Xususiy korxonada personal mehnatini tashkil etish va boshqarish
Mehnatni tashkil etishning xorijiy tajribalari
Korxonalar va ularning turlari
Mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, korxona ishchilar soniga qarab kichik yoki o’rta korxonalarga bo’linadi.
Mulkchilikning barcha shakliga mansub korxonalar ixtiyoriylik asosida faoliyatni muvofiqlashtirish, o’z huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, tegishli davlat idoralari va boshqa idoralarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda umumiy manfaatlarni idora etish maqsadida xo’jalik uyushmalariga: konsernlarga, konsorsiumlarga hamda tarmoq tamoyillari, hududiy yoki boshqa tamoyillar asosida o’zga birlashmalarga uyushishlari mumkin.
Korxona o’z nizomiga muvofiq boshqariladi. Korxona boshqaruv tuzilmasi, shakli va uslublarini mustaqil aniqlaydi, shtatlarini belgilaydi.
Mulkdor yoki xo’jalikni yuritish huquqi sub’ekti korxonani bevosita yoxud u vakolat bergan idoralar orqali boshqaradi. Ular bu huquqlarni korxona kengashiga yoki korxona nizomida ko’zda tutilgan hamda mulkdor va mehnat jamoasi manfaatlarini idora etadigan boshqa idoraga topshirishi mumkin.
Xususiy korxona. O’zbekiston Respublikasining “Xususiy korxona to’g’risida”gi Qonuniga ko’ra: “Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona” deb e’tirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik sub’ektlarining tashkiliy-huquqiy shakli hisoblanadi.
Xususiy korxona mulkdori korxonani rahbar sifatida yakka boshqaradi. Uning asosiy funktsiyalari quyidagilardan iboratdir:
nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash;
xususiy korxona Nizom jamg’armasini belgilash va shakllantirish;
reja va hisobotlarni tayyorlash hamda tasdiqlash;
xususiy korxonani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
xususiy korxonani qayta tashkil etish va tugatish to’g’risida qaror qabul qilish;
xususiy korxona olgan foydani o’z ixtiyoriga ko’ra ishlatish;
xususiy korxona mulkini tasarruf etish (boshqa shaxsga, ijaraga berish, garovga qo’yish, boshqa korxonalar nizom jamg’armasiga hissa tariqasida kiritish va hokazolar).
Mas’uliyati cheklangan jamiyat. O’zbekiston Respublikasining “Mas’uliyati cheklangan hamda qo’shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to’g’risida”gi Qonuniga binoan: “Bir yoki bir necha shaxs tomonidan tashkil etilgan, Nizom jamg’armasi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo’lingan xo’jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi”.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo’yicha javobgar bo’lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog’liq zararlar uchun qo’shgan hissalari qiymati doirasida javobgar bo’ladilar.
Xo’jalik shirkati. O’zbekiston Respublikasining “Xo’jalik SHirkatlari to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq: “Muassislarning (ishtirokchilarning) ulushlariga (hissalariga) bo’lingan Nizom jamg’armasiga (ustav kapitaliga) ega bo’lgan tijorat tashkiloti xo’jalik shirkati hisoblanadi, bunday shirkatda muassislar (ishtirokchilar) yoki ulardan ayrimlari shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati yuritishda shaxsan ishtirok etadilar”.
Xo’jalik shirkati to’liq shirkat yoki kommandit shirkat tarzida tuziladi. Ishtirokchilari (to’liq sheriklari) o’z o’rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq, shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadigan holda uning majburiyatlari bo’yicha o’zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat to’liq shirkat deb hisoblanadi.
Xo’jalik shirkatini oliy boshqaruv organi shirkat ishtiroqchilarining umumiy yig’ilishi hisoblanadi. Umumiy yig’ilish vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat faoliyatining asosiy yo’nalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
ta’sis shartnomasiga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish;
shirkat foydasini (zararini) uning ishtirokchilari o’rtasida taqsimlash;
shirkat Nizom jamg’armasini (ustav kapitalini) ko’paytirish va kamaytirish;
yillik hisobotlarni va buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
shirkatning har bir ishtirokchisi shirkat nomidan ish yuritishga hakdidir. Shirkat ishlari uning ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritilsa har bir bitimni amalga oshirish uchun shirkat barcha ishtirokchilarning roziligi talab etiladi. Shirkat ishlarini yuritish uning ishtirokchilari tomonidan ulardan biri yoki ayrimlariga topshirilsa, qolgan ishtirokchiga shirkat nomidan bitimlarni amalga oshirish uchun shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan ishtirokchi (ishtirokchilar) dan ishonchnoma olinishi kerak.