdorini maksimallashtirish va boshqalar. Korxona faoliyatining u yoki bu maqsadining afzalligini asoslash firmalar faoliyatining turli xil nazariyalari doirasida amalga oshiriladi. Firma nazariyalaridan kelib chiqqan holda quyida asosiy tan olingan korxonalar faoliyati maqsadlari xususida toʻxtalib oʻtamiz. Firmalalarning klassik nazariyasida tadbirkorlikning bosh maqsadi olingan tushumlarning sarflangan xarajatlardan yuqori boʻlishini erishish nazarda tutiladi. Tushumlar va xarajatlar oʻrtasidagi farq foyda sifatida aks ettiriladi. Shunday qilib, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi har qanday tashkilotning eng asosiy maqsadi oʻz faoliyati boʻyicha foyda miqdorini maksimallashtirib borish hisoblanadi. Bunda foyda miqdorini buxgalteriya hisobi koʻrsatkichlari asosida aniqlashning osonligi va har qanday boshqaruvchi yoki mulkdor uchun tushunarli ekanligi mazkur yondashuvning ommaviyligida muhim rol oʻynaydi. Shubhasiz, korxonalar oʻz faoliyatida foydani oshirishga intilishi lozim. Lekin mazkur jarayonda bu maqsadga erishish uchun kuchlarni markazlashtirish kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Boshqa tomondan ilmiy-tadqiqot ishlanmalariga xarajatlarni qisqartirish, yangi mahsulotlar ishlab chiqish va bozordagi nufuzini oshirib borish, zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish, yuqori malakali xodimlar ish haqlarini oshirib borish va boshqa shu kabilar yaqin kelajakda foyda miqdorini mos ravishda oshirish imkonini berishi mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, yuqori foyda intilishga qaratilgan ayrim qarorlar istiqbolda tovar sifatining pasayishi, asosiy fondlarning haddan tashqari yoki ma’naviy eskirishi, raqobatbardoshlik darajasining va sotish hajmining pasayib ketishi, bozordagi ulushning (korxona nufuzining) yoʻqotilishi, asosiy xodimlarning ketib qolishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi, natijada esa foydaning keskin kamayishi, zararlarning yuzaga kelishi yoki hatto bankrotlikkacha sabab boʻlishi mumkin. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, korxonalarning asosiy maqsadi foydani oshirish boʻlganda har doim ham risklilik darajasi baholanavermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |